O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi samarqand davlat universiteti o‘zbekiston-finlandiya pedagogika instituti xorijiy tillar va ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti


Lisoniy norma muammolarining o‘zbek tilshunosligida o‘rganilishi



Yüklə 141 Kb.
səhifə3/4
tarix28.06.2022
ölçüsü141 Kb.
#117280
1   2   3   4
Lingvistika nazariyasi kurs ishi

Lisoniy norma muammolarining o‘zbek tilshunosligida o‘rganilishi

O‘zbek adabiy tilining normalashish jarayoni ham va o‘zbek nutqi madaniyatining saviyasi ham o‘zbek tili rivojining yangi davrdagi bir xil kechmadi. Yana shuni qayd qilish kerakki, o‘zbek adabiy tili va uning normativ vositalarini normativ vositalarini o‘zlashtirish darajasi aholining hamma qatlamlarida ham bir xil darajada emas, lekin adabiy tilning o‘zbek lahja va shevalariga ta’siri sezilarli darajada bo‘ldi, shu boisdan ham umumxalq tilidan shevachilik xususiyati kamayib bormoqda. Bu esa o‘zbek adabiy tili butun o‘zbek xalqining mulki ekanligidan dalolat beradi.


Ma’lumki, nutq madaniyati masalalari adabiy tilning leksik, frazeologik, semantik, stilistik, imlo, talaffuz va boshqa normalari bilan uzviy bog‘liqdir. Bu normalarning shakllanishi va nazariy – amaliy jihatdan tadqiq qilinishi tilshunos olimlarning oldidagi dolzarb muammo hisoblanadi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, “Til normasi” va “Nutq madaniyati” sarlavhasi tagida yozilgan bir qator ishlarda tilshunoslikning boshqa sohalari o‘rganadigan masalalar yoritmoqda. Natijada til normasi va nutq madaniyatining aniq masalalari, jumladan, normaning obyekti, mezon va belgilari, shartlari va kategoriyalari, lisoniy va nolisoniy tomonlari, normadan chetga chiqishlarning har xil sabablari, uning tiplari masalalari esa e’tibordan chetda qolib ketmoqda.
Normadan chetga chiqishlarning sabablari va tiplarini aniqlash tilshunoslar oldidagi muhim vazifa hisoblanadi. Bu o‘rinda G‘.Abdurahmonovning mana bu mulohazasi diqqatga sazovordir: “Tilshunoslar oldida turgan muhim vazifa normadan tashqari, xato deb tushunadigan til faktlarini kollektsiya qilish emas, balki ularni sistemalashtirish, sababini aniqlash, tilda qo‘llanilayotgan, ammo normalashtirilmagan hodisalarni adabiy til normalariga zid bo‘lgan anormal hodisalardan farqlab borishdan iborat”.

Mana shu ma’noda o‘zbek nutqi adaniyati va o‘zbek tili normasi haqida professor S.Ibrohimov e’lon qilgan bir qator tadqiqotlar diqqatga sazovordir. U qayd qilingan mavzularda uchta risola yaratdi. Bu kitoblarda o‘zbek nutqi madaniyati va o‘zbek adabiy tili normalarining nazariy va amaliy muammolari haqida, adabiy til imlosi va talaffuzining progressiv tomonlari va mavjud nuqsonlari to‘g‘risida, nutq madaniyati va til normasi tushunchasiga oid muammolar, til va uning qadr-qiymati, til va tafakkur munosabati, tilning ijtimoiy mohiyati to‘g‘risida qiziqarli ilmiy fikrlar yuritadi. S.Ibrohimov mazkur risolalarda adabiy tilning leksik, morfologik, uslubiy va talaffuz normalari kabi dolzarb masalalarni bahs, muhokama doirasiga olib kiradi, muhim ilmiy-nazariy fikrlar bildiriladi.


O‘zbek adabiy tili normasi va nutq madaniyatining umumnazariy masalalari S.Ibrohimov, E.Begmatov, R.Qo‘ng‘irovlarning maqolalarida, leksik norma masalalari Sh.Shoabdurahmonov, A.G‘ulomov, O.Usmonov masalalarida, uslubiy norma G‘.Abdurahmonov, I.Qo‘chqortoyev, B.O‘rinboyev, M.Mukarramov, R.Qo‘ng‘urov, I.Toshaliyev, B.Umurqulovlarning kuzatishlarida, nutq madaniyatida lug‘atlarning o‘rni va roli S.Akobirov, T.Aliqulov, E.Fozilovlar ishlarida, tinish belgilarining ishlatilish normalari X.G‘oziyev, K.Nazarovalar ishlarida, alifbo, imlo va talaffuz nomlari S.Ibrohimov, A.Hojiyev, Sh.Raxmatullayev, E.Begmatov, A.Mamatovning maqolalarida tahlil qilindi.
Bir qator ishlarda normaning sotsiolingvistik muammolari (Q.Xonazarov), norma va variantdorlik masalasi (A.Boboyeva, M.Asomiddinova, A.Madvaliyev), adabiy norma va ileonazm mavzusi (R.Qo‘ng‘urov, N.Mahkamov), adabiy norma va paronimlar masalasi (I.Toshaliyev, E.Dadaxo‘jayev) va boshqa muammolar yoritilgan.
O‘zbek adabiy tili va normalarining takomillashuvida adiblarning roli haqida bir necha maqola va risolalar e’lon qilingan, jumladan, Navoiyning (A.Rustamov, B.Bafoyev, X.Doniyorov, S.Mutalibov, B.Umurzoqov), Boburning (X.Nazarova) Munisning (A.Matg‘oziyev), Furqat va Muqimiyning (A.Axmedova, X.Berdiyorov), Xamzaning (F.Kamol, X.Doniyorov, E.Begmatov, B.Turdialiyev), Abdulla Qodiriyning (F.Nasriddinov), Oybekning (Q.Samadov), X.Olimjonning (X.Doniyorov, Q.Samadov), Abdulla Qahhorning (I.Qo‘chqortoyev, T.Toshev, R.Qo‘chqortoyev) roli haqida fikrlar yuritgan.
Mamlakatimiz olimlari nutq madaniyati va til normasi muammolari notiqlik san'ati (S.Ibrohimov, R.Qo‘ng‘urov, E.Begmatov, S.Inomxo‘jayev, M.Turobova), targ‘ibotchilar va tashviqotchilar nutqi (B.O‘rinboyev, L.Xo‘jayeva, B.Umurqulov), nutq odobi (Sh.Rahmatullayev, E.Begmatov, S.Rizayev, M.Sodiqova), til estetikasi (X.Rustamov, S.Meliyev) jihatdan ham tadqiq qilinmoqdalar.
E.Begmatovning “Notiqning nodir boyligi” (Toshkent, 1980, 37-bet) risolasida targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boruvchi mutaxassislar uchun til boyliklaridan maqsadga muvofiq darajada foydalanish haqida, adabiy til va uning normalari haqida aniq ma’lumotlar berilgan. Ma’lumki, odatda, adabiy tilning qay darajada normalashganligini adabiy normaning holati belgilaydi. Lekin shuni nazarda tutish kerakki, adaby norma va til normasi tushunchalari bir xil ma’noga emas. Agar adabiy norma faqat adabiy tilga taalluqli bo‘lib va uning doirasida belgilansa, norma tushunchasi esa ancha keng ma’noni bildirib, tilning hamma sohalari va sathlariga tegishlidir. Shu boisdan ham risola tilning adabiy tildan boshqa yashash shakllarining o‘ziga xos lug‘aviy va uslubiy, grammatik normalarining mavjudligi qayd qilinadi. Muallif norma tushunchasini keng ma’noda sharhlab, dialekt shevalarni adabiy tildan, shuningdek, tillarni tillardan farqlab belgi bu norma tushunchasi ekanligini o‘zbek va tatar tillaridan keltirilgan misollar ko‘rsata olgan. Risola nazariy jihatdan ham muhim ahamiyatga molik bo‘lib, o‘zbek tilshunosligida adabiy normaning 7 ta tipini alohida ko‘rsatgan va ular uchun xos bo‘lgan xususiyatlar ham qayd qilingan.
O‘zbek tilshunosligining hozirgi bosqichida til normasining nazariy masalalarini kuzatish va tadqiq qilish eng muhim muammolardan biri hisoblanadi. Shu jihatdan kollektiv muallifining “Adabiy norma va nutq madaniyati” (Toshkent, 1983) kitobi juda katta ahamiyatga ega. Kitobda lisoniy normaga oid nazariy qism E.Begmatov tomonidan yozilgan bo‘lib, unda til normasi tushunchasi, umumnorma tushunchasi, umumnorma va xususiy norma, adabiy norma va uning xususiyatlari, belgilari, me’zonlari xozirgi davr tilshunosligi yutuqlariga asoslanib, chuqur tahlil qilingan va umumlashtirilgan. Kitobning shu qimida adabiy til normasini xarakterlovchi qo‘yidagi eng muhim belgi va mezonlar aniqlangan va sistemaga solingan: “adabiy til normasi real va obyektiv qonunlashtirilgan (kodifikatsiyalangan), tanlangan va baholangan, barqaror, turg‘un, konservativ, rivojlanuvchi (dinamik), an'anaviy izchil, tipik, umumtarqalgan, ya’ni kollektiv ravishda qo‘llaniladigan, variantli, qat'iy reglamentitsiya qilingan, uslubiy tarmoqlangan, yozuvda mustahkamlangan, standart, namunali va mo‘'tabar, umumxalq va haqchil, ko‘pchilik tomonidan ongli o‘zlashtirilgan, anglangan hamda tan olingan, funktsional zarur, madaniy-estetik jihatdan baholangan, dialekt va shevalarda ustun turuvchi normadir”1. Adabiy til normasining yuqorida qayd etilgan balgi va mezonlari o‘zbek adabiy tili materiallari asosida tahlil qilingan. Ana shu bobda, muallif o‘zbek adabiy tili normasining tiplarini umumiy tarzda:
1) yozma adabiy nutq normasi,
2) og‘zaki adabiy nutq normasini ajratadi va bu normalar tizimidagi leksik-semantik, talaffuz, aktsentologik, fonetik, grammatik (morfologik va sintaktik), so‘z yasalish, orfografik, grafik, punktuatsion, stilistik normalarini qisqacha tavsiflaydi.
Kitobning “Norma va uslub” bo‘limida uslubiy normalar til normalari bilan bir qatorda turmaslik, balki uslubiy norma til normalarining funktsional, ya’ni nutqiy jarayondagi yashash normalari ekanligini, bu hollar xar bir konkret norma uchun alohida-alohida taalluqli ekanligi ta’kidlangan. Kitobning keyingi boblarida adabiy norma konkret ko‘rinishlari o‘zbek tili materiallari asosida tadqiq qilingan.
1988 yilda E.Begmatov, A.Boboyeva, M.Asomiddinova, B.Umurqulovlar “O‘zbek nutqi madaniyati ocherklari” kitobi nashrdan chiqdi. Bu ish ushbu maulliflarning “Adabiy norma va nutq madaniyati” tadqiqotlarining bevosita mantiqiy davomida bo‘lib, kitobda nutq madaniyati sohasining maqsad va vazifalari, nutq madaniyati tushunchasining mohiyati, uning paydo bo‘lish tarixi, ilmiy tadqiq etish jihatlari, boshqa lisoniy sohalar (leksika, stilistika, frazeologik, grammatika va boshqalar) bilan munosabati, ulardagi o‘xshashlik, aloqadorlik va farqli tomonlar, nutq madaniyati sohasining o‘rganish obyekti, mazmuni, mezon va o‘lchovlari, shartlari va kategoriyalari, uning lisoniy va nolisoniy tomonlari haqida atroflicha fikr yuritilgan.
Nutq madaniyati sohasining nazariy muammolariga oid ushbu tahlillar E.Begmatovning qalamiga mansubdir. Nutq madaniyati sohasining “asosiy tekshirish ob'ekti adabiy til normasidir, uning shakllanish, rivojlanish, stabillashuv qonuniyatlaridir”, - deb yozadi E.Begmatov. Shuningdek, shu asosda nutq madaniyati adabiy norma va undagi normativ vositalarining istiqbolligini ham aniqlash lozimligi uqtiriladi.
Kitobdan o‘zbek nutqi madaniyati sohasi oldida turgan dolzarb nazariy va amaliy muammolar qo‘yidagicha tasnif qilingan:
1) nutq madaniyatining umunazariy profblemalari;
2) yozma nutq madaniyati problemalari;
3) og‘zaki nutq madaniyati problemalari;
4) nutq madaniyatining ilmiy-amaliy problemalari.
E.Begmatov tomonidan aytilgan bu masalalarning zarurligi va dolzarbligi shubxasizdir va xozirgi zamon tilshunoslik fanining kun tartibidagi o‘z yechimini kutayotgan asosiy vazifalardandir. Darhaqiqat, o‘zbek tilshunosligida yuqorida keltirilgan muammolar hanuzgacha ilmiy jihatdan atroflicha o‘rganilgan va tadqiq qilingan emas.
Keyingi yillarda o‘zbek tilshunosligida bir qator ilmiy ishlar yuzaga keldiki, bunda o‘zbek adabiy tili normasining alohida masalalari tadqiq qilingan. Jumladan, A.Madvaliyevning “O‘zbek ximiya terminologiyasi va uning normalashuvi masalalari” (Toshkent, 1986) nomli nomzodlik dissertatsiyasida o‘zbek tili kimyo atamalarining holati tanqidiy baholangan va normalash bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berilgan.
R.Qo‘ng‘irov, S.Karimov, T.Qurbonovlarning uch qismdan iborat “Nutq madaniyati asoslari” qo‘llanmasida ham o‘zbek adabiy til normasi va nutq madaniyati masalalariga nazariy va amaliy jihatdan yondashilganligini kuzatamiz. Ushbu ishning birinchi qismida nutq madaniyati kursi, uning maqsad va vazifalari, hozirgi o‘zbek adabiy tili va nutq madaniyati, adabiy tilning normativligi masalalari haqida fikr yuritilgan, ikkinchi qismida, hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilining stilistik va nutq madaniyati, nutqning asosiy xususiyatlari kabi mavzular yoritilgan bo‘lsa, uchinchi qismda tilning tasviriy vositalari va nutq madaniyati, ommaviy leksiyalar, ma’ruzalarda nutq madaniyati kabi masalalar o‘z tahlilini topgan.
1970-1990-yillar davomida Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan uslubiyat va nutq madaniyati masalalariga bag‘ishlangan bir turkum ilmiy to‘plamlar tayyorlandi va nashr etildi. Bu to‘plamlarda o‘zbek adabiy tili normasining ba’zi tomonlari, nutqiy uslublar va nutq madaniyati muammolariga bog‘liq holda talqin etilgan maqolalar mavjud.
1990- va 1993-yillarda Termiz davlat universitetida o‘zbek nutqi madaniyatining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ilmiy konferentsiyalar bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanlarning materiallari “O‘zbek nutqi madaniyatining dolzarb masalalari” va “Nutq madaniyati masalalari” nomi bilan nashr etildi. Bu ishlarda ham o‘zbek tili, adabiy til bilan shevalarning o‘zaro munosabati, adabiy normadan chekinishlarni ifoda etuvchi nutqiy nuqsonlarni bartarf qilish yo‘llari hqida e’tiborga loyiq fikrlar mavjud.
O‘zbek tilining adabiy talaffuz normalari deyarli tadqiq qilinmagan sohalardan biri bo‘lib, uning xalq sheva va lahjalar bilan bog‘liq muammolari Sh.Shoabduraxmonov tomonidan, orfoepik qoida va normalar qisman Faxri Kamolov, S.Ibrohimov, O‘.Usmonova, E.Begmatovlar tomonidan o‘rganilgani ma’lum.
Orfoepik qoidalar bo‘yicha O.Usmonov, S.Otamirzayeva, I.Inomxo‘jayev, L.Xo‘jayeva va boshqalar yozgan ba’zi maqolalar ham mavjud. 1970 yillardan boshlab, o‘zbek adabiy talaffuzini amaliy jihatdan normalash ishigaham kirishadi. M.Sodiqova, O‘.Usmonovalarning “O‘zbek tilining orfoepik lug‘ati” (Toshkent 1977) va kollektiv mualliflarning “O‘zbek adabiy talaffuzi lug‘ati” (Toshkent: Fan, 1984) kitoblari mana shuning natijasi bo‘ldi.shunga qaramasdan, o‘zbek adabiy talaffuzi va uning normalari bu sohasi normalashning imkoniyatlariga doir masalalar hali qoniqarli ravishda o‘rganilgani yo‘q. O‘zbek adabiy talaffuzining nutqiy-lisoniy asoslari, o‘zbekcha madaniy, tug‘ri deb hisoblanuvchi nuqtning namunaviy ko‘rinishlari, adabiy talaffuzni normalashning imkoniyatlari kabi ko‘pincha nazariy muammolar o‘z yechimini kutib turibdi.
Ma’lumki, o‘zbek tilshunoslarining ko‘pgina kuchi va g‘ayrati 1920-yildan to hozirga qadar o‘zbek alifbosi, imlosi, imlo qoidalarini normalashga sarflandi. Bu o‘zbek tilshunosligi tarixida butun bir davr bo‘lib, bu sohada so‘zsiz yutuqlar bilan birga ko‘pgina munozarali o‘rinlar, chalkashlik va xatoliklar ham mavjud. Mana shu ilmiy hamda amaliy ahamiyatga molik tajribani o‘rganish ularnichuqur tahlil qilgan holda ilmiy umumlashtirish o‘zbek grafik hamda imloviy normalarini yanada takomillashtirish uchun alohida ahamiyatga egadir. Shu ma’noda H.Jamolxonov tomonidan olib borilayotgan izlanishlar diqqatga moliqdir.
Keyingi yillarda o‘zbek tilshunosligida nutq madaniyati sohasiga qiziqishning kuchayishi adabiy til va adabiy norma muammolari yuzasidan uzluksiz va izchil fikr yuritishga olib keldi. Nutq madaniyati sohasidagi oid o‘quv dasturlarida “adabiy tilning normativligi”, “adabiy til normativligining tiplari va nutqiy xatoliklar”, “o‘zbek adabiy tili-o‘zbek nutqi madaniyatining asosi”, “nutq madaniyati va adabiy norma” haqida tushuncha berilgan.
Yuqorida tilga olingan dasturda “adabiy normalarni va normativ qoidalarni egallash – nutq madaniyatiga erishishning muhim omili”,-degan jumlalar mavjud. O‘zbek uslubiyati va nutq madaniyati yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘zgarishni ko‘zda tutuvchi dasturlarni ham adabiy normani egallashga xizmat qiluvchi mashg‘ulotlarga asosiy o‘rin berilganini ko‘ramiz.
O‘zbek tilshunosligida 1965-yillardan boshlab nutq madaniyati sohasiga alohida e’tibor berila boshlagani, shu munosabat bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi sobiq Til va adabiyot institutida maxsus “Nutq madaniyati” bo‘limi ochilganini eslatib o‘tgan edik. Shu paytdan boshlab o‘zbek tilshunoslarining nutq madaniyati sohasiga, bu muammoga oid nazariy adabiyotlarni o‘rganish va tahlil qilishga e’tibor ham kuchaydi. Buning natijasida nutq madaniyati muammosiga oid, jumladan uslub va lisoniy normaga tegishli adabiyotlarning bibliografik ko‘rsatkichlarini tuzishga olib keldi. Bu borada Samarqand tilshunoslarining xizmati diqqatga sazovordir. Til va nutq madaniyati mohiyatan lisoniy norma bilan bog‘liqligi, norma madaniy – adabiy nutqining asosiy omili ekanligi oydinlasha borgan sari nutq madaniyatining bu bibliografik ko‘rsatkichlarida til normasiga munosib o‘rin ajratilgani, hattoki ko‘rsatkichlarda adabiyotlar tasnifi normaga bog‘langani holda – imlo va norma, talaffuz va norma, intonatsiya va norma, urg‘u va norma, punktatsiya va norma, o‘zlashmalar va norma, dialektologiya va norma yoki leksik norma, stilistik norma, frazeologik norma tarzida tasnif qilinishini ko‘ramiz.
Nutq madaniyati va uslubiyatiga oid o‘quv rejalarining tuzilishi o‘z navbatida, qonuniy ravishda bu sohalarning o‘quv qo‘llanmalari va darsliklarini yaratishga olib keldi.
1983-yilda nashr qilingan “O‘zbek tili stilistikasi” kitobida badiiy til normalari va uning asosiy xususiyatlari haqida ma’lumot berilgan. Unda qayd qilinishicha “Til normasi katta ijtimoiy ahamiyatga ega. U tilda doimo sodir bo‘lib turadigan o‘zgarishlarga bardosh berib, uni buzilishlardan saqlaydi, avlodlar o‘rtasidagi alokani, turli davrlardagi madaniy nutqiy an'analar izchilligini ta’minlaydi”2. Ishda adabiy normaga xos barqarorlik, rivojlanuvchanlik, variantdorlik kabi xususiyatlar haqida qisqacha ma’lumot berilgan. Mazkur qo‘llanmada birinchi bor lisoniy normaga xos ba’zi murakkab tomonlar tilga olingan: “Normada til ichki taraqqiyot qonunlarining aks etishi ham juda murakkab masalalardan biridir. Bu masalani xal etishda tilshunos olimlar turlicha nuqtai nazar va qarashlari bayon qilish bilan birga bir qancha muammo va savollarni o‘rtaga tashlaydi. Chunonchi, normaning tabiati, mohiyati ob'ektivmi? Norma tilning ijtimoiy xarakteri bilan bog‘liq bo‘lmagan, uning ichki xususiyatlarini aks ettiruvchi odat, taomilmi, yoki nutq praktikasining “didi”, ta’bi” asosida belgilanadigan qonun-qoidami? Nega normani “buzuvchi” bir fakt keyinchalik til normasiga aylanadi-yu, boshqalari esa uzoq muddat yashab kelishiga qaramay, xato sanalib, adabiy til normasi sifatida qabul qilinmaydi? Bunday holda tilning ichki, obyektiv xususiyati namoyon bo‘ladimi yoki hamma gap tunqiy did, madaniy an'anadami, til faktining normaga aylanishiga sababchi bo‘lgan shaxsning e’tiborli va mashhurligidami?” tilga olingan savollarga o‘zbek tilshunosligida keyinchalik yozilgan ishlarda javob topishga harakat qilindi.
1985-yilda E.Qilichevning “O‘zbek tilining praktik stilistikasi” kitobi bosmadan chiqdi. Unda o‘zbek tili uslubiyatining asosiy masalalari, uslubiy normalarini egallashning yo‘llari yoritildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida 1966-yilda tashkil qilingan “Nutq madaniyati” bo‘limi xodimlarining o‘zbek nutqi madaniyatiga oid sermashaqqat izlanishlari o‘zbek tilshunosligida nutq madaniyatining alohida ilmiy soha sifatida shakllanishiga zamin bo‘ldi. Shunisi diqqatga sazovorki, nutq madaniyati bo‘limi ilmiy xodimlari o‘z nazariy tadqiqotlarida nutq madaniyatiga erishishning asosiy yo‘li adabiy til normasi bilan bog‘liqligini nazariy jihatdan asoslashga urindilar. Shu sababli ularning 1983-yilda nashr qilingan “Adabiy norma va nutq madaniyati” kitobidagi adabiy til va adabiy normaga oid nazariy tahlillar va ilmiy nuqtai nazarlar “O‘zbek nutqi madaniyati ocherklari” deb nomlangan boshqa bir tadqiqotda nutq madaniyati sohasining dolzarb muammolari bilan bog‘langan holda yanada chuqurroq tahlil qilindi. Ushbu ishning “Nutq madaniyati sohasi” qismi E.Begmatov tomonidan yozilgan bo‘lib, u nutq madaniyati tushunchasi va sohasining mohiyati, maqsad va vazifalari haqida keng fikr yuritgan. U “nutq madaniyati nazariyasidagi markaziy tushuncha normadir” deyilgan ta’limotga qo‘shiladi va adabiy normani nutq madaniyati nuqtai nazardan o‘rganishning muhim va murakkab muammolarini keng tahlil qildi.
Nutq madaniyati va adabiy normaga oid izlanishlar nazariy yo‘nalishlardan asta-sekin ilmiy-amaliy yo‘nalishlarga, konkretlikka yaqinlashib bordi. Buni E.Begmatov, M.Tursunpo‘latovlarning “O‘zbek nutqi madaniyati asoslari”, T.Qudratovning “Nutq madaniyati asoslari” kitolarining bunyodga kelishidan bilish mumkin.
E.Begmatov, M.Tursunpo‘latov nutqi madaniyati, uning asosiy mezon va kotegoriyalari, nutq madaniyatiga erishish yo‘llari haqida fikr yuritishar ekan adabiy norma, uning mohiyati, adabiy normaning asosiy tiplarini tahlil qilishga keng o‘rin ajratishadi va nutq madaniyati sohasining asosiy nazariy ob'ekti normadir, adabiy normadir, degan xulosani izchil ravishda ta’kidlashadi: “nutq madaniyati sohasining asosiy tekshirish ob'ekti adabiy til normasidir, bu normaning shakllanishi, barqarorlashuvi qonunlarini tadqiq qilishdir”, “Norma nutq madaniyati nazariyasida, unga taalluqli masalalar o‘rtasida markaziy o‘rin tutgan asosiy tushunchadir”, “Norma nutq madaniyati nazariyasida, unga taallqli masalalar o‘rtasida markaziy o‘rin tutgan asosiy tushunchadir. Ayni vaqtda u tilshunoslikning eng murakkab muammolardan biridir”.
Til normasining nutq madaniyati va uslublarga bog‘liqligi, uning lisoniy asosi va mezonini tashkil etish haqida yuqorida tahlil qilingan ishlarda E.Begmatov tomonidan oldinga surilgan fikrlar “Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari” kitobida yanada konkret tahlil qilindi. Kitobning “O‘zbek adabiy tili – nutq madaniyatining asosi” qismida til normasi, uning ko‘rinishlari, xususiyatlari, jumladan adabiy normaning mohiyati, ahamiyati, u tayanuvchi mezonlar haqida keng ma’lumot berilgan.
Til normasi va adabiy norma nazariyasi sohasida o‘zbek tilshunosligida olib borilgan ishlar, qonuniy ravishda o‘zbek adabiy tili normalari konkret olib o‘rganish lozimligini ko‘rsatdi. Natijada muammoga oid konkret tadqiqotlar yuzaga kela boshladi, A.E.Mamatov, A.Abdusaidovlarning ishlarini mana shunday izlanishlar jumlasiga kiritish mumkin. 1991-yilda A.E.Mamatovning “Hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida leksik va frazeologik norma muammolari” nomli monografiyasi e’lon qilindi. Bu ishda o‘zbek adabiy tilining lug‘aviy va frazeologik normalari nazariy planda o‘rganilgan. Shu sababli monografiyada dialektizmlar okkazinalizmlar, pleonazm, paronimlar, baynalminal so‘zlar va leksik takrorlarning adabiy normaga munosabati asosiy tahlil ob'ekti bo‘lishi bilan bir qatorda ishning birinchi bobida til normasining nazariy muammolarini o‘rganish markaziy o‘rin tutgan. Ushbu munosabat bilan kitobda til normasi tushunchasi, lisoniy normalar sistemasi va adabiy norma hodisasining mohiyati, adabiy normaning tiplari va ular tayanuvchi asosiy xususiyatlar, lisoniy va nolisoniy mezonlar, talablar haqida keng fikr yuritilgan hamda adabiy normadan chetga chiqishlar, normani buzuvchi holatlar, buning sabablari izohlangan.
O‘zbek tilshunosligida til normasiga oid nazariy ishlar ta’sirida alohida olingan uslubga xos normativ xususiyatlarni o‘rganishga harakat qilish A.Abdusaidovning o‘zbek gazetalari tiliga bag‘ishlangan izlanishlarida yorqin ko‘rinadi. Uning “Gazeta tili va adabiy norma” mavzusida 1988-yilda himoya qilingan nomzodlik dissertatsiyasi “Adabiy norma va nutq madaniyati” tadqiqotlaridagi normaga oid nazariy xulosalarga tayanib ish ko‘rgani yorqin seziladi. Buni A.Abdusaidovning “Gazeta tili va adabiy norma” nomli risolasi ham tasdiqlaydi.

Ma’lumki, o‘zbek alifbosi, imlosi muammolari, uning amaliy masalalari o‘zbek tilshunosligi tarixida doimo yetakchi o‘rin egallab keldi. O‘zbek alifbosi, imlosi, punktuatsiyasini normalash ishiga tilshunoslar katta mehnat sarflashdi va ko‘psonli maqolalar, risolalar, qo‘llanmalar, ma’lumotnomalar, e’lon qilindi. Shunga qaramasan, 1956-yili qabul qilingan “O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” yuzasidan munozaralar uzluksiz davom etib keldi. Darhaqiqat bu qoidalar o‘z davri imkoniyatlari doirasida yaratilgan bo‘lib, undagi bir qator qoidalar ham nazariy, ham amaliy jihatdan yetarli asoslanmagan yoki eskirgan edi. Shu sabali bu qoidalarni, shuningdek o‘zbek alifbosidagi nuqsonlarni bartaraf etish taklif va munozaralar ham uzluksiz davom etaverdi. Ammo bu istaklarni ro‘yobga chiqarish sotsiolistik mafkura sharoitida amalga oshmay qolaverdi. Chunki rus grafikasi asosidagi o‘zbek alifbosiga va unga moslangan imlo qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish, uni takomillashtirishga intilish u vaqtlar rus tiliga qarshi harakat deb tushunilar edi.


O‘zbek tili imloviy va punktuatsiya normalarini takomillashtirishdan amal qilingan ilmiy asoslar va tamoyillar shuningdek, “Asosiy qoidalar”ni muhokama qilish jarayonidagi takliflarga munosabat loyiha mualliflari tomonidan yanada takomillashtirildi va “O‘zbek orfografiyasi va punktuatsiyasining asosiy qoidalari” loyihasi 1988-yil 30-yanvar kuni matbuotda e’lon qilindi.
Imloni takomillashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar mana shu bosqichda vaqtincha to‘xtab qoldi.
O‘zbek yozuvi lotin grafikasi negizidagi alifboga ko‘chirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil dekabr oyidagi qaroriga binoan “O‘zbek orfografiyasining yangi qoidalarini ishlab chiqishni amalga oshiruvchi ishchi guru” tuzildi va unga lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga imlo qoidalarini yaratish topshirildi. Ishchi guruhi tarkibiga A.Hojiyev, E.Begmatov, Sh.Shoabdurahmonov, Sh.Rahmatullayev, N.Mahmudov, K.Nazarov, Y.Abdullayev, S.Otamirzayev va S.Hakimovlar kirdi.
Ishchi guruh 82 moddadan iborat “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ni tuzishdi. Ushbu “Asosiy qoidalar” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 1995 yil 24 avgust, 339-son qarori bilan tasdiqlandi va matbuotda 1995 yil 6 sentyabrda e’lon qilindi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tasdiqlangan qoidalar negizini 1981, 1988 yillar tuzib takomillashtirilgan loyihalar tashkil qiladi.
Yangi imlo qoidalarining qabul qilinishi joriy o‘zbek imlo qoidalaridagi kamchilik va nuqsonlarni qanchalik bartaraf eta olgani, uning o‘zbek tili imloviy normalari takomiliga qay daradaja ta’sir eta olishini kelajak tajribalari ko‘rsatadi. Hozirda joy nomlarini lisoniy, madaniy-ma’rifiy boylik sifatida muhofaza qilish, uning imloviy normalarini yaratish, imloviy lug‘atlarini tuzish ishiga jiddiy e’tibor berilmoqda.
O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi va istiqbol yo‘liga dadil qadam tashlashi o‘zbek tilining grafik va imloviy normalarini yanada takomillashtirishga imkoniyat yaratdi. O‘zbek alifbosini takomillashtirishda ikki yo‘l mavjud edi: birinchi, krill yozuviga asoslangan joriy o‘zbek alifbosini isloh qilish, unga qo‘shimcha harflar kiritshi, alifbodan o‘zbek tili uchun xos bo‘lmagan ba’zi xarflarni chiqarib yuborish yo‘li; ikkinchisi, krill asosidagi alifbodan voz kechish va o‘zbek yozuvi uchun hozirgi davr ehtiyojlarini to‘laroq qondira oladigan boshqa bir alifbo tizimiga o‘tish yo‘li.
Lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga o‘tish haqidagi fikrni ko‘pchilik maqulladi va buning afzallik tomonlari tilshunoslar yozgan maqolalarda asoslab berildi.
Lotin yozuviga o‘tish masalasi hal bo‘lgan bo‘lsa-da, yangi alifbo qanday bo‘lishligi haqidagi manozaralar davom etdi. Bunda ikki nuqtai nazar ko‘zga tashlanadi:
1) O‘zbek yozuvida 1930-1940 yillarda qo‘llanilgan lotin alifbosiga qaytish va uni qabul qilish haqidagi takliflar;
2) lotin yozuvi asosidagi yangi o‘zbek alifbosi loyihasini yaratish haqidagi fikrlar.
Yangi alifboning qanday harakterda bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida ham ikki xil fikr oldinga surildi. Bu guruh olimlar yangi alifbo o‘zbek tili xususiyatlaridan kelibchiqishi lozim, uning tovush tizimini mukammal ifodalash kerak, u o‘ziga xos bo‘lishi kerak deb hisoblashdi. Boshqa bir guruh tilshunoslar yangi alifboni tuzishda zamonaviy fan-texnika talablari hisobga olinishi lozim degan fikrni oldinga surishdi. Keyinchalik qabul qilingan alifboda ko‘proq ikkinchi fikr ustunlik qilganini ko‘ramiz.
Tilga e’tibor endilikda mustaqil O‘zbekiston davlati madaniy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan birini tashkil etmoqda. Bu siyosatning negizini o‘zbek adabiy tilining ijtimoiy huquqlari va mavqeini to‘la tiklash, adabiy tilni yanada rivoj toptirish, uning lisoniy normalarini yanada boyitish, silliqlash va takomillashtirish, tilning halq madaniyati va ma’naviyatining ulug‘ xazinasi bo‘lmish lug‘aviy boyliklarini avaylab asrash, tildagi qadimiy xalqona an'analar, milliy-lisoniy ruhni tiklash, boyitish va uni muhofaza qilish kabi to‘g‘ri va izchil yo‘l tashkil qiladi.


Xulosa

Mustaqil O‘zbekiston til siyosatining negizlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining til masalalariga oid farmonlari va nutqlarida, O‘zbekison Oliy Majlisi, Respulika Vazirlar Mahkamasi davlat tili, alifbo, imlo, terminologiya, toponimiya yuzasidan qabul qilgan qonunlar, qarorlar hamda davlat dasturlarida o‘z ifodasini topmoqda.


Keyingi besh yil ichida davlat tili, terminologiya, yangi alifbo va imlo, toponimiya bo‘yicha qabul qilingan Qonun va Qarorlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi bir necha respublika komissiyasining tuzilgani O‘zbekiston xukumatining til sohasiga katta e’tibor bilan qarayotganligining yorqin dalilidir.
Til sohasida olib borilayotgan nazariy va amaliy ishlarning ro‘yoyuga chiqishi hamda istiqbolli bo‘lishi ko‘p jihatdan bu borada qilinayotgan ishlarning ilmiy asoslarga qo‘yilishi, yetarli ravishda ilmiy asoslangan bo‘lishiga bog‘liqdir. Mana shunday ilmiy asoslilik negizini o‘zbek adabiy tili normalariga to‘g‘ri munosabat, uning yashash qonun va qoidalarini yetarli ravishda hisobga olgan holda ish tutish tashkil etadi.
Mazkur kurs ishida biz, asosan, til normasiga bag‘ishlangan ilmiy adabiyotlarni ko‘zdan kechirdik va ulardagi fikrlarni tahlil qildik. Ishning bundan keyingi qismlarida mualliflar til normasi tushunchasi, jumladan, adabiy normaning mohiyati, adabiy normaning tiplari, adabiy norma tayanadigan lisoniy va nolisoniy mezonlar, bu tushunchalarning o‘zbek adabiy tili normalari tizimidagi ko‘rinishlari, adabiy norma va o‘zbek nutqi madaniyati muammolari kabi masalalarni yoritishni ko‘zda tutmoqda.

Yüklə 141 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin