“MIRZO ULUG‘BEK” TRAGEDIYASIDA SHAXS FOJIASI TALQINI
I Bob: Maqsud Shayxzoda va o‘zbek dramaturgiyasi 1.1 O‘zbek dramaturgiyasi haqida gap borganda Maqsud Shayxzodani alohida e’tirof etish lozim.Chunki uning asarlari hali hanuz inson qalbining eng nozik cho‘qqilarini zabt eta olgan. U o‘zbek adabiyotini «Jaloliddin Manguberdi» (1944), «Mirzo Ulug‘bek» (1964) nomli tarixiy dramalar bilan boyitdi.Ikkala drama ham o‘zaro tarixiy buyuk shaxslar hayotini aks ettirishi bilan bir-biriga o‘xshab ketadi.
XX asr o‘zbek adabiyotining yorqin siymolaridan biri – Maqsud Shayxzoda shoir, dramaturg, adabiyotshunos olim, tarjimon, muallim sifatida adabiyotimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi.Uning o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, mumtoz va qardosh xalqlar adabiyoti namoyondalari xususidagi maqolalari ham badiiy-estetik, nazariy tafakkur taraqqiyotida salmoqli o‘rin egallaydi.1 Dramaning adabiy tur sifatida o‘ziga xos xususiyatlaridan biri , uning sahnada ijro etilishi hisoblanadi. Shu sababdan dramatik asarlarda kishilar obrazi faqat harakatda ifodalanadi, o‘zaro so‘zlashuvlarida, bu holat qahramonlarning bahs va munozaralarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun drama janri so‘z san’atiga mansub bo‘lsa ham, sahnada ijro etilishi bilan roman va qissa janridan farq qiladi. Dramada har bir obraz o‘z xarakteriga xos xislatlarni jonli tili, hatti-harakati orqali namoyish qiladi. Shunga ko‘ra, dramada muallif nutqi bo‘lmaydi, balki uning nutqi qavs ichida izohlanadi. Kitobxon yoki tomoshabin dramada sodir bo‘layotgan qahramonlarning o‘zida payqab oladi. Binobarin dramaturg o‘z qahramonlarining hayoti haqida hikoya qilmaydi, balki ularni harakatda ko‘rsatadi. Dramatik janr asarlari adabiyotning eng murakkab shakli bo‘lib, unda har bir shaxs muallifning izohisiz, o‘z so‘zi va ismi bilan harakat qiladi, harakat , qarama-qarshilik va dialoglar qahramonlarning xarakterini ochishda asosiy vosita sanaladi. Dramatik asar qahramonlari o‘zlarini faqat harakatda namoyish qiladilar, ularning nutqi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, xatti-harakati bilan bevosita bog‘lanadi. Dramatik asarlarda ohang, pauza va ovozning baland - pastligi katta ahamiyatga ega bo‘lib, nutqning o‘ziga xos bu xususiyati sahnada yanada aniqroq ko‘rinadi.
Dramaturg qahramonlarning harakatini ochib berish uchun zarur bo‘lgan voqea-hodisalarnigina ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, tanlab olingan voqea-hodisalar dramada ishtirok etuvchi shaxslar o‘rtasidagi qarama- qarshilikni asoslash uchun xizmat etadi. Tasvirlangan masalaga bevosita aloqasi bo‘lmagan yoki harakat rivojini susaytiruvchi hayotiy dalillar olinmaydi. Shuning uchun ham dramada biror hayotiy voqea boshdan - oyoq batafsil tasvirlanmaydi, unda inson hayotining eng muhim nuq’talari aks ettiriladi, ya’ni dramaturg o‘z g‘oyaviy niyatlariga qarab butun voqealarni shunday markazlashtiradiki, tomoshabin katta-katta voqealar mohiyatini kichkina shtrixlardan ham anglab oladi.
Drama syujeti o‘zining rivojlanish tezligi va g‘oyat siqiqligi bilan xarakterlidir. Dramatik asar syujeti o‘ziga xos bu xususiyati bilan nasriy asar syujetidan farq qiladi.
Shuningdek, dramatik asar nasriy va lirik asardan teatr uchun yoziladiganligi va sahnada ijro etilishi bilan farq qiladi.Dramatik asar syujeti hayotiy qarama-qarshiliklar asosida quriladi, hayotiy kurashlarni aks ettirish o‘ringa qo‘yiladi. Yuqorida qayd qilingan xususiyatlariga qarab maktabda dramatik asarni o‘rganish usullari belgilanadi.
Dramatik asarni o‘rganishda o‘quvchining kirish so‘zidan keyin, nasriy asarlarni o‘rganishda bo‘lgani kabi, u sinfda va uyda o‘qiladi, so‘ngra matn ustida ish olib boriladi. O‘zbek adabiyotining atoqli vakili Maqsud Shayxzodaning «Mirzo Ulug‘bek» fojiaviy asari endilikda o‘rta maktab adabiyot dasturidan mustahkam o‘rin olgan asarlardan biri bo‘lib qoldi.Tragediya qahramonlarining ilojsiz vaziyatdagi og‘ir kolliziyalari (qarama-qarshi kuchlarning murosasiz kurashlari) asosida oqibati fojia bilan tugaydigan dramatik janr hisoblanadi. Demak, fojiaviy asar ayovsiz kurash, o‘tkir ziddiyat, favqulodda keskin qarama-qarshilik zamini bo‘lgan asardir.
Unda xarakter va ehtiroslarning kurashi aks etadi, yirik tarixiy fojialar, davrlarning almashinuvi kabi ukan hodisalar tasvirlanadi.
«Tragediya, - deydi V.G.Belinskiy, - dramatik poeziyaning oliy bosqichi va gultojidir.Shuning uchun ham tragediya dramatik poeziyaning butun mohiyatini o‘z ichiga oladi, uning hamma elementlarini qamraydi.Tragediyaning mohiyati kolliziya, ya’ni qalbning tabiiy, jarayoni, maylning axloqiy burch yoki daf qilinmas bir to‘siqlik bilan to‘qnashuvidir». Jaloliddin Manguberdi- tarixiy shaxs (1198-1231). xorazm shohi Muhammadning o‘g‘li. U umrining so‘nggi o‘n yilida Xorazmshohlar davlati hukmdori esa-da, Chingiz boshliq mo‘g‘ul bosqinchilarining quvg‘ini tufayli, hayotining bu davridagi asosiy qismini lashkarlari va saltanati bilan yurt sarhadlaridan olisda o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Jaloliddin mo‘g‘ul qo‘shinlariga qaqshatqich zarbalar bergan, Vatan ozodligi uchun kurashlar olib borgan, lekin kuchlar teng bo‘lmagani bois chekingan.1231-yilda qaroqchi kurdlar qo‘lida halok bo‘lgan.«Jaloliddin Manguberdi» dramasida Shayxzoda Vatan erki, mustaqilligi uchun fidoyilarcha kurash olib borgan mana shu jasur sarkarda qiyofasini badiiy gavdalantirdi.Jaloliddin Manguberdi Amir Temurga ham ibrat bo‘lgan buyuk siymodir.Ma’lumki, sho‘ro davrida, o‘tmishdagi xon, sulton, hukmdorlarimiz nechog‘lik buyuk va vatanparvar bo‘lishidan qat’iy nazar, yoppasiga qoralab kelindi. Chunki sho‘rolarga buyuklarimizdagi xuddi ana shu vatanparvarlik qudrati ma’qul kelmas, ota-bobolarimizdagi ana shu buyuk xislat yangi avlodlarga o‘tishini istamas edilar.Sho‘rolar qatag‘on qilgan bunday ulug‘ siymolar nomi mustaqillik davriga kelib tiklandi. O‘zbekiston hukumati xalqning bu jasur farzandi nomini abadiylashtirish maqsadida «Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida» (1998) maxsus qaror qabul qildi, O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan (2000) «Jaloliddin Manguberdi» ordeni ta’sis etildi.
Vatanparvarlik hissiyoti jo‘sh urib yozilgan Maqsud Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» dramasi 1945-yilda Hamza nomidagi O‘zbek davlat drama teatri tomonidan muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilganiga qaramay, ko‘p o‘tmay, sahnadan olib tashlandi. Muallifga esa o‘tmishni, xonlarni, beklarni, feodalizmni oqlash va yoqlash tamg‘asi yopishtirildi. Bu «aybnoma» nohaq qamalishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Dramaning ayrim parchalarigina yozilgan kezlari nashr etildi. Muallif hayotlik chog‘ida, biror marta to‘lig‘icha chop qilingani yo‘q. To‘lig‘icha ilk bor o‘zbek tilida dramaturg vafotidan yigirma bir yil o‘tgach (1988) bosmadan chiqdi.
«Jaloliddin Manguberdi» dramasida ona-Vatan uchun, uning ozodligi uchun bosqinchilarga qarshi kurash olib borgan jasur sarkarda, buyuk hukmdor siymosi o‘zining, ayniqsa, tabiiy, jonli tasvirlanishi bilan ajralib turadi. Tasvirdagi qahramon tabiiyligini ta’minlovchi muhim hayotiy omillar bor, albatta.Ma’lumki, hayot, insonlararo munosabatlar kurash, nizo, ziddiyatlarsiz bo‘lmaydi. Jaloliddin qo‘shinida lashkarboshilar aro ana shunday ziddiyatlar kuchli edi. Shayxzoda o‘z qahramoni Jaloliddinni ana shunday ziddiyatlar girdobida gavdalantiradi. Bu esa qahramonning hayotiyligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi..Mana shu vaziyatda Jaloliddinning o‘zini tutishi, mardligi, insoniyligi yanada yorqinroq ochiladi:
Jaloliddin: (tojini taxt oldiga qo‘yadi)
Kishi tug‘ilmaydi boshda toj bilan,
Tug‘ilar u erkka ehtiyoj bilan, Boshimning tojidur onamga qasam1