448-modda. Soliq to‘lash tartibi Oldingi tahrirga qarang. Soliq davri mobaynida soliq to‘lovchilar soliq bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘laydi, bundan qishloq xo‘jaligi korxonalari, O‘zbekiston Respublikasida faoliyatini doimiy muassasalar orqali amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek dehqon ho‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi yerlariga hamda tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlariga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar mustasno.
(448-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi) Oldingi tahrirga qarang. Bo‘nak to‘lovlar miqdorini hisoblab chiqarish uchun soliq to‘lovchilar joriy soliq davrining 20-yanvaridan kechiktirmay, yangi tashkil etilganlari esa davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay, suvdan foydalanish yoki suvni iste’mol qilish joyidagi soliq organlariga mo‘ljallanayotgan soliq bazasidan (foydalaniladigan suv hajmidan) va belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblangan joriy soliq davri uchun soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etadi. Soliq bo‘yicha majburiyatlari soliq davri ichida yuzaga kelgan soliq to‘lovchilar soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay taqdim etadi.
(448-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi) Ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan bo‘nak to‘lovlar:
soliq davrida soliq summasi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ko‘proqni tashkil etadigan yuridik shaxslar tomonidan (bundan aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchilar mustasno) — har oyning 20 sanasidan kechiktirmay yillik soliq summasining o‘n ikkidan bir qismi miqdorida;
soliq davrida soliq summasi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan kamroqni tashkil etadigan, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchilar bo‘lmagan yuridik shaxslar, shuningdek aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — har chorak uchinchi oyining 20 sanasidan kechiktirmay yillik soliq summasining to‘rtdan bir qismi miqdorida to‘lanadi.
Soliq davri davomida mo‘ljallanayotgan soliq bazasi o‘zgarganda, soliq to‘lovchi soliq summasi to‘g‘risida aniqlashtirilgan ma’lumotnoma taqdim etishga haqli. Bunda soliq davrining qolgan qismi uchun bo‘nak to‘lovlarga soliqning o‘zgargan summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.
Soliq davri uchun bo‘nak to‘lovlar hisobga olingan holda soliqni to‘lash soliq to‘lovchilar tomonidan, bundan dehqon xo‘jaliklari mustasno, suvdan foydalanish yoki suv iste’moli joyida, soliq hisoboti taqdim etiladigan muddatdan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Soliq davri uchun bo‘nak to‘lovlar summasi soliq hisobotida ko‘rsatilgan budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasiga nisbatan 10 foizdan ortiq miqdorga kamaytirilgan taqdirda, soliq organi bo‘nak to‘lovlarni soliqning haqiqiy summasidan kelib chiqib, penya hisoblagan holda qaytadan hisob-kitob qiladi.
Oldingi tahrirga qarang. Qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan soliq davri uchun soliqni to‘lash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1-oktabrga qadar — soliq organlari tomonidan aniqlangan yillik soliq summasining 70 foizi;
15-dekabrga qadar — soliqning qolgan summasi.
Dehqon ho‘jaliklari, shuningdek qishloq xo‘jaligi yerlariga hamda tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlariga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan soliqni to‘lash yilda bir marta, soliq davridan keyingi yilning 1-mayidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
(448-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuniga asosan yettinchi va sakkizinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi) Oldingi tahrirga qarang.