www.ziyouz.com kutubxonasi
98
— Bo‘lmasa-chi, — davom etdi Virjiniya, — ularga o‘zlarining g‘ururi yordam beradi: “anglos”1 lar
kelganda ular hech qachon yig‘lamaydilar. Mana gap qaerda. Barcha tuyg‘ularni ular kulgi bilan ifoda
etadilar.
Palmer lablarini qimtib olgan Virjiniyaning yuziga yon tomonidan ko‘zining qiri bilan razm soldi.
— Tuyg‘ularni ifoda etishning bu g‘oyatda cheklangan vositasi, — dedi u.
— Qo‘shilaman. Ammo ularga qarshi ko‘plab omillar kurashgandi. Birinchidan, vaqt. Ular balog‘atga
yetganida, shveytsarlar toqat qilolmaydilar va o‘shanda ularni qaytmas qilib haydab yuboradilar.
Mahallada izg‘ib yuruvchi bunday o‘smir puertorikaliklar kimni tashvishga solmaydi? Qachon
qaramang, pichoqbozlik qilishga shay turishadi. Shu bois kulib turib pul topish, taqdir zarbalariga
bardosh berish mumkin bo‘lgan ular bolaligining oltin davri uzoq cho‘ziladi.
— Ikkinchidan, — deb davom etdi juvon, — ishlab topgan pullari ham ularning o‘zlariga qarshi
bo‘lib qoladi. Albatta, agar ular barcha topgan pullarini uyga olib kelishsa-ku, olam guliston. Lekin
loaqal bir necha dollar pulni tugib qo‘yish qo‘lidan keladigan bironta bolani topib bera olasizmi? Bu
la’nati dollarlar ularning boshiga ozmuncha kulfat keltirmaydi deysizmi! Bisotidagini tortib olish uchun
bola sho‘rlikni o‘lasi qilib kaltaklashlari yo o‘ldirishlari ham mumkin, yoki u giyohvandchilarga qo‘shilib
ketadi, yo ichkilikboz bo‘lib ketadi. U hatto to‘pponcha sotib olish uchun ham pul yig‘ishi mumkin.
— Yoki, — uning gapini bo‘ldi Palmer, — u o‘ziga kostyum sotib olishi, kinoga tushishi, to‘yib
ovqatlanishi mumkin. Nima uchun siz uni pullarini faqat halokatga eltish uchun sarflaydi deb
o‘ylaysiz?
Juvon to‘xtadi va unga yuzlanib turib oldi. Uning qo‘li Palmerning bilagidan sirg‘alib tushdi.
— Aytmovdimmi, gaplarim sizga yoqmaydi deb, xushaxloq do‘stginam.
— Men boshqa imkoniyatlarga shama qilmoqchi edim.
— Bolaligingiz tajribasidan kelib chiqqan imkoniyatlar haqidami? — dedi Virjiniya. Chet el
avtomashinalari bor vitrinadan tushgan charaqlagan nur ostida diqqat bilan Palmerning yuziga
qarayotgan ko‘zlari yana kattalashgandek, yanada qoraygandek tuyuldi. — Yo‘q, siz shunchaki Nyu-
Yorkdagi ko‘cha bolalari hayotini tushunishga qodir emassiz.
— Harakat qilayapman-ku.
— Yoki pul ular uchun nima ekanini tushunishingiz kerak. Bir kuni menga o‘zingizning pulga
bo‘lgan barcha qarashlaringizni bayon etgandingiz. Esladingizmi? Siz pul — hayotingizdagi asosiy omil
degandingiz. Shunday emasmi?
— Ha.
— Mana bu bolalar uchun, — dedi unga Virjiniya, — pul — bu xaloskorlik to‘lovi. Ular pullarini pala-
partish va tez sarflab yuborishlari sababi shunda, ularni barbod etuvchi hayotdan sitilib chiqishiga
bo‘lgan yengilmas ehtiyoj yelkalaridan bosib turadi, bu hayotda ular o‘zlarini mayda, ko‘zga
ilinmaydigan jondorlar deb biladilar. Pul esa ularga darhol kuch va ma’no baxsh etadi. Pul — bu
to‘pponcha, u ularga o‘zlarini atrofdagilardan bir kalla baland deb his etish imkonini beradi. Yoki bu
bir shisha achchiq va arzon vino. Yoki nasha. Ammo bu zinhor qorin to‘ydirmaydi, bir stakan koka-
kola yoki varaqi somsa emas.
— Oh, o‘ylasang badaning jimirlab ketadi, — dedi Palmer juvonning ko‘zlariga qarashga harakat
qilib. — Bu bolalarning yoshi nechada ekan-a? Oltimi, yettimi?...
— Yo‘q. — Juvon e’tiroz ila boshini chayqadi: — Ulardan bittasi nari borsa o‘nda. Boshqasi o‘n
birda yoki o‘n ikkida ham bo‘lsa kerak.
— Unda men chamalay olmas....
— Ha, bu shunday, — uning so‘zini bo‘ldi juvon. — Men bu ikkala bolani bilmayman, ammo
ularning yoshidagi bolalar odatda hamma narsani bilib olgan bo‘ladilar. Hatto ayollar bilan jinsiy aloqa
ham qiladilar.
— O’n yoshda-ya? — Shu asnoda usti ochiq va o‘rindiqlarga yaltiroq charm qoplangan oq
“mersedes” ularni quvib o‘tdi. Haydovchi yonida o‘tirgan baland bo‘yli zarrinsoch juvon Palmerning
gapiga ta’nali o‘girilib qarab qo‘ydi.