www.ziyouz.com kutubxonasi
22
«Marhumlarga achinish kerakmas, duoi fotiha zarur ularning ruhiga», deb qo‘ya
qolmaydimi? Shunday deyishga dedi, ammo fursatni o‘tkazib, «uni tanirmidingiz?»
degan svoldan so‘ng aytdi. Qirg‘iyko‘z mayor anoyi emas, ilintirib oldi. Hali «achinishga
arzimaydi», degan gap atrofida ko‘p aylantiradi. Jahongirga bularning fe’li ma’lum.
Jahongir avvallari inson taqdiriga befarq qaraganlvri uchun bu tergovchilardan
nafratlanar edi. Endi esa aksincha bo‘lyapti haqiqatni ochishga intilayotgan mayorni
ko‘rarga ko‘zi yo‘q. «Endi bu haqiqatlarning menga nima keragi bor, — deb o‘ylardi u, —
hayotimni barbod qilishgan bo‘lsa, bu dunyodan ilinjim qolmagan bo‘lsa...»
Jahongir ming bir xayol qurshovida uyquga ketdi. Uyqu boshqalarga orom ulashsa,
unga azob beradi. Ko‘zi uyquga ketishi bilan miyasiga uya qurib olgan ko‘rgan-
kechirganlari ko‘rshapalakdek uyg‘onib, uni har ko‘yga soladi. Arvohlar bilan gaplashadi,
iblislar qanot chiqarib uni uchiradilar, osmonga olib chiqib chumchuq patiday o‘ynaydilar.
Ayniqsa, qamoqdagi tunlar beorom kechadi.
Bu safar iblislar uni xoli qo‘yishdi. Ko‘ziga Daydidaradagi o‘sha chinor ko‘rindi.
Chinor... barglari bitta qolmay to‘kilgan. Shamol bu barglarni qaygadir uchirib ketgan.
Atrofda shisha siniqlari. Daraxt ostida kimdir o‘t yoqib uning tanasini odam sig‘adigan
darajada o‘yib yuborgan.
— Sizga ozor yetibdi, Chinor bobo, — deydi Jahongir, — mening bag‘rim ham sizning
kuygan tanangizdek o‘yilib ketgan. O‘shanda bargingizni to‘ka qolganingizda bu
ko‘rguliklar yo‘q edi menga. Ayting endi, bu boshga yana qanday savdolar tushadi?
Chinor javob bermaydi, qayg‘u bilan tebranadi. Tanasidagi o‘yiq — go‘yo uning og‘zi.
Tili esa sug‘urib olingan...
Tepadan ovoz keldi. Jahongir shoshib qaraydi: yo‘g‘on shox ustida Zokirxo‘ja o‘tiribdi.
Qo‘lida tasbeh.
— Ehtiyot bo‘ling, yiqilib tushasiz, — deydi Jahongir unga.
Shunday deyishi bilan shox qarsillab sinib, Zokirxo‘ja to‘g‘ri Jahongirning ustiga
qulaydi...
Nafasi qaytib, terga pishgan Jahongir cho‘chib ko‘zini ochdi: qamoqxona hali ham tun
hukmida. Bir necha mahbus kim o‘zarga baralla xurrak otadi. Tashqaridagi qadam
ovozlari soqchilarning bedorligidan darak.
Jahongir ko‘p yillardan beri Zokirxo‘jani eslamas edi. Birinchi marta qamoq jafosiga
uchraganida hamdard bo‘lgan bu odamning jasadi uzoqlarda qolib ketgan. Bir umr Olloh
yo‘lida xizmat qilgan bu muslimga kafan, janoza nasib etmadi. Jahongir Zokirxo‘jani har
eslaganida «Musofirlikda oltin topish oson, jon taslim qilish qiyin», deb qo‘yardi. Aslida
bu — Zokirxo‘janing gapi. Tanasi kafan ko‘rmagan, lahad ko‘rmagan muslimning gapi.
Qulog‘iga Olloh nomi bilan azon aytilgan, «Olloh», deb tili chiqqan, umr bo‘yi toat-
ibodatda bo‘lgan muslim janozasiz ketdi. Inson bolasi boshiga turli kulfatlar tushishi
mumkin. Bu dunyo azoblarini behad ko‘p totishi mumkin. Lekin, Jahongirning nazarida
kulfatlarning eng beshafqati o‘sha Zokirxo‘jaga nasib etdi. «Bir hovuch ona tuproqqa zor
bo‘lib, ko‘z yumishni hech bir bandaga nasib etmasin». Bu ham Zokirxo‘janing gapi.
Odamning bir yelkasida shayton, ikkinchisida farishta o‘tiradi, deydilar. Shayton
Jahongirga:
— Akang bir hovuch tuproqqa zor bo‘lib o‘ladi, — deydi.
Farishta esa:
— Akangni tuz-nasib tortib keladi. Xudo uning jonini sening qo‘ling bilan oladi, —
derdi.
Shayton ham, farishta ham aldadi.