2.O‘z moliyaviy maqsadlarimizni qanday aniqlashimiz kerak? Hatto eng qisqa muddatli maqsadlarni ham tahlil qilib olish – oddiy ish emas. Agar 5-10 yillik muddatga ega bo‘lgan maqsadlar to‘g‘risida gap ketadigan bo‘lsa, bu yanada murakkabdir. Uzoq muddatli maqsadlarning xilma-xilligi sharoitida aynan o‘zimizga mos keladiganlarini qanday qilib ajratib (tanlab) olsak bo‘ladi? Buning uchun insonlarning ko‘p avlodlari tomonidan to‘plangan tajribadan foydalanish maqsadga muvofiq. Barchamiz ma'lum bir hayotiy sikldan o‘tamiz va shunga o‘xshash moliyaviy muammolarni hal qilamiz. Daromad va iste'mol, ya'ni xarajatlarining bir-biriga muvofiq kelishiga qarab inson hayotini shartli ravishda to‘rt davrga bo‘lish mumkin.
1-davr – bolalik va yoshlik.
Bolaligimizni ota-onamiz yoki bizga g‘amxo‘rlik qilayotgan boshqa insonlar ta'minlab turadi. Yuqori sinflarda o‘qiyotgan paytimizdan boshlaboq ko‘pchiligimiz “pul ishlab topish tashvishi”ga tushib qolamiz. Biroq, topgan bu daromadlarimiz yoshimiz ulg‘ayib borishi bilan ortib borayotgan xarajatlarimizni qoplashga, baribir, yetmaydi. Ular o‘rtasidagi farqni yana ota-onamiz qoplaydi. Bu davrdagi asosiy maqsad – muvaffaqiyatli “karьera” qilishimiz uchun zarur bo‘ladigan kasbni tanlash va bilimlarni egallashdir.
2-davr – o‘smirlik.
Maktabni tugatganimizdan so‘ng, mustaqil hayot yo‘liga qadam tashlaymiz. Ayrimlarimiz oliy ta'lim dargohlariga kiramiz. Boshqalarimiz – ishlash faoliyatini boshlaymiz. Yana kimlardir – ularning har ikkisini ham qilishga harakat qilishadi. Vaqti kelganda – oilali bo‘lamiz. Bolalarimiz paydo bo‘ladi. Daromadlarimiz ham sekin-astalik bilan oshib (o‘sib) borsa-da, baribir, ular xarajatlarimizdan ortda qolaveradi. Aynan shu davrda biz ta'lim olishga, dunyo bo‘ylab sayohat qilishga, bolalarni tarbiyalashga, shaxsiy transport, uy-joy va ko‘plab boshqa shunga o‘xshash narsalarni – asosiy aktivlarni sotib olishga katta miqdordagi xarajatlarni qilamiz. Bularning barchasiga shaxsiy daromadlarimiz, odatda, yetmaydi. Ular o‘rtasidagi farqni, o‘zbekchilik qilib, ota-onamiz hisobidan moliyalashtiramiz. Ba'zi hollarda shu maqsad uchun do‘stlarimizdan qarz olamiz. Shuningdek, uni qondirishda bank kreditidan ham foydalanamiz. Shunday qilib, har qanday vaziyatda ham bizda ma'lum bir moliyaviy majburiyatlar paydo bo‘ladiki, ularni ertami-kechmi, baribir, bajarishimizga to‘g‘ri keladi.
3-davr – yetuklik.
Bu davrda biz oyoqda mustahkam turamiz. Ega bo‘lgan (qo‘lga kiritgan) tajribamiz va malakamiz tufayli yuqori daromad olamiz ham. Iste'molimiz uzluksiz o‘sib borishiga qaramasdan, daromadlarimiz darajasi jamg‘arilma qilishga imkon beradi. Xuddi shu davrda mablag‘larni faol jamg‘arish sodir bo‘ladiki, u kelgusida strategik maqsadlarimizni moliyalashtirish imkonini beradi: bolalarimizning o‘qishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplaymiz; shaxsiy pensiyamizni ta'minlaymiz va b.
4-davr – keksalik.
To‘liq kuch bilan ishlay olmaymiz. Shunga mos ravishda, daromadlarimiz ham qisqara boshlaydi. To‘g‘ri, xarajatlarimiz ham qisqaradi. Lekin bu qisqarish kamroq darajada bo‘ladi. Zaruriy darajadagi iste'molimiz darajasini qo‘llab-quvvatlab turish uchun davlat va korporativ pensiyalar, bolalar va qarindoshlar yordami hamma vaqt ham yetarli bo‘lavermaydi. Esingizdan chiqmasin: “Bitta ota o‘nta bolani boqarmish. O‘nta bola esa bitta otani boqolmasmish” qabilidagi o‘zbekona maqol bekordan-bekorga aytilmagan. Shu bois, bu davrda o‘zgalarga qaram va muhtoj bo‘lmasdan, o‘zimizga loyiq bo‘lgan hayot darajasini qo‘llabquvvatlash (ta'minlab turish)ning yagona ishonchli usuli (yo‘li) – yetuklik davrida qilingan o‘z jamg‘arilmalarimizdan foydalanishdir.