Reja 1.TA’LIMDAGI XORIJIY TAJRIBALAR. 2.TA`LIM SIFAT SAMARADORLIGINI OSHIRISHDA XALQARO TAJRIBALARDAN FOYDALANISH
1.TA’LIMDAGI XORIJIY TAJRIBALAR. Ta’lim tizimida, jumladan, oliy ta’limda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuz bergan o‘zgarishlar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan katta tarixiy ahamiyatga ega. Amalga oshirilgan islohotlar nafaqat mamlakatimizda ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi, balki xalqaro maydonda ham mamlakatimiz nufuzini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu borada bir qator me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20-apreldagi PQ-2909-sonli qarori bunga yaqqol misoldir. Mazkur qarorda Oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora – tadbirlar ishlab chiqildi va unda har bir oliy ta’lim muassasasi turdosh xorijiy yetakchi ixtisoslashgan ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy qilish, ilmiy pedagogik faoliyatga chet ellarning yuqori malakali o‘qituvchi va olimlarini jalb etish, professor-o‘qituvchi kadrlarning xorijiy oliy o‘quv yurtlarida stajirovkalarini tashkil etish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
PQ-2909-sonli qaror ijrosini ta’minlash uni amaliyotga tadbiq etish maqsadida Andijon davlat universiteti Tarix fakulteti dekani R.R.Shamsitdinov rahbarligida amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, R.Shamsitdinov 2022-yil avgust-dekabr oylari davomida AQShning yetakchi oliy o‘quv yurtlari Indiana va Shimoliy Jorjiya universitetida o‘quv, ilmiy sohalarda malakaviy amaliyot safarida bo‘ldi.
Malakaviy amaliyot safar davomida Indiana, Shimoliy Jorjiya universitetlari va Andijon davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Buning natijasida Indiana universitetining professori “Kamp Marianne Rut”Tarix (yo‘nalishlar va faoliyat turi bo‘yicha) mutaxassisligi bo‘yicha magistrlarga
“O‘zbekiston mustamlaka va sovet mustabid tuzumi davrida” fanidan ma’ruza mashg‘ulotlarini olib bordi. Og‘zaki tarix metodlariga asoslangan, yangi innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida olib borilgan ma’ruza mashg‘ulotlari magistr va talabalarda iliq taassurot qoldirdi.
Andijon davlat universiteti rektori A.S.Yuldashev amerikalik olima Kamp Marianna bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, yetakchi lektorlar va istiqbolli yosh o‘qituvchilarni yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari va o‘quv-tadqiqot markazlariga qisqa muddatli (semestrli) stajirovkalarga yuborish uchun akademik mobillik (academic mobility programs) dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Amerikalik olima AndDUga tashrifi davomida universitet bilan yaqindan tanishdi, shu jumladan AndDU tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida bo‘ldi. Muzey direktori tarix fanlari doktori, professor R.T.Shamsutdinov bilan Vatanimiz tarixshunosligining dolzarb mavzulari bo‘yicha qizg‘in suhbatlar olib bordi.
Kamp Marianna xonim Tarix fakulteti O‘zbekiston tarixi kafedrasining navbatdan tashqari yig‘ilishida ham ishtirok etdi. Indiana universiteti bilan faol hamkorlik nafaqat magistrlarda balki professor-o‘qituvchilarda o‘z ilmiy izlanishlarini jadal rivojlantirish uchun rag‘bat uyg‘otdi. Fakultet dekani t.f.n. R.Shamsitdinov 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha tarix fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlayotgan “Katta qirg‘inda O‘zbekistondan qatag‘on qilinganlar: ijtimoiy, siyosiy va milliy tarkiblari tahlili (1937-1938 yillar)” mavzusidagi dissertatsiyasiga ilmiy maslahatchi bo‘lishga rozilik bildirdi.
Kamp Marianna ilmiy rahbarligida tadqiqot ishlarini olib borayotgan Indiana universiteti doktoranti Xan Robiya bevosita O‘zbekistondagi xotin – qizlar masalasi bilan shug‘ullanmoqda. Hozirgi kunda Xan Robiya tadqiqot ishlari uchun narrativ manbalar va faktik materiallar to‘plash maqsadida O‘zbekistonda sotsiologik so‘rovnomalar o‘tkazmoqda.
Shuningdek, Andijon davlat universitetiga Indiana universiteti talabasi “Alpomish” dostoni uchun musiqa bastalayotgan Jek Juka va Turkistonda tibbiyot tarixi bilan shug‘ullanayotgan doktorant Antoni Ellialar ham tashrif buyurib, universitet talabalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ularning talabalar bilan o‘zbek tilida muloqot qilishi davra suhbatini qizg‘in o‘tishiga sabab bo‘ldi.
R.Shamsitdinov ilm va innovatsion faoliyatga xorijiy grant mablag‘larini jalb qilish va ulardan samarali foydalanish, xorijning yetakchi ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirmoqda.
Kamp Marianna rahbarligi va R.Shamsitdinov ishtorikida “O‘rta Osiyo 1991: aytilmagan tarix” mavzusida grant loyihasi tayyorlanmoqda. Mazkur grant loyihasini moliyalashtirish AQSh tomonidan bo‘lib, uning umumiy summasi 150 ming AQSh dollarini tashkil etishi rejalashtirilmoqda.