Prezident yoshlarga: Ajdodlardan ibrat olib, hayotda mo‘’jizalar yaratishga astoydil intilishingiz kerak
Davlatimiz rahbarining yoshlar forumidagi ishtiroki, so‘zlari va tashabbuslari navqiron avlodga katta motivatsiya bag‘ishlamoqda.
– Buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiyning bir hikmati bor: “So‘z – gul, ish – meva”. O‘ylaymanki, bugun belgilab oladigan rejalaringiz qanchalik pishiq-puxta bo‘lsa, ishingiz ham shunchalik yaxshi samara beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Sizlar ko‘p kitob o‘qigan, bilimli avlod sifatida yurtimiz o‘tmishda jahon sivizilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini yaxshi bilasiz. Siz Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar, Termiziylar avlodisiz. Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham butun insoniyatga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz o‘z so‘zida davom etar ekan, bu o‘rinda qomusiy olim Muhammad Xorazmiy asos solgan ilm – “algoritm”ni eslashning o‘zi kifoyaligini ta’kidladi. Ushbu ulug‘ zotning beqiyos xizmatlarini insoniyat hamon minnatdorlik bilan eslamoqda. Uning olamshumul kashfiyotlari bugungi axborot texnologiyalarini yaratishda ham asos bo‘lgan.
Kuni kecha olis Ispaniyaning Madrid shahridagi Komplutense universitetida alloma bobomizning haykali o‘rnatilgani ham bu xalqaro e’tirofning yaqqol isbotidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Mashhur ajdodimiz xotirasiga ko‘rsatilgan bunday ulkan ehtiromni, biz ayni vaqtda xalqimizga, uning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat ramzi sifatida qabul qilishimiz qayd etildi.
– Ulug‘ allomalarimiz, o‘zlarining olamshumul kashfiyot va ixtirolarini sizning yoshingizda – ayni kuchga to‘lgan navqiron chog‘larida amalga oshirganlar. Siz ham, buyuk ajdodlardan ibrat olib, hayotda mo‘’jizalar yaratishga astoydil intilishingiz kerak, – deya ta’kidladi Prezident.
– O‘z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Sizlar mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz ko‘rgan to‘siq va qiyinchiliklarni ko‘rmay, ozod Vatanda erkin nafas olib, voyaga yetyapsizlar. Yuksak maqsadlar yo‘lida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch bo‘lishingiz kerak. Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan mas’uliyatni, tom ma’nodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qat’iy ishonaman.
Davlatimiz rahbari yoshlar zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi zarurligi, buning uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinishini aytib o‘tdi.
– Shu maqsadda ta’lim tizimida tub islohotlarni amalga oshiryapmiz. Sohada mutlaqo yangi tizim – Prezident va ijod maktablari, matematika, ximiya, biologiya fanlari bo‘yicha maxsus maktablarni tashkil etyapmiz. Yoshlarimizga IT texnologiyalarni chuqur o‘rgatadigan ta’lim maskanlarining soni tobora ko‘payib bormoqda.
Bu ishlarimizning ilk mevalarini ko‘ra boshladik. So‘nggi uch yilda mamlakatimiz yoshlari nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda besh yarim mingtaga yaqin sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Firdavs Abduqayumov IELTS dasturi bo‘yicha yuqori ball to‘plab, AQSHning Jon Karroll universitetida tahsil olish uchun 96 ming dollarlik grant sohibiga aylandi. Firdavs o‘g‘limni, uning ota-onasi va o‘qituvchilarini chin dildan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, yangi yutuqlar tilayman.
Firdavsning izdoshlari sifatida Toshkent shahridagi Prezident maktabidan Temur Sulaymonov, Namangandagi maktabdan Mironshox Inomjonov va Azimjon Alijonov hamda boshqa ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xorijiy ilm dargohlariga qabul qilindilar va ularning soni kun sayin ortib bormoqda.
Biz bunday iqtidorli yoshlarga o‘z vaqtida har tomonlama e’tibor qaratib, qo‘llab-quvvatlasak, o‘ylaymanki, ular katta-katta zafarlarni qo‘lga kiritadilar.
Shu sababli yoshlarimizning nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratamiz. Jumladan, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha eng yuqori ballarni to‘plagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Shavkat Mirziyoyev umumxalq harakatiga aylangan besh muhim tashabbusni amalga oshirish uchun sharoitlarni yaxshilash masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Shu maqsadda joylardagi 459 ta madaniyat markazini ta’mirlash va jihozlashga doir alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
– Bu muammoni albatta hal qilamiz, – dedi Prezident. – Lekin meni masalaning boshqa jihati ko‘proq o‘ylantiradi. Madaniyat va san’at yo‘nalishida o‘qishni tamomlagan yoshlarimizning ko‘pchiligi poytaxtda qolishni afzal ko‘ryapti. Bu ahvolda, katta xarajatlar evaziga joylarda barpo etilayotgan madaniyat va ma’rifat markazlarida ertaga kim ishlaydi? Qishloqlardagi yosh iqtidor egalarini kim izlab topadi, ularni kim tarbiyalaydi? Shu munosabat bilan, viloyat hokimlari har qaysi tuman va shahardan 5 nafargacha yoshlarni madaniyat va san’at oliygohlarida mahalliy byudjet hisobidan o‘qitadi. Kelgusida ularni o‘z hududida uy-joy va mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.
Iste’dodli bolalar uchun imkoniyat yaratish, ko‘rik-tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini doimiy qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
– Agar masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, ertaga mana shunday yoshlar, tuman yoki shaharning “oltin fondi”ga aylanadi va shu hududning obro‘sini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuning uchun har qaysi tuman va shahar hokimiga 10-15 nafar mana shunday iste’dodli yoshni saralab, ularni har tomonlama tarbiyalash va muntazam rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izlanuvchan yigit-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida joriy yilda yoshlar o‘rtasida eng yaxshi ilmiy ishlanmalar uchun umumiy qiymati 30 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan “Yosh olimlar” innovatsion loyihalar tanlovi e’lon qilindi.
2021 yildan boshlab maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Bo‘lajak olim” tanlovini tashkil qilish orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
– Bu ishlarimizni davom ettirgan holda, kelgusi yilda 100 dan ziyod shahar va tumanlarimizda axborot texnologiyalarini chuqur o‘rgatadigan zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil qilamiz. Yoshlarga xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi.
O‘rni kelganda, sizlarga yana bir muhim yangilikni aytib o‘tmoqchiman. Keyingi yildan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etiladi. Agar mavjud Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant mablag‘lari to‘rt yil davomida to‘lab boriladi.
Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab respublikamizdagi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalari joriy etiladi.
Chunki bunday ta’lim maskanlarida o‘qiyotgan yoshlar ham o‘zimizning farzandlarimiz. Ular ertaga yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Shunday ekan, ularga g‘amxo‘rlik qilib, iste’dodini rag‘batlantirsak, o‘ylaymanki, adolatdan bo‘ladi.
Ilm yo‘lini tanlagan iqtidorli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keyingi yildan boshlab magistratura va doktorantura bosqichlari uchun Prezident stipendiyasi kvotasini ikki barobarga oshiramiz. Ishonchim komilki, bunday imkoniyat va imtiyozlarga avvalo yangi Renessans poydevorining bunyodkorlari sazovor bo‘ladi, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berish yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
Yoshlar – O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi
Hukumat25 Dekabr 202014291
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari forumiga tashrif buyurib, mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman bilan barchani tabrikladi.
– Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev nutqining avvalida.
– Biz yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz. Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz. Shu sababli ayni ushbu sohalarda tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shadilar.
Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi davrida yoshlar xalq dardiga darmon bo‘lgani, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida ko‘ngilli sifatida qatnashib, qiynalgan oilalarga amaliy yordam berganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumki, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Toshkent shahri namunasi yaratilib, o‘g‘il-qizlarning muammolari, taklif va istaklarini bevosita o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajriba mamlakatimiz bo‘ylab keng qanot yozib, barcha shahar va tumanlarda Yoshlar festivallari o‘tkazildi.
– Ko‘pchiligingiz ushbu tadbirlar doirasida vazirlar, hokimlar va boshqa mutasaddilar bilan ochiq muloqot qildingiz. Men ham mazkur jarayonlarni televideniye orqali shaxsan kuzatib bordim. Yoshlarimizning dolzarb masalalarni dadil ko‘tarib chiqishi, kuyunchakligi menga juda ma’qul bo‘ldi. Dunyoqarashi keng, jonkuyar, ilg‘or fikrli farzandlarimiz ko‘pligini ko‘rib nihoyatda quvondim, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev endi Toshkent shahri tajribasi butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy etilishini aytib o‘tdi. Bu borada Toshkent, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida allaqachon ishlar boshlab yuborildi. Yoshlarga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida ularning ijtimoiy muammolarini tizimli asosda o‘rganish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi mutasaddi tashkilotlarga yuklangan.
Bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlar va mas’ul rahbarlar yoshlar bilan uchrashuvlarni muntazam ravishda yo‘lga qo‘yadi. Hokimlar yoshlarning muammolarini hal etishga qaratilgan “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqib, ijrosini ta’minlaydi. Shu masala bo‘yicha har 6 oyda mahalliy kengashlarga hisobot beradi va kelgusi yarim yillik uchun rejalarni belgilab oladi.
“Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tashkil etiladi. “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi ko‘plab tadbirkorlarimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlandi. 2021 yilda kamida 500 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlashi mumkin bo‘lgan bu ezgu harakatni davlatimiz rahbari ma’qulladi.
– “Hunarli kishi xor bo‘lmas”, deydi xalqimiz. Ammo keyingi paytda farzandlarimizning mohir hunarmandlar qo‘lida kasb-hunar o‘rganishiga yetarli e’tibor berilmayapti. Vaholanki, ustoz ko‘rgan o‘g‘il-qizlarimiz domlasiga munosib bo‘lishga intiladi, ularning ko‘magi bilan hayotda o‘z o‘rnini topadi. Shu bois, hududlarda “ustoz-shogird” an’anasini kuchaytirsak, o‘ylaymanki, nur ustiga nur bo‘ladi. Bu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha mavjud tajriba asosida, hududlarda Yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilishini e’lon qildi. Bu sanoat zonalarida o‘sib kelayotgan avlod vakillarining biznes loyihalari joylashtiriladi.
– Yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etiladi va unga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Jamg‘arma yoshlarning loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida beriladi.
Forumda mutasaddilarga shu borada ko‘rsatmalar berildi.
– Bugun o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etayotgan yoshlarimiz juda ko‘p. Lekin, hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, adashgan, ko‘makka muhtojlari ham yo‘q emas. Shuning uchun yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qatlami bilan mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiladigan “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratish vazifasi topshiriladi, – dedi davlat rahbari.
Navqiron avlod vakillarida biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar aksariyat yoshlarimizda ijobiy motivatsiya, biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malaka yetishmasligini ko‘rsatdi. Demak, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shuni inobatga olib, kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali maxsus sertifikat olgan yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada mikrokreditlar ajratish yuzasidan zarur choralar ko‘riladi. Bu kreditlar 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan beriladi.
Ushbu maqsadlar uchun 2021 yilda 45 million dollar ajratilishi, shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida har bir viloyatga 100 milliard so‘mdan kredit mablag‘lari yo‘naltirilishi qayd etildi.
– Bugun o‘g‘il-qizlarimizni qiynayotgan jiddiy muammolardan biri – o‘qishni tamomlagan yoshlar bandligi, – deya so‘zida davom etdi Prezident. – Ko‘plab maktab va kollej bitiruvchilari, ba’zan oliy ma’lumotli yigit-qizlar ham, ish topishda qiyinchilikka uchramoqdalar.
Xulosa
Xulosa o`rnida hozirgi vaqtda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 7-11-sinf o‘quvchilariga ta’lim berish bilan birga ularni eng kamida bitta kasbga o‘rgatish amaliyoti joriy etilgan. O‘quvchi 11-sinfga o‘tdimi, u tuman yoki shahar hokimligining bevosita e’tiborida bo‘lishi belgilanganligini etirof etishimiz mumkin
– Tashkilotlar yosh mutaxassisni ishga olishdan manfaatdor bo‘lishi kerak. Shu sababli, hukumatga yosh kadrlar uchun belgilangan sinov muddati davrida ish beruvchilarga imtiyozlar taqdim etish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi topshiriladi, – dedi Prezident.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash va yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri.
O‘tgan uch yil mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha 5 ming 100 tadan ortiq namunali yosh oilaga arzon uy-joylar qurilib, qariyb 200 milliard so‘m miqdorida boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi. Buning mantiqiy davomi sifatida 2021-2023 yillarda Yoshlar uylarini qurish dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish vazifasi belgilandi.– Xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni asrab-avaylab keladi. Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi. Bir narsani unutmasligimiz lozim: xonadonlarimizdagi tinchlik-totuvlik, avvalo, oiladagi sog‘lom muhitga, mustaqil hayot ostonasida turgan qizlarimizni oilaviy turmushga tayyorlash bilan bevosita bog‘liq, – dedi davlatimiz rahbari.Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida yosh oilalar o‘rtasida 25 mingga yaqin ajralish bo‘lgani afsus bilan qayd etildi.
– Men, bugungi imkoniyatdan foydalanib, keng jamoatchilikka, avvalambor, ko‘pni ko‘rgan mo‘’tabar nuroniylarimizga, oqila va mehribon onalarimizga murojaat etmoqchiman. Bu og‘riqli masalada bizga yordam beringlar, deb iltimos qilaman. Oilaviy nizolarning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish borasida siz, aziz yoshlarimiz ham, tashabbus va faollik ko‘rsatsangiz, men barchangizdan cheksiz minnatdor bo‘lar edim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1. www. https://yuz.uz/uz/news/prezident-yoshlarga-ajdodlardan-ibrat-olib-hayotda-mojizalar-yaratishga-astoydil-intilishingiz-kerak
2. Barkamol avold orzusi, T., 2022.
3. Barkamol avlod- o’zbekiston taraqqiyotining poydevori , T., 2022.
Dostları ilə paylaş: |