Didaktika (yun. didaktikos — oʻrga-tuvchi, taʼlim beruvchi) — pedagogikaning tarmogʻi. Taʼlim nazariyasi bilan shugʻullanadi. "D." atamasi ilk bor Yevropada 17-asrda oʻqitish va taʼlim jarayoni haqida asarlar yaratgan olimlar tomonidan qoʻllanila boshlagan. Chex pedagogi Ya. A. Komenskiy oʻzining "Buyuk didaktika" asari (1657)da bolalar va oʻsmirlarni maʼlumotli qilish va ularga taʼlim berishning didaktik jihatlarini ishlab chikdi. Nemis pedagogi A. Disterveg oʻzining "Nemis oʻqituvchilarini maʼlumotli qilishga rahbarlik" (1834—35) asarida D.ning ped.da taʼlim nazariyasini bayon etuvchi alohida qism ekanligini taʼkidlagan. Shundan keyin D.ga taʼlim nazariyasi haqidagi fan sifatida qarash keng yoyildi. 19-asrning oxiri va 20-asrning boshlarida D.ga oid maxsus monografiyalar paydo boʻla boshladi.