REJA: 1. Hisob-kitoblar auditining maqsadi, vazifalari va ma’lumot manbalari. 2. Mehnat haqi bo’yicha hisob-kitoblar auditi. 3. Хodimlar bilan boshqa muomalalar bo’yicha hisob-kitoblar auditi. 4. Mol yetkazib beruvchi va pudratchilar bilan hisob-kitoblar auditi. 5. Хaridorlar va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblar auditi. 6. Da’volar va olingan bo’naklar bo’yicha hisob-kitoblar auditi. 7. Тurli debitorlar va kreditorlar bilan hisob-kitoblar auditi. 8. Bank kreditlari va bankdan tashqari olingan qarzlar bo’yicha hisob-kitoblar auditi.
Тayanch iboralar: (Hisob-kitoblar, mehnat haqi, hisobdor shaxslar, da’vo, mol yetkazib beruvchi, pudratchilar, debitor, kreditor, bank kreditlari, qarzlar, tekshiruv rejasi, tekshiruv dasturi, xulosa)
1. Hisob-kitoblar auditining maqsadi, vazifalari va ma’lumot manbalari. Ichki hisob-kitob muomalalari xodimlar va yollangan shaxslar bilan mehnat haqi bo’yicha, hisobdor shaxslar bilan va boshqa muomalalar bo’yicha xodimlar bilan hisob-kitoblarni o’z ichiga oladi. Bu hisob-kitoblar asosan naqd pul bilan amalga oshiriladi. shuning uchun ichki hisob-kitoblar ataylab yoki bilmasdan ko’p hato-kamchiliklarga yo’l qo’yiladigan soha bo’lib, auditordan tekshiruvda maxsus e’tibor qaratishni talab etadi.
Ichki hisob-kitoblarni auditorlik tekshiruvidan o’tkazishdan asosiy maqsad buxgalterlik hisobotidagi ichki hisob-kitob muomalalariga doir debitorlar va majburiyatlar aks ettiriladigan bo’limning ishonchliligi, qo’llanilayotgan hisob va soliqqa tortish uslubiyotining amaldagi me’yoriy hujjatlarga muvofiqligi to’g’risida fikr shakllantirishdan iborat.
Ichki hisob-kitob muomalalarini auditorlik tekshiruvidan o’tkazishning maqsadi quyidagilarni aniqlashdan iborat:
to’liqlik – barcha muomalalarning buxgalteriya hisobotida aks ettirilganligi, hisobga olinmay qolgan hisob-kitoblar yo’qligi;
mavjudlik – balans tuzish sanasiga ichki hisob-kitoblar (mehnat haqi, hisobdor summalar va boshqalar) bo’yicha majburiyatlar mavjudligi va ushbu majburiyat summalarning katta-kichikligi;