2-rasm. Soliqning asosiy funksiyalari15 Soliqlarning asosiy funktsiyasi - fiskal funktsiya hisoblanib (lotincha fiscus so’zidan olingan bo’lib, xazina degan ma’noni anglatadi), bu funktsiyaning mohiyati shundan iboratki, soliqlar yordamida davlatning moliya resurslari hosil qilinadi hamda davlat faoliyat ko’rsatishi uchun moddiy sharoit yaratiladi. Soliqlar orqali korxonalar va fuqarolar daromadining bir bo’lagini davlat apparatini, mamlakat mudofaasini, noishlab chiqarish sohasining umuman o’z daromadlari manbaiga ega bo’lmagan qismini (ko’pgina madaniyat muassasalari, jumladan, kutubxonalar, arxivlar va boshqalar) yoki lozim darajada rivojlanishini ta’minlash uchun o’zining mablag’i etishmaydigan tarmoqlarni (fundamental opgan, teatrlar, muzeylar, ko’plab o’quv yurtlari va hokazo) saqlab turish maqsadida undirib olish yo’li bilan davlat byudjetining daromad qismini shakllantirish soliqlar fiskal funktsiyasining eng muhim elementi hisoblanadi.
Ishlab chiqarishning rivojlanishi bilan fiskal funktsiyaning ahamiyati oshib boradi. Ishlab chiqarish ijtimoiy tusdaligining chuqurlashishi fan-texnika taraqqiyotining rivojlanish munosabati bilan asosan soliqlar hisobiga shakllantiriladigan moliyaviy resurslar oqimini ko’paytirishning real zarurati yuzaga keladi. Davlat iqtisodiy va ijtimoiy tadbirlarga ko’proq e’tibor bergan sari ko’p moliyaviy resurslarni sarflamoqda, lekin soliq tizimi o’zining fiskal funktsiyasi vazifalarini bajarishi jarayonida ishlab chiqarish o’sishiga, jamg’arish jarayoniga halal bermasligi, ijtimoiy adolatni buzmasligi hamda xalq xo’jaligining umumiy tuzilmasida buzilishlar va chetga chiqishlar sodir bo’lishiga yo’l qo’ymasligi, bozor jarayoniga putur etkazmasligi kerak.
Soliqlarning ushbu funktsiyasi orqali hosil bo’ladigan pul resurslari davlat fondi (davlat byudjeti) orqali qayta taksimlanadi, ular ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga, ustuvor tarmoqlarni investitsiyalashga yo’naltiriladi.
Jahon amaliyotida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari va yuqori daromad oluvchi shaxslar uchun progressiv stavkalar belgilash ham qo’llanadi, ya’ni aholining kam daromad oladigan qismini ijtimoiy himoya qilish maqsadida daromadlarni bir qismi qayta taqsimlanadi. Bunday yondashuvlar soliqqa tortiladigan daromad aniqlanayotganida soliqqa tortilmaydigan minimum miqdoridagi daromad qo’shilmaydi, ayni paytda ortiqcha daromadlar soliqqa yuqori progressiv stavkalar bo’yicha tortiladi.
Soliqlarning ko’pchiligi ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda joylarda korxonalar faoliyatining iqtisodiy shart-sharoitlarini o’zgartirishga majbur etib, moliyaviy resurslarni makrodarajada qayta taqsimlashga olib keladi.
2. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida soliqlarning ikkinchi muhim funktsiyasi ularning iqtisodiyotdagi tartibga soluvchilik roli hisoblanadi, ya’ni davlat soliqlar orqali tovarlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va sotishning iqtisodiy shart-sharoitini tartibga soladi va bu bilan xalq xo’jaligi tarmoqlarining iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun muayin «soliq muhiti»ni yaratadi. Ushbu funktsiya orqali soliq tizimiga ta’sir ko’rsatadi, ya’ni muayyan tarmoqda ishlab chiqarish sur’atlarini rag’batlantiradi yoki jilovlab turadi, sarmoyaning bir tarmoqdan soliq muhiti eng ma’qul bo’lgan boshqa tarmoqqa qo’yilishini kuchaytiradi yoki pasaytiradi, shuningdek aholining to’lovga qobil talabini kengaytiradi yoki kamaytiradi.
Soliqlarning tartibga soluvchi sifatidagi funktsiyasining ahamiyati bozor sharoitida o’sib boradi, bu davrda tadbirkorlarni ma’muriy qaram qilish usullari yo’q bo’lib ketadi yoki juda oz holda qoladi, korxonalar faoliyatini farmoyishlar, ko’rsatmalar va buyruqlar yordamida idora qilish huquqiga ega bo’lgan «yuqori tashkilot» tushunchasining o’zi asta-sekin yo’qola boradi. Biroq iqtisodiy faollikni izga solib turish, uning rivojlanishini jamiyat uchun maqbul bo’lgan yo’nalishda rag’batlantirish zarurati saqlanib qoladi.
3. Rag’batlantirish funktsiyasi soliq tizimining eng muhim funktsiyalaridan biri bo’lib, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moddiy xom ashyo resurslari, shuningdek moliyaviy va mehnat resurslari, jamg’arilgan mol-mulkdan samarali foydalanishga rag’batlantiruvchi ta’sir ko’rsatadi, ya’ni soliq yukini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moliyaviy ahvolni mustahkamlashga va investitsiya faoliyatini jonlantirishga rag’batlantiradi. Soliqlarning rag’batlantirish funktsiyasi orqali davlat xalq xo’jaligi taraqqiyotini rag’batlantiradi, bu bilan fiskal funktsiyani bajarish uchun bazani kengaytiradi, ishlab chiqarishni soliqlarning rag’batlantirish funktsiyasi orqali rag’batlantirib, davlat oqilona soliq siyosatini olib borish bilan soliq yukini kuchaytirmasdan xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning erkin faoliyat ko’rsatishi ta’minlanadi.
4. Soliqlarning nazorat funktsiyasi soliq to’lovchi tomonidan taqdim etilgan, soliqqa tortish ob’ekti, soliqqa tortiladigan baza, imtiyozlar singari va hokazo tegishli soliq ko’rsatkichlarining hisob-kitoblarini tekshirishdek ancha murakkab jarayondan iborat. Soliq hisobi soliq idoralariga belgilangan soliq hisobi shakllari orqali soliq to’lovchilar o’zlarining soliq majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini yanada samarali nazorat qilish imkonini beradi.
5. Soliqlarni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funktsiyasi ham muhim ahamiyat kasb etib, bu funktsiya orqali xarajatlar hajmi va konkret soliqlar davlatning qanday ijtimoiy-iqtisodiy funktsiyalarini bajarishga sarflanganligi to’g’risida axborot berib turilishi juda zarurdir. Shunday qilinsa, soliqlarning byudjetga tushishi to’liq, o’z vaqtida va oson kechadi.
Bizni soliq funktsiyalarini qisqacha ko’rib chiqishimiz soliqlar moliya resurslarini tiklash, xo’jalik faoliyatini tartibga solish va daromadlarni ijtimoiy jihatdan ahamiyatli maqsadlar uchun qayta taqsimlash bo’yicha muhim vazifalarni bajaradi deb xulosa chiqarishimiz uchun imkon beradi.
Soliqlarning iqtisodiyotdagi yuqorida ta’kidlangan muhim o’rnini belgilovchi bir qancha funktsiyalari mavjud. O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining hozirgi rivojlanish bosqichida soliqlarning o’rnini belgilovchi quyidagi asosiy omillarni ko’rsatib o’tish mumkin.
1. Bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilishning zarurligi.
Bizga ma’lumki, respublikamizda iqtisodiyotni isloh qilish va davlat qurilishini amalga oshirish Respublika prezidenti I A. Karimov tomonidan ilgari surilgan besh asosiy tamoyiliga asoslanadi. Bu qoidalardan biri kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishdir. Bozor munosabatlariga o’tish sharoitida aholi, ayniqsa uning kam ta’minlangan qatlamlari etarli darajada ijtimoiy himoyalangan bo’lishi kerak.
2. Agrar sektordagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish zarurligi omili. O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida eng asosiy tarmoq agrar sektor hisoblanadi. Masalan, ikkinchi jahon urushidan keyin tiklanayotgan Yaponiya iqtisodiyoti uchun mashinasozlik etakchi tarmoq sifatida rivojlantirilgan edi. Bu tarmoq Yaponiya iqtisodiyotini rivojlantirishga ulkan hissa qo’shdi. Bu eng avvalo, uning mamlakatga chet el valyuta tushumlarini olib kelishda namoyon bo’ldi. O’zbekistan Respublikasida qishloq xo’jaligi ana shunday asosiy tarmoq vazifasini o’tamoqda.
Yuqoridagilardan ko’rinadiki, qishloq xo’jaligida soliq, kredit vositalari yordamida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biridir.