Jamiyat – keng ma’noda insonlarning tarixan qaror topgan birgalikdagi faoliyatlari majmui yoki tor ma’noda – ijtimoiy munosabatlarning konkret tipi. Shunday qilib, aqliy mehnat faoliyatiga ega bo‘lgan insonlar yig‘indisi bo‘lgan jamiyat atrof tabiiy muhit bilan passiv (sust) emas, balki aktiv (faol) ta’sir doirasida bo‘lishi muqarrardir.
Inson – tirik organizmlar turkumiga kiruvchi murakkab ijtimoiy va mehnat faoliyatini yurgazuvchi individ. Inson tarixiy – jamoat jarayoni subyekti bo‘lib, u Yer kurrasidagi moddiy va ma’naviy-madaniy rivojanishning asoschisidir. Inson boshqa turdagi tirik mavjudotlar bilan genetik bog‘langan holatda, lekin ulardan ongining yuqoriligi, mehnat qurollarini ishlab chiqara olishi, nutqning rivojlanganligi, ijodiy faolligi hamda axloqiy, ma’naviy va ruhiy o‘z-o‘zini anglay olishi bilan ajralib turadi.
Ingliz olimi Ch.Darvinning ta’limotiga ko‘ra, insonlar hayvonlarning ma’lum bir turlarini mehnat faoliyati aktivlashuvi, ya’ni kengaytirilishi va chuqurlashtirilishi mobaynidagi evolyutsion rivojlanish mahsuli. Lekin fan va texnika yutuqlari bunday ta’limotning mutloq to‘g‘ri emasligi haqidagi ma’lumotlarga ega va boshqa gipotezalarni oldinga surmoqda. Nima bo‘lganda ham kishilar jamiyati mana bir necha million yildirki Yer kurrasida tabiat bilan o‘zaro uzviy bog‘langan holda yashab kelmoqdalar va bu bog‘liqlik kundan-kunga kuchayib bormoqda. Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzida sodir bo‘layotgan tabiiy jarayonlarning 9/10 qismida inson faoliyatining mahsuli aks etmoqda. Bu jarayonlarni doimo ham ijobiy deb bo‘lmaydi. Chunki ekologik xavfsiz muhit, ya’ni insonlarning muhim hayotiy manfaatlari va avvalambor toza, sog‘lom, qulay tabiiy sharoitga ega bo‘lish talabini to‘la qondirishga qodir bo‘la oladigan atrof tabiiy va ijtimoiy muhit holati inqiroz va talafot tomon intilib bormoqda.
Agarda jamiyat va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga inson hayotining tarixi nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, ularni quyidagi munosabat shakllariga ajratsak bo‘ladi:
1) oddiy;
2) oddiy-iqtisodiy;
3) iqtisodiy;
4) iqtisodiy-ekologik;
5) ekologik.
Jamiyat va tabiat o‘rtasidagi oddiy munosabat shakli – kishilarning ekologik tizimni buzmaydigan soddalashtirilgan hayot tarzi. Ekologik tizim (ekotizm) – tirik organizmlar majmui va ularning yashash muhiti yig‘indisi bo‘lib, tirik organizmlar o‘zaro va atrof tabiiy muhit bilan uzviy aloqadorlik qonuniyatlari asosida bo‘lgan holati. Bu shakl kishilarning ibtidoiy jamoa tuzumidagi hayot tarziga, ya’ni insoniyat tarixining ilk ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyasi davriga xosdir. Kishilar faoliyatining tabiatga oddiy-iqtisodiy ta’siri davrida ma’lum bir hududlarda sezilarli darajada ekologik xavfsiz muhitga ta’sir etgani uchun ham qadimgi yozuv va qonun kuchiga ega bo‘lgan kitoblarda tabiatga nisbatan insonlarning ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlari ko‘rsatilib o‘tilgan. Masalan, zardo‘shtlarning «Avesto» kitobiga binoan bolalar yoshligidanoq daraxt ko‘chatini o‘tkazishlari shart bo‘lgan.