2.Qayta takrorlanadigan o’qitish sikli.
Qayta takrorlanadigan o‘qitish sikli quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi (2.5-rasm):
O‘quv fanining umumiy maqsadini o‘rnatish. O‘quv rejadagi har bir fan mutaxassisning shakllanishi uchun ma’lum bir maqsadga ega. Bu maqsad aniq ifodalanishi va fanni o‘rganishdan oldin har bir talabaga etkazilgan bo‘lishi kerak.
Har bir mavzuni o‘zlashtirishi uning o‘rganishdagi o‘quv maqsadini to‘g‘ri qo‘yilishiga bog‘liq. O‘quv fanini to‘la o‘rganishdagi mavzuning ahamiyati o‘quv maqsadi toifasini belgilaydi.
Dars boshlanishida o‘quv maqsadi, uning boshqa mavzular bilan, mutaxassisning kelajakdagi amaliy faoliyati bilan bog‘liqligi talabalarga etkaziladigan bo‘lishi kerak.
Har bir mavzu (bo‘lim va modul) bo‘yicha tayanch iboralarni aniqlash Pedagogik texnologiyada o‘qitishning moduli tizimini qo‘llash samaralidir, u fanning bir yoki bir necha fundamental tayanch iboralarini qamrab olgan axborotning tugallangan bloklariga tayanadi.
Har bir tayanch iboraning o‘quv maqsadini B.Blum pedagogik taksonomiyasi (2.7-jadval) asosida belgilash. Bu bosqich, pedagogik texnologiyada qayta takrorlanadigan o‘qitish sikli uchun eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.
Fanning u yoki bu tushunchasini o‘rganish darajasi, u fanni ta’limning mazkur yo‘nalishi uchun ahamiyati orqali aniqlanadi. Ta’lim yo‘nalishiga ko‘ra, bir tushunchaning o‘zi turli o‘quv toifalariga kirishi mumkin. Ta’limning bir yo‘nalishi uchun bu masalan – bilish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish uchun qo‘llash bo‘lishi mumkin va h.k.
SHuning uchun matematik va umumtabiiy, umumkasbiy blokka kiruvchi fanlarning tayanch iboralarining o‘quv maqsadlari toifasi, mutaxassis chiqaruvchi kafedralar bilan kelishilgan holda o‘rnatilishi zarur.
Barcha tayanch iboralar o‘quv maqsadlarining yig‘indisi, shu fannig o‘quv maqsadlari katalogini tashkil etadi.
Har qaysi tayanch ibora, modullar uchun diagnostik testlar ishlab chiqish. Bu testlar talabalarning bilim olishini tashxislash maqsadida, joriy nazorat uchun ishlatiladi. Bilimlarning o‘zlashtirilish darajasiga ko‘ra, har bir tayanch ibora uchun testlar tuziladi.
O‘qitish. YAngi o‘quv materialini bayon etish va uni ishlab chiqish, shaxsga yo‘naltirilgan o‘qitish texnologiyalari asosida amalga oshirish tavsiya etiladi. Butun o‘quv faoliyati, aniq va ravshan ifoda qilingan o‘quv maqsadlari asosida quriladi.
O‘quv maqsadi toifasiga ko‘ra, o‘quv materialining birligi, tarkibi, turli xil bo‘lishi mumkin.
Test o‘tkazish. Joriy test diagnostik xarakterga ega bo‘lib teskari aloqa vazifasini o‘taydi, Uni o‘tkazishdan asosiy maqsad tuzatishlar va qo‘shimcha o‘quv tadbirlar zaruriyatini aniqlashdan iboratdir.
O‘quv maqsadlariga erishilganligini baholash. U joriy test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Test sinovlari natijasiga ko‘ra talabalar guruhi ikkiga bo‘linadi:
Bilim va ko‘nikmalarni to‘la o‘zlashtirishga erishganlar.
Bilim va ko‘nikmalarni to‘la o‘zlashtirishga erishmaganlar.
O‘quv materialini to‘la o‘zlashtirmagan talabalar, o‘qituvchi rahbarligida shu materialni o‘rganishni davom etadilar. Ular bilan qo‘shimcha (tuzatish) o‘quv ishlari tashkil etiladi. Testlar natijalari asosida, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlanadi. Kamchiliklarni tuzatish uchun o‘quv materialini o‘zlashtirmagan talabalarning guruhi bilan mashg‘ulotlar olib boriladi. Materialni takroriy bayon qilishda boshqa yangi usullardan foydalanish lozim: birinchi marta ishlatilmagan ko‘rgazma qurollar, va o‘qitishning texnik vositalarini ishlatish, individual ishlardan foydalanish zarur. SHu yo‘llar bilan o‘quv materialining to‘la o‘zlashtirilishiga erishish lozim. Har qaysi talaba o‘quv materialini to‘la o‘zlashtirish imkoniyatiga ega, chunki u davlat kirish test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgandir.
U oliy ta’lim muassasida o‘qishga yaroqlilik tanlovidan o‘tgandir. Bilimlarni to‘la o‘zlashtirilishini ta’minlash muammosida alohida masala bo‘lib, o‘qitish sur’atlari turadi. Aynan shu bilan talabaning qobiliyati aniqlanadi. Iqtidorli talabalar uchun (ular taxminan 5 % ni tashkil etadi) o‘quv materialini o‘zlashtirish uchun eng kam vaqt, «o‘rtacha» talabalar uchun ulardan ko‘ra ko‘proq vaqt, «bo‘sh» talabalar uchun eng ko‘p vaqt zarur bo‘ladi. SHaxsga yo‘naltirilgan o‘qitish texnologiyalariga o‘tish dolzarbligi shu bilan asoslanadi. Bunda har bir talaba o‘quv materialini davlat ta’lim standartlari talablari darajasida, o‘zining tabiiy qobiliyatlari darajasida o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Iqtidorli talabalarda chuqurlashtirilgan bilim va ko‘nikmalarni egallashga imkoniyat paydo bo‘ladi.
Mavzu (modul) bo‘yicha o‘quv materiali guruhning barcha talabalari tomonidan o‘zlashtirilganidan so‘ng, keyingi mavzu (modul)ga o‘tiladi, ya’ni o‘quv jarayoni o‘rgatuvchi sikl shakliga ega bo‘ladi. O‘qitishning modul tizimida, o‘rgatuvchi sikllar soni, o‘quv fanining modullari soniga teng bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |