I. Rus tili va u orqali Yevropa tillaridan so‘zlarni o‘zicha, ya’ni hech qanday o‘zgarishsiz o‘zlashtirish. So‘z o‘zlashtirishning bu usulida bir tildagi so‘z ikkinchi tilga aynan yoki ba’zi bir fonetik o‘zgarishlar bilan qabul qilinadi. Leksemaning bunday usulda o‘zlashtirish hodisasi shu tilda boshqa tildan kirib kelgan fan-texnika yangiligi va unga oid tushunchani ifodalovchi so‘z yoki uni tarjima qilish imkoniyati, zaruriyati bo‘lmagan holatlarda amalga oshiriladi. O‘zbek terminologiyasi, xususan, kitobatchilik terminologiyasida rus tili va u orqali Yevropa tillaridan aynan yoki hech qanday o‘zgarishsiz o‘zlashtirilgan terminlar miqdori anchagina bo‘lib, ular o‘zbek tiliga, asosan, rus tilidan bevosita olingan. Lekin bu leksemalar ichida genetik manbalariga ko‘ra turli tillarga mansub, ya’ni rus tilining o‘zi uchun ham o‘zlashma qatlam hisoblangan lug‘aviy material mavjud. Shuning uchun o‘zbek kitobatchilik terminologiyasidagi mavjud rus tili va u orqali Yevropa tillaridan aynan o‘zlashgan terminlar genetik-etimologik manbaga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
1. Rus tilining o‘z terminlari: koreshok, ottisk, granka, atlas, zavod, polosa va boshqalar.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek kitobatchilik terminologiyasidagi rus tili va u orqali Yevropa tillaridan o‘zlashgan terminlarni tarixiy-etimologik nuqtai nazardan tahlil qilganimizda rus tilining o‘z so‘zlari nihoyatda kam sonni, asosiy qismini rus tili orqali Yevropa tillaridan o‘zlashgan terminlar tashkil qilar ekan. Ko‘pgina sohalarga oid terminologik leksikalarda inglizcha o‘zlashmalar asosiy o‘rinni egallasa, o‘zbek kitobatchilik terminologiyasida yunoncha, qolaversa, lotincha o‘zlashmalar ko‘p miqdorni tashkil etadi. Demak, ayni soha terminologiyasining rus tili materialida ham shu holat mavjuddir. Chunki, o‘zbek tiliga bu o‘zlashmalar rus tili vositasida o‘zlashgan. Rus tiliga Yevropa tillaridan so‘z o‘zlashtirishda ularda rus tili xususiyatlariga uyg‘un shakldagi ma’lum bir fonetik o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Ularning rus tili orqali o‘zicha o‘zlashtirishda deyarli o‘zgarishsiz olingan. Shu bois ularning o‘zbek tilidagi yozilishi va ma’no ko‘lami rus tilidagisi bilan aynidir.