Tilshunoslik asoslari



Yüklə 0,94 Mb.
səhifə35/78
tarix11.11.2022
ölçüsü0,94 Mb.
#119313
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   78
Tilshunoslik asoslari (1)

Kitobatchilik terminida holat bunday emas. Bunda bevosita asosga (kitobat) -chilik affiksining qo‘shilishi natijasida soha nomini (kitobat+chilik) anglatuvchi termin yasalgan. Kitobat terminiga matbaachi, muqovachi singari -chi affiksini qo‘shish orqali kitobatchi shaklida termin yasalishi mavjud emas. Ta’kidlash lozimki, qog‘ozsozlik termini -lik affiksi orqali, qog‘ozchilik esa, -chilik affiksi bilan yasalgan terminlar sirasiga kiradi. Buning sababi bor, albatta. Chunonchi, qog‘ozsozlik termini qog‘oz so‘ziga -soz hamda -lik affikslarining qo‘shilishi natijasida yasalgan, ya’ni: qog‘oz + soz + lik. Bunda qog‘ozsoz mustaqil termin sifatida muayyan ma’noni ifodalaydi va unga -lik affiksining qo‘shiluvi bilan qog‘ozsozlik yasalgan. Bu tipdagi so‘zlarda oxirgi -lik affiksidan qolgan qismi ham mustaqil leksema sifatida qo‘llanishi mumkin. Qog‘ozchilik terminida unday emas, o‘zbek tilida qog‘ozchi mustaqil leksema sifatida qo‘llanmaydi. Shu sababdan, qog‘ozchilik terminida -chilik yaxlit bir affiks sifatida ajraladi, ya’ni uning -lik affiksidan qolgan qismi mustaqil leksema sifatida qo‘llanmaydi. Demak, bunday holatning mavjudligi hozirgi o‘zbek tilida ish faoliyatning ma’lum sohasini bildiruvchi bir butun holdagi -chilik affiksi borligini tasdiqlaydi.
Albatta, muayyan sohalarga oid terminlar yasalishida barcha affikslar ham baravar ishtirok etavermaydi. Qaysidir biri termin yasashda faol ishtirok etsa, boshqa birlari nofaol bo‘ladi.
So‘nggi yillarda barcha sohalarda zamonaviy texnik jarayonlarning takomillashuvi va ularning ishlab chiqarishga keng ko‘lamda kirib kelishi natijasida ular bilan bog‘liq tushuncha hamda ularni ifodalash uchun ko‘plab birikma shaklidagi terminlar yasash an’anasi kuchaydi. Termin yasashning sintaktik usuli haqida gap ketganda, asosan, birikma shaklidagi termin yasash holati tushuniladi. Barcha tillarda, jumladan, o‘zbek tilida ham birikma shaklidagi termin yasashning sintaktik usulidan keng foydalaniladi. Umuman, terminologiyada sintaktik usul bilan ko‘p miqdorda birikma shaklidagi terminlar yasaladi. Termin yasashning bu usuli (morfologik va semantik usullar singari) eng sermahsul hisoblanadi. Shuning uchun ham, har qanday soha terminologiyasida birikma terminlar soni boshqalariga nisbatan salmog‘i jihatidan birinchi o‘rinda turadi. Xususan, o‘zbek kitobatchilik terminologiyasida ham, ximiya, qurilish, farmatsevtika, texnik terminologiyalardagi singari, yakka so‘zli terminlarga nisbatan sintaktik usul bilan yasalgan terminlar ancha salmoqli o‘rinni egallaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kitobatchilik sohasiga oid 4500 terminning 3160 donasi, ya’ni 70 foizini ikki va undan ortiq komponentdan iborat birikma shaklidagi terminlar tashkil etar ekan.
Terminologiyaga oid ba’zi manbalarda bir so‘zga teng terminlar sistemaning minimal elementlari, ikki va undan ortiq so‘zlardan tuzilgan birikma shaklidagi terminlar esa, maksimal elementlari sifatida talqin qilinadi. Ular minimal elementlarga ayni sohaning tayanch yoki asos tushunchalarini ifodalovchi asosiy terminlar sifatida ham qaraydilar. Bildirilgan bu fikrlar ko‘p jihatdan o‘zbek kitobatchilik terminologiyasiga ham to‘liq mos keladi. Shu bois, ayni soha terminologiyasida ana shunday minimal elementlar mavjudki, haqiqatan ham ular (kitob, nashr, qog‘oz, nashriyot, muallif kabilar) shu sohaga oid asosiy o‘zak tushunchalarni ifodalashga xizmat qiladi. Bunday minimal elementlar ishtirokida birikma shaklidagi terminlar yasalishi hodisasi ancha faollashib bormoqda. Masalan, rus tilida ish qurollari, texnika vositalari nomlarini ifodalovchi birikma shaklidagi terminlar yasalishida tushunchalarning umumiy belgilarini o‘z ichiga olgan minimal elementlarning ishtiroki ancha samarali bo‘lmoqda. Masalan, mashina so‘zi ishtirokida juda ko‘plab ikki komponentli birikma shaklidagi terminlar yasalmoqda: mashina bumagorezalьnaya, mashina adresovalьnaya, mashina kartonorezalьnaya va h.z..
O‘zbek terminologiyasida birikma shaklidagi terminlarning yasalishida sistemalashtiruvchi minimal elementlarning o‘rni katta. Ayniqsa, ikki komponentli birikma shaklidagi terminlarni yasashda bunday sistemalashtiruvchi minimal elementlardan keng foydalaniladi. Masalan, o‘zbek kutubxonachilik-bibliografiya terminologiyasida birgina kutubxona minimal elementi ishtirokida 80 dan ortiq ikki komponentli termin yasalganligi ma’lum. O‘zbek kitobatchilik terminologiyasida ham birgina nashr so‘zi ishtirokida qirqdan ortiq birikma shaklidagi termin yasalgan: bosma nashr, to‘liq nashr, tuzatilgan nashr, yangi nashr va boshqalar. Bu erda minimal element deb ataganimiz nashr so‘zi umumiy tushunchani ifodalashi uning bir jihati bo‘lsa, ikkinchi jihati, uning birikma shaklidagi terminlarning aniqlanmish komponenti sifatida kelishi orqali nashrning turlariga ko‘ra tabaqalanishini ifodalamoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, o‘zbek kitobatchilik terminologiyasida boshqa tillardan kalka usuli bilan o‘zlashgan birikma shaklidagi terminlarning o‘zbekchadagi muqobil variantlari ham birikma shaklidagi termin holatida ifodalangan. Bu holatning mavjudligi ayni soha terminologiyasida birikma shaklidagi terminlar sonining ortishiga olib kelmoqda. Quyida ushbu holatni ingliz va o‘zbek tillari misolida ko‘rib chiqamiz: printed publikation - bosma nashr, continued publikation - davomli nashr, washable binding - yuviladigan muqova, hand composition - qo‘lda (harf) terish, title of the book - kitobning nomi, abridged edition // condensed edition - qisqartma nashr, printed publikation // published work - bosma asar, issue editor - nashr muharriri, paper reel - qog‘oz o‘rami, selektion(s), omnibus book (volume) - tanlangan asarlar to‘plami, book collektion - kitoblar to‘plami va h.z.. Yoki boshqa tillarda, xususan, rus tilida qo‘shma so‘z shaklidagi terminlarning o‘zbekcha ekvivalentlari birikma shaklidagi termin ko‘rinishiga ega bo‘ladi: knigonoska - kitob qopi, knigoopisanie - kitobni tavsiflash, knigopod’emnik - kitob ko‘targich, knigorasprostranenie - kitobning yoyilishi, knigopechatanie - kitob bosish va boshqalar.



Yüklə 0,94 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   78




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin