PARONIMLAR
Rus tilshunosligida paronimlarni izohlash XX asr oxirlarida boshlanganiga qaramay, faqat XX asrning 60-yillaridan paronim va paronimiya haqida maxsus tadqiqotlar yaratishga kirishildi. Xuddi shu davrlardan o‘zbek tili leksikologiyasi va frazeologiyasi bo‘yicha chiqarilgan ba’zi qo‘llanmalarda leksik va frazeologik paronimlarga ta’rif berildi. Keyinchalik o‘zbek tili paronimlari haqida bir qator maqolalar e’lon qilindi, “Paronimlar lug‘ati” nashr qilindi15. Eng muhimi, paronim va paronimiya haqidagi ma’lumot “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligidan va “O‘zbek tili leksikologiyasi” monografiyasidan ham joy oldiki, bu holat, o‘z navbatida, o‘zbek lingvistik terminlari sistemasida “paronim” va “paronimiya” terminlarining mustahkam o‘rin olishi uchun zamin yaratdi.
Rus va o‘zbek tillarida e’lon qilingan lingvistik adabiyotlarda paronim va paronimiyaga berilgan izoh va ta’riflar bilan tanishsak, bu hodisaga munosabat bir xil emasligi, xatto o‘zaro zid fikrlar mavjudligi, paronimiyaning boshqa hodisalar bilan qorishtirib yuborilayotganligini sezish qiyin emas. Paronimiya hodisasining mohiyatini aniqlash maqsadida “paronim” va “paronimiya” terminlariga berilgan o‘zaro farqli ta’riflardan ba’zilarini tahlil qilib ko‘raylik.
O.S.Axmanovaning “Lingvistik terminlar lug‘ati”da “paronimlar... talaffuzining o‘xshashligi va morfem sostavining qisman mos kelishi tufayli nutqda yo xato, yo so‘z o‘yini sifatida qo‘llaniladigan so‘zlardir”, deyiladi. Ta’rifda paronimlarning morfem, morfologik, semantik jihatlardan bo‘lgan chegarasi aniq belgilanmaydi. Natijada fonetik tuzilishi qisman o‘xshash bo‘lgan barcha birliklar – turli turkumga va morfem strukturaga ega bo‘lgan so‘zlar /leksemalar/ va grammatik formalar /so‘z formalar/ o‘zaro paronim deb ko‘rsatiladi: sud-osud /leksik birlik/sud/ va grammatik birliklar/; /po/ drova - /so/ dvora /turli grammatik formadagi morfologik birliklar/. Bunday misollar “Paronimlar lug‘ati”da ham bor: so‘nggi /yasama sifat: so‘ng+gi/ -so‘ngi /egalik formasi: so‘ng+i/: burish /xarakat nomi/ -burish / ajin, tirish – ot leksema/.
Paronimlarga oid ko‘plab ilmiy maqolalar va o‘quv qo‘llanmalari muallifi O.V.Vishnyakovaning paronimlarga bergan quyidagi ta’rifga e’tibor beraylik: “Paronimlar talaffuzi yaqin, ammo bir xil bo‘lmagan, urg‘usi aynan bir bo‘g‘inda tushadigan, bir so‘z turkumiga mansub va qo‘shimcha mazmun ottenkasi bilan farqlanib, fikr aniqligi uchun xizmat qiladigan tushunchalar ifodalovchi o‘zakdosh so‘zlardir”. Bu nisbatan paronimlarning fonetik va marfologik chegaralarini aniq belgilashga qaratilgan ta’rifda, bizningcha, bir qator e’tirozli o‘rinlar bor.
Birinchidan, so‘z ma’nosi o‘rnida muallif “tushuncha” termini qo‘llaydi, qolaversa, qo‘shimcha mazmun ottenkalari haqida gapirar ekan, aslida ma’no ottenkalarini nazarda tutadi, chunki tushuncha borliq ob’ekti haqidagi tasavvur sifatida so‘z ma’nosida reallashadi.
Ikkinchidan, mazkur ta’rifni o‘zakdosh sinonimlariga nisbatan ham qo‘llash mumkin, chunki qo‘shimcha ma’no ottenkalarini ifodalash barcha sinonimlarning, jumladan o‘zakdosh sinonimlarning asosiy funktsiyasidir.
Uchinchidan, ta’rifda paronimlarning urg‘usi aynan bir o‘rinda bo‘lishi shart qilib qo‘yiladi. Bunday konsepsiyani mantiqan bo‘g‘in miqdori farqli yoki turli bo‘g‘inda urg‘u olgan, lekin o‘xshash fonetik strukturaga ega differentsial ma’noli o‘zakdosh leksemalar o‘rtasidagi paronimik munosabatni /masalan, O.V.Vishnyakovaning o‘zi keyingi qo‘llanmasida paronimlar sifatida keltirgan udachnыy “muvaffaqiyatli” va udachlivыy “omadli” yoki o‘zbekcha silamoq va siylamoq kabi urg‘u pozitsiyasi farqlangan, farqlanayotgan so‘zlar munosabatini/ inkor etadiki, bu fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi.
T.G.Ponomarenko paronimlarga shunday ta’rif beradi: “Paronimlar strukturasi va tovush o‘xshashligi /shuningdek, bir tildagi urg‘u olish/, bir so‘z turkumiga mansubligi bilan birlashgan o‘zakdosh so‘zlar bo‘lib, ular ma’nosiga ko‘ra aynan yoki farqli bo‘lishi mumkin”. Bu ta’rifda paronimlarning formal yaqinligi, o‘zakdoshligi orqali paronimlarga yaqin turadi, bir xil semantik xarakteristikasi bilan esa doim differentsial ma’noli bo‘lgan paronimlardan farq qiladi.
N.P.Kolesnikov paronimlarning faqat o‘zaro formal yaqinligini emas, balki semantik munosabatini ham hisobga olib, ularni quyidagicha ta’riflaydi: “Paronimlar deb tovush jihatidan o‘xshash, mazmunga ko‘ra farqli va biri o‘rnida boshqasi yanglish qo‘llanadigan so‘zlarni atash to‘g‘riroqdir”. Bu ta’rifda paronimlar doirasi ancha torayadi, ya’ni har qanday o‘xshash so‘zlar emas, balki ma’nosi farqli va o‘zaro yanglish ishlatiladigan leksemalargina paronimlar hisoblanadi. Misol taraqasida ham o‘zakdosh /zdravitsa “tabriknoma” va zdravnitsa “shifoxona”/, ham o‘zakdosh bo‘lmagan /infektsiya va in’ektsiya “ukol”/ so‘zlar keltiriladi. Paronim va paronimiyaga bo‘lgan bunday munosabatni o‘zbek tadqiqotchilari asarlarida ham uchratish mumkin. Chunonchi, M.Toshaliyev va M.Jo‘raboyevalar shunday deb yozadilar. “Paronimiya shaklan yaqin, yondosh so‘zlarning nutqda xato ravishda bir-birining o‘rnida qo‘llanilishiga, shuningdek, shu tip so‘zlarning ba’zan so‘z o‘yini, qochiriq vositasi sifatida ishlatilishiga nisbatan qo‘llanadi. Paronimlar esa shunday xususiyatga ega bo‘lgan so‘zlar bo‘lib, paronomaziya / ta’kid – bizniki D.E./ paronimlarning nutq protsessidagi yaqinlashuvidir”. Birgina ta’rifning o‘zida ikki xil termin / “paronimiya” va “paronomaziya”/ terminlari/ avtorlarning ta’kidlashicha, “til strukturasida alohida o‘rin tutadigan til faktini leksik hodisa sifatida izohlash uchun” ishlatiladi. Anglashiladiki, bu o‘rinda til hodisasi /paronimiya/ nutq hodisasi /paronomaziya/ bilan qorishtirib yuborilgan. Leksik–semantik kategoriya bo‘lgan paronimiya va nutqiy hodisa – paronomaziyaning o‘zaro farqi, qiyosi bir qator ishlarda maxsus yoritilgan. Shuning uchun biz masalaga bevosita aloqador bir holatni ta’kidlash bilan cheklanamiz. Ma’lumki, har qanday so‘zning, jumladan, paronimlarning ham leksik ma’nosini faqat kontekstda, uning boshqa so‘zlar bilan mumkin bo‘lgan potentsial bog‘lanishlari yordamidagina aniqlash kerakligi haqidagi tezislar matbuotda tanqid qilingan va bu haqida taniqli sovet tilshunosi R.A.Budagov shunday deb yozgan edi: “har qanday ongli kishining tasavvurida, agar rus tili uning uchun ona tili hisoblansa, stol va voda “suv” kabi so‘zlarning ma’nosi /bunga o‘xshash so‘zlar esa minglab topiladi/ hech qanday kontekstsiz ham anglashilaveradi. Kontekst uni faqat to‘ldiradi, uning ikkinchi, uchinchi yoki tamomila yangi ma’nosini birinchi planga olib chiqadi”. Demak, o‘zbek tilida mavjud bo‘lgan ayrim va ajrim, jamoat va jamiyat, kemtik va kemshik, tanti va tantiq, diplomat va diplomant, ekonomika va ekonomiya kabi yuzlab paronimlarning ma’nolarini kontekstsiz ham tushunish va tushuntirish mumkin.
Keyingi ikki ta’rifda /N.P.Kolesnikov hamda I.Toshaliyev va M.Jo‘raboyevalar ta’riflarida/ ta’kidlangan tezis – “paronimlar nutqda qo‘llanadigan so‘zlar ekanligi” masalasiga kelsak, talaffuzi yaqin, ma’nosi farqli so‘zlar nutqda adashtirilishi ham, adashtirilmasligi ham mumkin. Bu so‘zlovchining bilim va ko‘nikmalari, uning nutq madaniyati darajasiga bog‘liq. Paronimlarning xato qo‘llanishi yoki ularning xato qo‘llanish imkoniyatiga ega bo‘lishi paronimik munosabat uchun asosiy kriteriy bo‘lolmaydi. Chunki adashtirish – paronimlarni bilmaslik belgisi, lekin ularning mohiyatini belgilovchi printsip emas.
Paronimiya va bu hodisa haqidagi ta’riflarga yakun yasashdan oldin yana bir muhim masalaga to‘xtalmoqchimiz. Ma’lumki, har bir konkret tilda ob’ektiv ravishda faqat til faktlarigina emas, balki bu faktlarga doir kategoriyalar ham mavjud bo‘lib, ular ob’ektiv mavjud bo‘lmagan sof abstraktsiyalar yoki hozirgi zamonaviy talqinda til kategoriyalarining modellaridir.
Tilshunoslik kategoriyalarini til kategoriyalaridan farqlash zarurligi haqidagi lingvistikada e’tirof etilgan ushbu tezis paronimiyaga ham bevosita aloqadordir. “Paronimiya” termini boshqa tilshunoslik terminlari singari ikki ma’noda qo‘llaniladi. U, bir tomondan, konkret tilda mavjud bo‘lgan turli ma’nodagi o‘xshash talaffuzli o‘zakdosh so‘zlarning o‘zaro leksik-semantik munosabatini bildirsa, ikkinchi tomondan, ana shunday munosabat haqidagi nazariyani bildiradi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, paronimlar munosabati har bir tilda o‘ziga xos nisbiy yopiq sistemaga ega va bu sistemani o‘rganish tilshunosdan so‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga asoslangan leksik-semantik kategoriyalar – sinonimiya, omonimiya, antonimiya kabi e’tibor talab qiladi.
Sinonimiya shakli har xil, ma’nosi bir yoki o‘zaro yaqin so‘zlar munosabatini, omonimiya shakli va talaffuzi bir xil, ma’nosi turlicha so‘zlar munosabatini, antonimiya esa shakli har xil, ma’nosi o‘zaro zid so‘zlar munosabatini bildirishi qadimdan ma’lum va bu klassik tushuncha hozirgi tilshunoslar tomonidan ham e’tirof etiladi. Ammo paronimiya hodisasi, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, aksariyat ta’riflarda o‘zining ilmiy-differentsial xarakteristikasini olgan emas.
Qadimgi greklar paronimlarni /para – yondosh, yaqin+onoma – ism, nom/ “umumiy o‘zakka ega bo‘lgan, o‘xshash talaffuz qilinuvchi, lekin har xil ma’noli so‘zlar deb ataganlar”. o‘tgan asrda nashr qilingan va rus tilidagi 30 ming chet el so‘zi izohiga bag‘ishlangan lug‘atda: “Paronimika o‘xshash talaffuzli, ma’nosi va yozilishi har xil o‘zakdosh so‘zlar haqidagi ta’limotdir”, deyiladi. Ushbu lug‘atda paronimik va etimologik so‘z – terminlarining bir xil ma’noda qo‘llanilishi ham e’tiborga loyiq. Demak, paronimlarning etimologik aloqadorligi o‘zining tarixiy asosiga ega.
Talaffuzi (fonetik ifodasi) o‘xshash, ammo lug‘aviy ma’nosi farqli o‘zakdosh leksemalar paronimlar deyiladi. Paronimlarning o‘zaro leksik-semantik munosabatda bo‘lishi esa paronimiyadir16.
Dostları ilə paylaş: |