German Paul tarixiylikning rolini bo’rttirib, “tilshunoslik fani to’lig’icha tarixiydir” va til tizimi haqidagi har qanday tarixiy bo’lmagan ish ilmiy ish emas deb ta’kidlagan. “Yosh grammatikachilar”ning yana bir kamchiligi ularning faqat alohida shakl va kategoriyalarni o’rganishgani va ularda til tizimi degan tushunchaning mavjud bo’lmaganligidadir. Qiyosiy-tarixiy metod taraqqiyotining uchinchi bosqichi Aleksandr Potebnya, Gugo Shuxardt, Boduen de Kurtene, Ferdinand de Sossyur va boshqa olimlar faoliyati bilan bog‘liqdir. Bu davrda sotsiologik tilshunoslik (ya’ni tilning ijtimoiy vazifalarini muloqot vositasi sifatida ajratish), dialektologiya va dialektografiya sohalari taraqqiy qildi. G. Shuxardt so‘zni u anglatgan predmetlar bilan bog‘liqlikda o‘rganishga chaqiradi. Uning “So‘z va narsalar” asari (1912) shu nomli lingvistik maktabning yaratilishiga turtki bo‘ldi. Avstriyalik tilshunos Rudolf Meringer tomonidan chop etiladigan “So‘z va narsalar” jurnali ushbu maktabga shunday nom berdi. Shuningdek, neolingvistika (Italiyada XX asrning 20-yillarida) oqimi vujudga keldi: bu oqim talqinicha, til ijtimoiy hodisa emas, balki individual hodisadir; yagona til mavjud emas, balki dialektga xos bo‘lgan izoglosslar birligi bor, xolos. Asos bobo tilidagi bir qator izoglosslarning kashf etilishidir.
To‘rtinchi davr (hozirgi davr). Turkiya va Suriya hududlarida qudratli davlatchilik mavjud bo‘lgan. Bu yerda xettlar istiqomat qilishgan. Arxeologik qazishmalar paytida olimlar mixxat belgilar tushirilgan o‘n minglab loydan yasalgan lavhalarni topishgan. Matnlarning ko‘pchiligi akkad tilida yozilgan bo‘lib, bu til Qadimgi Sharqda o‘ziga xos “lotin tili” vazifasini o‘tagan. Lekin noma’lum tilda yozilgan matnlar ham ko‘p edi. Olimlar bu til – xett tili degan xulosaga kelishdi. Xett tili sirlarini esa qiyosiy-tarixiy metod tamoyillarini qo‘llagan buyuk chex olimi B. Grozniy ochishga muvaffaq bo‘ldi. Xett tili ma’lumotlari hind-Yevropa tillari tarixini chuqurroq va aniqroq o‘rganishga va qiyosiy-tarixiy metodni rivojlantirish va mukammallashtirishga yordam beradi. Xett tili sirlarini ochish olimlarga eramizdan oldingi XVIII asrgacha bo‘lgan qadimiy davr qa’riga kirib borish imkoniyatini berdi. Chunki xett tilining kelib chiqishi (demak, hind-Yevropa tili ham) shu davr bilan belgilanadi.
Xett tilidagi “vadar” va rus tilidagi “voda” va xett tilidagi “nebis” va rus tilidagi “nebesa” bir xil ma’nolarga ega. Rus tilida va xett tilida 3 sanoq soni “tri” deb talaffuz qilinadi. Xett tili rus, ingliz, yunon, litva va boshqa hind-Yevropa tillari bilan qarindosh bo‘lib chiqdi.
Bu davrda, shuningdek, sinxron tilshunoslik, glottoxronologiya, strukturalizm va boshqa yo‘nalishlar ham taraqqiy eta bordi.