Fe’l yasalishi. Fe’llar affiksatsiya va kompozitsiya usuli bilan yasaladi.
1. Affiksatsiya. Bu usul yordamida fe’l bo’lmagan so’z (ot, sifat, son, ravish, taqlidiy so’z, olmosh, undov)lardan fe’l yasaladi; fe’ldan fe’l yasalmaydi. Fe’l yasovchi affikslar quyidagicha:
-la; ishla, gulla, oqla. Eng faol affiks bo’lib, barcha so’z turkumlaridan fe’l yasay oladi.
-lan, -lash; zavqlanmoq, bahslashmoq.-lan bir vaqtning o’zida ham fe’l, ham o’zlik nisbatni; -lash esa fe’l va uning birgalik nisbatini hosil qiladi. Shunga qaramay rivojlanmoq, og’irlashmoq fe’llari bosh (aniq) nisbatda, deb qaraladi.
-(a)r; sifatdan fe’l yasaydi; ko’karmoq, yoshar.
-(a)y; sifat, ravish, otdan fe’l yasaydi; kengaymoq, ko’paymoq, qoraymoq, kuchaymoq.
-a; ot, sifatdan fe’l yasaydi; sanamoq, o’ynamoq, oshamoq, qonamoq, atamoq, qiynamoq.
-sira; ot va olmoshdan fe’l yasaydi; suvsiramoq, uyqusiramoq, sensiramoq, yotsiramoq.
-k(-ik), -q(-iq); kechikmoq, birikmoq, zo’riqmoq.
-ira yaltiramoq, qaltiramoq, miltiramoq, yarqira.
-i ot va sifatdan fe’l yasaydi; changimoq, boyimoq, tinchimoq. 2. Kompozitsiya usuli bilan qo’shma fe’llar yasaladi. Qo’shma fe’llar qismlari qaysi so’z turkumlaridan iboratligiga ko’ra ikki xil yo’l bilan hosil bo’ladi: a) fe’l bo’lmagan so’zning fe’l bilan birikuvidan: taklif qilmoq, qarshi olmoq, bayon bermoq.
b) birdan ortiq yetakchi fe’lning birikuvidan: sotib olmoq, olib kelmoq.
Ravish
Ish-harakatning, holatning belgisini, belgining belgisini bildiruvchi so’z turkumi ravish deyiladi. Ravish morfologik jihatdan o’zgarmas bo’lib, asosan fe’llarga bog’lanib keladi, hol vazifasini bajaradi.
I. Ravishlarning ma’no turlari olti xil: holat ravishi, miqdor-daraja ravishi, o’rin ravishi, payt ravishi.
1. Holat ravishi: ish-harakatning qay tarzda, qay holatda bajarilishini bildiradi; qanday? qay holda?, qay tarzda? so’roqlariga javob bo’ladi. Holat (tarz) ravishlari: tez, sekin, yayov, piyoda, bekorga to’satdan, qo’qqisdan, astoydil, do’stona, qahramonlarga, yuzma-yuz, ochiqdan-ochiq, zo’rg’a.
2. Miqdor-daraja ravishi: harakat-holatning miqdoriy belgisini yoki belgining ortiqligini bildiradi: qancha? qanday? so’roqlariga javob bo’ladi: ko’p, mo’l, ancha, kam, bir oz, picha, hiyla, sal, juda, eng, g’oyat, nihoyat, o’ta.
3. O’rin ravishi: harakat va holatning bajarilish o’rnini, harakat yo’nalgan tomonni bildiradi; qaerga? qaerdan? qaerda? so’roqlariga javob bo’ladi: uzoqda, pastda, tubanda, oldinda, unda-bunda, yuqoridan, quyidan, yaqindan, orqadan, to’g’riga, to’g’ridan, yuqoriga, ilgari, olg’a.
4. Payt ravishi harakat va holatning bajarilish paytini bildiradi; qachon? qanchadan beri? so’roqlariga javob bo’ladi: hozir, boya, bugun, kecha, avval, oldin,endi, erta, indin, saharlab, ertalab, doim, hali-beri.
5. Maqsad ravishi ataylab, jo’rttaga, qasddan.
6. Sabab ravishi noiloj, noilojlikdan,atayin.
II. Ravishlar belgini darajalab ko’rsata oladi; qiyosiy daraja:-roq. Biz nariroq surildik; eng: Bahorda eng avval bodom gullaydi.
-gina (-kina,-qina) affikslari orqali hosil qilingan shakllar harakat-holatning kuchsizlanganini yoki ta’kidlanganligini anglatadi: U sekingina shivirladi.
III. Ravish yasalishi quyidagicha:
1)affiksatsiya usuli bilan ot, sifat, olmosh kabi turkum so’zlaridan ravish yasaladi.
-cha: qisqacha, yangicha, o’zicha, boshqacha, eskicha, shoshgancha, bolacha, yigitcha, yashirincha, atroflicha, o’zimcha.
-larcha; qahramonlarcha, o’rtacha, qardoshlarcha.
-chasiga; yangichasiga, toshkentchasiga, eskichasiga.
-ligicha; xomligicha, tirikligicha, butunligicha.
-lab; ertalab, saharlab, ko’plab, yaxshilab, kilolab, tonnalab.
-ona; do’stona, fidokorona, g’olibona, xolisona.
-an: taxminan, umuman, majburan, asosan...
-lay: (-layin); butunlay, tiriklay, xomlayin.
-in; yashirin, oldin.
-incha; ko’pincha, aksincha
-chang; ko’ylakchang, kovushchang.
-dek,-day; tog’dek, otday, lochinday, avvalgidek.
-iga (-siga); baravariga, qatorasiga, yoppasiga.
-aki; yuzaki, yodaki, og’zaki.
2) kompozitsiya usuli bilan qo’shma ravishlar yasaladi. Quyidagi qo’shma ravishlar qo’shib yoziladi: birpas, birmuncha. Quyidagi qo’shma ravishlar ajratib yoziladi: har doim, har vaqt, har qachon, har kuni, har zamon (da), hech vaqt, hech qachon, bir oz, bir nafas, bir vaqt, bir talay, bir qancha.
Yuzma-yuz, so’zma-so’z, uchma-uch, dam-badam, qo’lma-qo’l, birma-bir, quruqdan-quruq, to’g’ridan-to’g’ri, kundan-kunga, o’z-o’zidan kabi so’zlar ham ravish hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |