MUAMMOLI SAVOLLAR VA KAZUSLAR 1. Jinoyat-protsessual majburlov choralari jinoyat protsessida ishtirok etuvchi shaxslar xulq-atvoriga ta’sir etish usullari sifatida qo‘llaniladigan jinoyat protsessual tusdagi choralar hisoblanadi. Jinoyat-protsessual majburlov choralarini o‘zaro qiyoslab tahlil qiling. 2. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat o‘zaro huquq va burchlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Fuqarolarning huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Shu bilan birgalikda, fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasliklari shart. Jinoyat ishlarini ko‘rib chiqadigan davlat organlarining faoliyatida bu masalalar o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi, chunki shaxs jamiyat oldidagi protsessual majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarmasa, uning erkinligini majburlov choralari orqali cheklashga to‘g‘ri keladi. Shaxsni konstitutsiyaviy huquqlarini cheklaydigan protsessual majburlov choralarini tavsiflab tahlil qiling.
1-kazus Ichki ishlar xodimi, tergovchi Qosimov Yakkasaroy ko‘chasidan ketayotganida qarama-qarshi tomonidan kelayotgan fuqaro Nodirovning kiyimlaridagi qon dog‘lari va izlarini ko‘rib qoladi va uni to‘xtatib, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlanganligini ma’lum qiladi va unga uzoqda bo‘lmagan militsiya uchastkasiga borishini talab qiladi. Ayni vaqtda uning yonida jinoyat sodir etish quroli mavjud degan gumon asosida fuqaro Nodirovni shaxsiy tintuv qiladi va uning yonidan topilgan pichoqni olib qo‘yib, bu haqda bayonnoma tuzadi. Keyinchalik uning haqiqatdan ham jinoyat sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Dastlabki tergov jarayonida ayblanuvchi Nodirov yuqori turuvchi prokurorga tergovchi Qosimovning prokuror sanksiyasisiz tergov harakatlari olib borganligi va majburlov chorasi sifatida ushlab turish chorasini qo‘llaganligi ustidan shikoyat qiladi.