Munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxatda ushbu chora qo‘llanilayotgan shaxsning yashash manzili ko‘rsatilgan bo‘lishi shart. Agar shaxs ro‘yxatda turadigan va yashaydigan manzili muvofiq kelmasa, tilxatda qaysi manzil ko‘rsatiladi? Bunday hollarda ayblanuvchi o‘zining doimiy yoki vaqtincha turar joyi mavjudligini, bu joyda o‘zi ro‘yxatga olingan yoki olinmaganligidan qat’iy nazar, isbotlab berishi lozim, deyish xato nuqtayi nazar bo‘lib, ayblanuvchi zimmasiga hatto ayblovning mohiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarni ham isbotlash majburiyati yuklatilishi mumkin emas, bu O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 26-moddasidagi aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga mutlaqo ziddir. Ayblanuvchi har qanday dalillar taqdim etishga majbur emas, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasiga ko‘ra dalillar taqdim etish ularning huquqi, aslo majburiyati emas.
Ayblanuvchi yashaydigan manzilni tilxatda ko‘rsatish chog‘ida qiyinchiliklar tug‘ilganda (masalan, ikki yoki undan ortiq uy-joyda istiqomat qilishi ehtimol bo‘lgan shaxslarga nisbatan) iltimosnomalar berish institutidan keng foydalanish mumkin, zero jinoyat protsessida juda ko‘plab ishtirokchilarga mazkur huquq berilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 43-,46-,48-,53-,55-,57-,59-moddalari). Ayblanuvchi yoki uning himoyachisi tomonidan munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat amal qiladigan muddat ichida shaxsning qaysi manzilda istiqomat qilishi to‘g‘risida iltimosnoma berilishi mumkin. Agar iltimosnomada bir necha manzil ko‘rsatilgan bo‘lsa, tergovchi iltimosnoma bergan shaxslarning roziligi bilan ulardan birini tilxatda ko‘rsatadi. Fikrimizcha, tilxatda bir necha manzilning ko‘rsatilishi ham (masalan, ayblanuvchi oilasi, ota-onasi yashaydigan manzillar) jinoyat sudlov ishlarini yuritishga to‘sqinlik qilmaydi.
Ehtiyot chorasi sifatida munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxatni qo‘llash masalasini hal etishda ayblanuvchining haqiqatdan ham ko‘rsatilgan manzilda istiqomat qilishini aniqlash yuzasidan tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi istisno qilinmaydi. Tergovchi shaxsning istiqomat joyi noma’lum bo‘lgan holda undan tilxat olish chorasidan boshqa jiddiy chorani qo‘llashi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ham ehtiyot choralari ichida eng yengili hisoblangani bilan, ayblanuvchi zimmasiga ko‘plab majburiyatlarni yuklaydi, ularni bajarmaslik esa boshqa jiddiy choralar qo‘llanishiga olib keladi va u ham boshqa ehtiyot choralari singari jinoyat sudlov ishlarining muvaffaqiyatini taminlashga xizmat qiladi.