O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
“TOSHKENT IRRIGATSIYA VA QISHLOQ XO’JALIGINI MEXANIZATSIYALASH MUHANDISLARI INSTITUTI” MILLIY TADQIQOT UNIVERSITETI
Fanning tarkibi va vazifalari:
Ushbu fan, dunyoda va mamlakatimizda energetikaning hozirgi holati, kelajagi, muammolari hamda rivojlanishi to‘g‘risida umumiy ma’lumotlarni beradi. Energetikaning umumiy masalalarini o‘rganish, talabalarga o‘zi tanlagan mutaxassislikni chuqur tushunishiga hamda umumta’lim va maxsus fanlarni o‘rganishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Dunyoda organik yoqilg‘ilar narxining oshib borishi hamda zahiralarining kamayib borishi, atrof muhitni muhofaza qilish nazorati kuchaytirilganligi sababli, juda ko‘p mamlakatlarda qaytalanuvchi energiya manbalari - gidravlik va gidroakkumulyatsion, to‘lqinlar, geotermal, atom, quyosh, shamol, biomassa va boshqa energiya turlari hamda ularni o‘zlashtirishga qiziqish kuchayib bormoqda. Fanning asosiy maqsadi ana’naviy - issiqlik, gidravlik va gidroakkumulyatsion hamda noana’naviy energiya turlari - to‘lqinlar, geotermal, atom, quyosh, shamol, biomassa va boshqa energiya turlari haqida tushuncha berishdan, ilmiy-texnik taraqqiyot hamda ana’naviy va noana’naviy energiya turlari, ularning atrof-muxitga ta’siri hamda unga bog‘liq tabiatni muxofaza qilish va tabiiy resurslardan ratsional foydalanish masalalari o‘rganishdan iboratdir.
Fanning tarkibi va vazifalari:
“Mutaxassislikka kirish” fanini o‘rganish jarayonida quyidagilar to‘g‘risida birlamchi ma’lumotlar beriladi: -energetika sohasida ilmiy-texnik rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekiston Respublikasida energetikaning ahamiyati va uning kelajagi; -gidroenergetikaning rivojlanishi. O‘zbekistonda va dunyoda gidroenergetikaning rivojlanish tarixi. Gidroenergetikaning hozirgi holati va kelajakdagi rivojlanish istiqboli; -gidroenergetika asoslari, suv va suv resurslari, gidroenergetik resurslar miqdorini baholanishi; -ana’naviy va noana’naviy, qaytalanuvchi va qaytalanmaydigan energiya manbalari asoslari; -quyosh energiyasi, quyosh energiyasining afzalliklari, quyosh energiyasi yordamida issiqlik va elektroenergiya ishlab chiqarishni, quyosh elektrostansiyalari va fotoelementlari; -shamol energetikasi va elektrostansiyalari; -to‘lqinlar energiyasi va elektrostansiyalari, suvni ko‘tarilib – tushish energiyasi va elektrostansiyalari hamda okeanning issiqlik va har xil oqimlar energiyasi asoslari; -geotermal energiya va undan energiya olish hamda geotermal elektrostansiyalar va qaytalanuvchi energiya manbalari; -termoyadro energiyasi, termoyadro rektorini yaratish muammolari, termoyadro reaktorining afzalliklari; -energetika rivojlanishining muammolari va salbiy oqibatlari, energiyani tejash va tejash usullari.
Energiyaning jamiyatdagi o‘rni:
Hozirgi kunda xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini rivojlanishi, ularning elektroenergiya bilan ta’minlanganligiga bog‘liqdir. Qishloq xo‘jaligida kichik ishlab chiqarish korxonalarini, suv xo‘jaligida nasos stansiyalarini va qurilmalarini hamda gidrotexnik inshootlarida suv oqimini tartibga soluvchi qurilmalarni harakatga keltirish uchun elektroenergiya bilan ta’minlash juda muhimdir. Qishloq va suv xo‘jaligidagi juda ko‘p elektroenergiya iste’molchilari, tog‘li va tog‘ oldidagi kichik qishloqlar asosiy elektr tarmoqlarida uzoqda joylashgan. Ularni asosiy elektr tarmoqlaridan elektroenergiya bilan ta’minlash juda qimmatga tushib ketadi. Shuning uchun ushbu elektr iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlashda noana’naviy energiya manbalari hamda irrigatsiya tarmoqlaridagi energetik nuqtalarda ishlab chiqiladigan elektroenergiya bilan ta’minlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda irrigatsiya tarmoqlaridagi energetik nuqtalardan kichik va o‘rtacha GESlar yordamida elektroenergiya ishlab chiqarish to‘g‘risida hukumatning bir qator qarorlari qabul qilinib, ular asosida qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Ammo noana’naviy energiya manbalari – quyosh, shamol va boshqa energiya turlaridan foydalanish hozircha endigina yo‘lga qo‘yila boshladi