O’stirish texnologiyasi: Tadqiqotchilarning ko’rsatishicha, tukli erva ekilganida daraxtlar soyasida ham, oftobda ham rivojlanaveradi. Yetarli darajada sug’orib turilmasa yaproqlar yuzasi kichrayadi, o’simlik erta gullay boshlaydi, poyasi o’sishdan to’xtaydi, yon novda o’sishi kuzatilmaydi. Ko’chat sifatida o’stirilganda to’kilgan urug’lardan chiqqan o’simliklar ko’p uchrasada, ularning urug’i pishishga ulgurmaydi. Tukli erva ekini O’zbekistonda bir yillik o’simlik hisoblanadi. Undan xomashyo olish uchun (yer ustki qismi) bevosita tuproq yuzasiga ekiladi, urug’ olish uchun o’simliklar albatta yetilishi kerak, shuningdek, issiqxonada sabzavot (pomidor, baqlajon, karam va hokazolar) oʻstirib ko’chat qilib o’tkaziladi. Ko’chat yetishtirish uchun fevral oxiri, mart boshlarida 60x25 sm o’lchamli, balandligi 25 sm bo’lgan taxta qutilarga issiqxonalarda 18-24 daraja haroratda urug’ ekiladi. Qutilar tubiga drenaj uchun keramzit yoki mayda shag’al (1-2 santimatr o’lchamli) ustidan yirik donador qum solinadi. Uning ustiga quyidagi tarkibli oziq beruvchi tuproq to’shaladi; chirigan barglar, chirigan go’ng, qum (1:1:0.5). Urug’ni javonlarga yoki yerga ekish mumkin, lekin bunda suv oziqlantiruvchi tuproqda to’planib qolmasligi uchun drenajni nazardan qochirmaslik kerak. Bir kvadrat metrga 5 kg urug’ sarflanadi. Urug’ 1-2 santimetr chuqurlikka qadaladi. Ekinzor har kuni leykada sug’oriladi va maysa hosil bo’lgunga qadar yer usti nam holatda saqlanadi. Urug’ ekilganda 6-10 kun keyin maysa una boshlaydi. Sug’orish soni kamaytira boriladi va 10-15 kundan keyin haftasiga 2 martagacha sug’oriladi.Tez-tez sugʻorilganda tuproq yuzasida suvlar hosil boʻladi va erva maysalari halokatga uchraydi.Bir juft chin barg oʻsib chiqqan (10 kunlik)da koʻchatlar bir-biridan 3-5 santimetr oraliqda koʻchirib oʻtqaziladi. Koʻchatlarning tutishi 90 foizdan iborat. 3-4 barg chiqarish bosqichida mayning boshlari yoki oʻrtalarida koʻchatlar pushtalarga oʻtkaziladi. Pushtalar 50-60 sm oraliqda olinadi, koʻchatlar bir-biridan 15 sm masofada ekiladi, shunda bir gektar maydonga 60-70 ming dona koʻchat sarflanadi. Ervani urugʻidan aprel oyida, gektariga 1kg hisobida yuz hissa qum, kul, kukun, holidagi chirindi va hokazolar aralashtirib , tuproq yuziga sepiladi. Erva ekish uchun begona oʻtlardan tozalangan, yaxshilab ishlov berilgan, tekislangan yer tanlanadi. Qator oralari jildiratib sugʻoriladi. Maysa hosil boʻlganga qadar tuproq yuzasi nam holatda saqlab turiladi. Kunduzi issiqni saqlab qolishi uchun tunda sugʻoriladi. Tuproq harorati 18-20 darajada boʻlganda aprel oxiri may boshlarida oʻsimlik maysalari paydo boʻladi. Maysalar juda nozik boʻlganidan ularni parvarish qilish 3-4 juft chin barg hosil boʻlganidan keyingina boshlanadi, tukli erva ekinzorlari mavsum davomida 9-10 marta (may-avgust 2 tadan, sentyabr-1, oktyabr-1(0) sugʻoriladi. Har 2-3 sugʻorilgandan keyin kultivatsiya oʻtkaziladi, qatorlar ketmon yordamida oʻtroq va yagona qilinadi, bir-biridan 10 sm oraliqda har bir uyada 12 tadan oʻsimlik qoldiriladi. Ervani vegetatsiya davomida oʻsuv, shonalash va gullash davrlarida oʻgʻitlash yaxshi natija beradi. Oʻrtacha gektariga 110-120 kg azot, 80-85 kg fosfor va 60-65 kg kaliy oʻgʻiti berish maqsadga muvofiq boʻladi. Oʻsimliklarning yer ustki qismi qiygʻos gullash, urugʻ pishish davrida oʻtroq oʻrish uskunalari, silos yigʻgich agregatlari yordamida yigʻib olinadi. Yigʻilgan xomashyo hoʻl holatda 1-1.5 sm uzunlikda qirqiladi. Yogʻochga aylana boshlagan poya va novdalari quriganida ancha qattiq boʻladi. Maydalab qirqilgan xomashyo shiyponda 3-4sm qalinlikda yoyiladi, bir tekis koʻrishi uchun vaqti-vaqti bilan agʻdarib turiladi. Qurigan xomashyo ichiga oq qogʻoz toʻshalgan faner qutilarga joylashtirilib uni saqlash sharoitlari va muddatini bildiruvchi yorliq yopishtiriladi. Pol-pola oʻsimligining urugʻi qiygʻos pishgan davrida, yaʼni noyabr oyining boshlarida oʻriladi, xomashyo xirmoniga olib boriladi, brezent ustiga yoyib, bir-ikki hafta quritiladi va yanchiladi. Tozalangan urugʻlar boʻz qopchalarga joylanib, ustiga yorliq yopishtiriladi. Urugʻlarni boshoqdan ajratib olishda elektr kofe quygich yoki elektr goʻsht maydalagich uskunalaridan foydalanish mumkin. Urugʻlarni saqlash muddati va sharoitlari belgilanmagan. Tukli erva xomashyosi poya qismlaridan, yaproq ildiz, boshoq va urugʼlardan iborat. Rangi kulrang, hidsiz, taʼmi mavhum. Tukli ervani agrotexnikasiga rioya qilinib parvarish qilinsa, gektariga oʻrtacha 2 tonna xomashyo va 100-120 kg urugʻ olish mumkin. [1]