1. Shaxsning ongini shakllantirish metodlari oldin ishontirish metodlari deb ham atalgan.
Tarbiya jarayonida qandaydir sifatni shakllantirish uchun, avvalo uning mazmun-mohiyatini tasavvur qila olish kerak. Tarbiyachilar tarbiya mazmuni bilan belgilangan faoliyatga kirishishga tayyor boʻlganidagina metodlar oʻz maqsadiga erishadi.
Bolalarning ongiga ta’sir koʻrsatish uchun toʻg‘ridan – toʻg‘ri beriladigan koʻrsatmalar kutilgan natijani bermaydi. Vaziyatlar, masallar va ibratli hikoyalardan foydalanish tarbiyaning ruhan yangilanishiga yordam beradi, metodlarni qoʻllash samaradorligini oshiradi. Shuningdek, axloqqa oid hikoyalar, tushuntirish, ta’riflash, ma’ruza, koʻndirish, ta’sir koʻrsatish, koʻrsatma berish, munozara, nutq soʻzlash metodlaridan foydalanish amaliyoti joriy etilgan. Bir qarashda oddiy koʻringan ushbu metodlarni qoʻllash yuqori darajadagi pedagogik mahoratni talab qiladi.
Metodlarning ayrimlariga toʻxtalib oʻtamiz.
Axloqqa oid hikoya bolalarni axloqiy me’yorlarni, “nima yaxshi?”, “nima yomon?” – kabi savollarga javob topishga, hikoyadagi timsollarning xatti-harakatlarini baholashga oʻrgatadi, ularning xulqini ijobiy tomonga oʻzgartiradi. Shunga qaramasdan, ta’sirchanlikni oshirish uchun hikoya quyidagi talablarga javob berishi lozim:
bolalarning yoshiga, ijtimoiy tajribasiga mos boʻlishi kerak;
yakuniy xulosalar bilan tugallanishi maqsadga muvofiq.
Ta’riflash – tinglovchiga hissiy – nutqiy ta’sir koʻrsatish metodi. Oddiy huquqbuzarlik sodir etilganida ta’riflash shart emas. Masalan, partaga chizmaslik, tuflamaslikni tushuntirish uchun ta’rif shart emas. Agar butun sinf darsdan ketib qolsa yoki navtbatchilikni tashlab ketsa, ushbu xatti-harakatlarning oqibatlarini chuqurroq tahlil qilib, ta’riflash maqsadga muvofiq.
Ta’riflash ta’sir koʻrsatishga asoslanadi. Ta’sir bola ongiga sezdirmasdan kirib borib, shaxsning faoliyatiga, xulqiga turtki beradi. Ta’sir koʻrsatish boshqa tarbiya metodlarining ta’sirini kuchaytirish uchun qoʻllaniladi.
Tarbiya amaliyotida iltimosning ta’riflash va ta’sir koʻrsatish bilan uyg‘unligini ta’minlaydigan koʻndirish metodidan ham foydalaniladi. Koʻndirishning pedagogik samarasi tarbiyachining obroʻsi, shaxsiy axloqiy sifatlari, oʻz soʻzlari va faoliyati toʻg‘riligiga boʻlgan ishonchiga bog‘liq.