Yashil iqtisodiyot dastaklarini aralash qo‘llash zarurligi. Nazariy jihatdan iqtisodiy dastaklarni qo‘llash yashil iqtisodiyot oldiga qo‘yilgan maqsadga erishish, ushbu maqsadga erishish yo‘lida amalga oshirilgan umumiy xarajatlarni minimallashtirish imkonini beradi. Bu holat iqtisodiy dastaklar qatnashchilar uchun qarorlar qabul qilishda me’yoriy dastaklarga nisbatan ko‘proq imkoniyatlar yaratib berishini anglatadi. Jumladan, texnologik andozalar (standartlar) qo‘llanilganda tartibga solishdagi ustunlik faqat tartibga soluvchi muassasa tomonida bo‘ladi. Bunda tartibga soluvchi kompaniyalarga atrof-muhitga zarar keltiruvchi chiqindilarni qancha chiqarish mumkinligi va ushbu ko‘rsatkichga erishishda qanday texnologiyalardan foydalanish zarurligi to‘g‘risida xabar beradi. Natijada kompaniyalarning ushbu masala bo‘yicha qarorlar qabul qilishdagi faoliyati cheklab qo‘yiladi. Amalda tartibga soluvchi muassasa kompaniyalarning atrofmuhit muhofazasi uchun mas’uliyati darajasini ushbu tadbirlar qiymatidan qat’iy nazar birxillashtirib qo‘yadi.
Aksincha, iqtisodiy dastaklar atrof-muhitning ifloslanish darajasini pasaytirish uchun rag‘batlar tizimini yaratib beradi, ammo ular ushbu maqsadga erishishning aniq texnologiyasini belgilab bermaydi. Qaysi texnologiyadan foydalanish kompaniyalar ixtiyorida qoladi. Shu bilan bir vaqtda atrof-muhitning ifloslanish darajasini pasaytirishga sarflanayotgan xarajatlar miqdori barcha uchun yagona bo‘lgan sharoitdagina tartibga soluvchi dastaklar samarali bo‘lishi mumkin.
“Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish choralarini amalga oshirishda yashil iqtisodiy siyosat dastaklari ro‘yhatidan biron-bir dastakni oddiy tanlab olish orqali emas, balki maqsadga erishishdagi aniq maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda ularni aralash qo‘llashdek murakkab vazifani hal etishga to‘g‘ri keladi.
Ushbu jarayon rivojlanayotgan mamlakatlarda huquqiy-institutsional asoslarning takomillashmaganligi, yashil iqtisodiy siyosatni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy va boshqa resurslar, ma’lumotlar va axborotlarning yetishmasligi tufayli yanada murakkablashishi mumkin.
Yashil iqtisodiy siyosat maqsadiga erishish nuqtai nazaridan turli dastak va choralarni kelishilgan holda aralash qo‘llash zarur. Jumladan, qazib chiqariladigan yoqilg‘i uchun ajratilayotgan subsidiyalar o‘z navbatida budjet uchun soliq yuki hisoblanib, qazib chiqariladigan yoqilg‘ining samarasiz taqsimlanishi va ortiqcha ishlatilishiga olib keladi. Qazib chiqariladigan yoqilg‘i uchun ajratilayotgan subsidiyalardan voz kechish qayta tiklanadigan energiya manbalarini qo‘llabquvvatlash uchun investitsiyalar sarflash imkonini yaratadi. Bunday siyosat atmosferaga issiqxona gazlarini me’yorlashtirish orqali qo‘llab quvvatlanishi mumkin.
Iqtisodiyotni yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida transformatsiyalash to‘liq biron bir mamlakat tomonidan amalga oshirilmagan. Tahlillar ko‘rsatishicha, ayrim mamlakatlar bu borada muayyan natijalarga erishgan va yuqorida qayd etib o‘tilgan dastaklarni amaliyotda qo‘llash orqali yashil iqtisodiyot sari siljishmoqda.
Aksariyat hollarda ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar hulqini o‘zgartirish uchun turli dastaklar, jumladan tartibga soluvchi va axborot bilan ta’minlovchi dasturlarni aralash qo‘llash talab etiladi. Amaliyot ko‘rsatishicha, ayrim sohalarda erishilgan muvafaqqiyatlarga qaramasdan iqtisodiy dastaklar ekologiya bilan bog‘liq barcha muammolarni hal etishga yordam bera olmaydi. Amaliyotda ko‘plab bozor va siyosiy to‘siqlar mavjud bo‘lib, ularning barchasini bartaraf etish lozim. Agar insoniyat “yashil iqtisodiyot” sari harakat qilmoqchi bo‘lsa, ma’muriy, iqtisodiy va axborot dastaklarini kompleks, aralash qo‘llashi zarur bo‘ladi.