Yulduzli tunlar (roman)



Yüklə 1,64 Mb.
səhifə45/45
tarix22.10.2017
ölçüsü1,64 Mb.
#10867
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   45

Tabiblar o‘zaro kengashib, «Malika Bayda bergan zaharning qonda asorati qolgan» degan xulosaga keldilar va qonni tozalaydigan dorilardan, anor suvidan ko‘proq berishni buyurdilar.

Lekin bu narsalarning hech biri kor qilmadi. Bobur holsizlanib yotib qolgach, Humoyunga chopar yuborishdi.

Humoyun kelsa, otasi o‘z xobgohida baland oq to‘shakda terga botib yotibdi. Rangi sap-sariq bo‘lib ketgan. Boburning bosh tomonida Xonzoda begim pat yelpig‘ich bilan uning yuzini yelpiyapti. Oyoq tomonida Mohim begim g‘am-g‘ussaga botib, haykalday beharakat o‘ltiribdi.

Humoyun tiz cho‘kib, otasining to‘shagini quchoqladi. Boburning ozg‘in qo‘lini o‘pib ko‘rishdi, so‘rashdi. So‘ng otasining bu ahvoliga o‘zi sababchi bo‘lganday yonib gapirdi:

— Nechun bizga bunchalik jon fido qildingiz, hazratim?

Bobur majolsiz tovush bilan:

— Sen buni o‘zingdan ko‘rma, — dedi. — Illat qonda emish. Bilmadim... Har qanday olov ham yonib-yonib axiyri bir kun... — Bobur «o‘chadi» demoqchi bo‘ldi-yu, lekin ayollarni ayadi: — Alangasi pasayadir. Men umr bo‘yi ayovsiz yondim.

— Biz uchun ham kuyib-yongansiz! Endi bu qarzlarni uzishga mening butun umrim yetmagay!

— Qarzingni menga uzolmasang... farzandlaringga uzarsen...

Bobur to‘xtab-to‘xtab so‘zlayotgan bo‘lsa ham ko‘nglidagi gaplarini ravon aytayotgani Humoyunni umidlantirdi. U otasining so‘zini bo‘lmay, jim quloq sola boshladi.

— Temuriylarning ko‘pchiligi... fidoyilikni unutib... yo‘q bo‘lib ketdi. O‘g‘il otani o‘ldirdi. Og‘a iniga xiyonat qildi... Oqibatda... bari razolatning qurboni bo‘ldi... Undan ko‘ra.. yaxshilikning fidosi bo‘lgan afzal emasmi?... Mana ammang Xonzoda begim... Samarqandda meni qutqarib o‘zini asoratga soldi. Bu fidoyilik meni hamisha... shunday bo‘lishga undab keldi... Sen ham endi inilaringu... avlodlaringni mardlikka... fidoyilikka o‘rgatgin.

Bobur to‘shakning orqa tomonidagi harir oq pardaning ortiga boshini burib qaradi. Parda ortida odam borligini Humoyun endi payqadi.

— Tohirbek, juzdonni keltiring, — dedi Bobur.

Shu vaqtgacha qimir etmay o‘tirgan Tohir endi tez o‘rnidan turdi-yu, tokchadagi katta charm juzdonning ichidagi yangi muqovalangan qo‘lyozmasi bilan ikki qo‘llab ko‘tarib keldi.

— Badaxshonda, «Vaqoi’»ni so‘ragan eding, — dedi Bobur Humoyunga. — Mana, yozib tugatdim. Ol.

Tog‘lar orasida Bobur: «Bu kitob bitganda mening umrim ham tugagay!» — degani Humoyunning yodiga tushdi. U juzdon ichidagi kitobni olib peshonasiga surib o‘par ekan, ko‘zidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Yirik bir yosh tomchisi zarhal muqova ustiga tomib tushganini Bobur ham ko‘rdi.

— Sendan iltimosim, — deb davom etdi Bobur. — Buni avlodlaring ham o‘qisin.. Xatolarimni takror etmanglar. Yaxshi ishlarim... oz bo‘lsa, ko‘paytiringlar. Bu kitobdan nusxalar ko‘chirtirib, Samarqandga... Toshkentga... Andijonga... munosib odamlarga yuborgin... Men tug‘ilgan yurt bilan aloqani uzmanglar. Shoyad men bitgan kitoblar... ikki oradagi aloqaning rishtalari bo‘lsa...

Bobur o‘g‘liga vasiyat qilayotganini sezib turgan Xonzoda begim o‘zini ortiq tutib turolmadi.

— Boburjon, men egachingiz!.. Men... men sizdan besh yosh kattamen! Bu dunyodan ketish navbati avval meniki! Siz taslim bo‘lmang! Boburjon, inim!

Xonzoda begim uning podsholigini unutib, «Boburjon!» deganda Bobur bolaligini eslab, ko‘ngli bir orziqdi. U beklardan ham, savdarlardan ham, begonalardan ham, hatto suyukli o‘g‘li va xotinidan ham nuqul «hazratim» degan murojaatni eshitar, ko‘p ishlatilaverib siyqa bo‘lib ketgan bu so‘z uning me’dasiga tekkan edi.

Piq-piq yig‘layotgan Mohim begim oldingi og‘ir suhbatlarni eslab:

— Mening xarxashalarim ham sizni xasta qildi, hazratim! — dedi. — Meni kechiring!

— Mohim, siz meni kechirsangiz bo‘ldi... Men sizdan rozimen... faqat endi meni hazratim demang...

Mohim Boburni: «Ko‘z ochib ko‘rgan tanho yorimsiz, jismimdagi jonsiz!» demoqchi bo‘lib og‘iz juftlab ko‘rdi-yu, lekin atrofidagilardan uyaldi. Yig‘i aralash:

— Xo‘p, — deya oldi, xolos.

Bobur uning aytilmagan so‘zlarini ovozidan, ko‘zlaridan sezdi. So‘ng o‘g‘liga yuzlandi:

— Humoyun, men sendan ham «ota» degan so‘zni hali eshitganim yo‘q.

«Ota» degan jo‘ngina so‘zga o‘rganmagan Humoyun:

— Padari buzrukvor! — deb ko‘rdi. Bundan otasining ko‘ngli to‘lmaganini sezdi-yu: — Otajon! — dedi. — Siz saltanatni menga bermoqcshi bo‘libsiz. Lekin ishoning, men bu toju taxtdan sizning bir nafaslik umringizni afzal ko‘rurmen!

— Men sendan rozimen... Endi mendan ham rozi bo‘linglar!

Xonzoda begim rozilik so‘rashga tili bormay o‘rtanib yig‘ladi. Uning yig‘isiga Mohim begim qo‘shildi. Bu og‘ir ahvolning ustiga kirib kelgan mavlono Yusufiy Boburning ko‘zlari bejo bo‘layotganini, uni qattiq ter bosganini ko‘rdi.

— Endi hazratim orom olishlari kerak! — deb qo‘liga oq dokani olib, Boburning yuzidan, bo‘yinlaridan terlarini arta boshladi. Qiynalib nafas olayotgan Bobur bosh tomonda turgan Tohirga shivirlab:

— Yelping!.. — dedi.

Yig‘i-sig‘i bilan Boburni qiynab qo‘yganlarini endi sezgan begimlar sekin chiqib ketdilar. Bobur Humoyunga:

— Endi eshik og‘a bilan... a’yonlar kirsin, — dedi.— Ko‘zim tirikligida... hokimiyatni senga topshiray.

Tashqarida kutib turgan Muhammad Do‘lday va boshqa nufuzli beklar kirdilar. Bobur ularning oldida podsholik tojini o‘g‘li Humoyunga topshirdi. Rozi-rizolik so‘rash paytida beklardan bir-ikkitasi ko‘ziga yosh olganday bo‘ldi. Lekin chiqib ketayotganlarida hammalari endi Humoyunning atrofida parvonaday aylanib, yangi inoyatlar umidida ko‘zlari tama bilan yonganini Bobur ko‘rib qoldi.

Xonada Tohir bilan ikkovlari qolgandan so‘ng:

— Endi... beku sultonlarga mening keragim yo‘q, — dedi. — Tohirbek, kechga... Mavlono Fazliddinni chaqirtiring.

Tohir Boburga tabib Yusufiy buyurib ketgan suyuq doridan ichirtirdi, uning qiyshayibroq qolgan yostig‘ini to‘g‘rilab qo‘ydi. So‘ng savdarlar xonasiga o‘tib, tog‘asiga odam yubordi.

Aytilgan paytga yetib kelgan mavlono Fazliddin Boburning o‘lim to‘shagida yotganini ko‘rdi-yu, tug‘yon ichida:

— Hazratim, xudo sizga quvvat bersin! — deb qo‘lidan o‘pdi.

— Men... podshohlikni Humoyunga topshirdim... Minba’d hazratim, demang, mavlono. Munosib ko‘rsangiz... meni ham mavlono deng.

— Biz Navoiyni ulug‘ ijodlari uchun «hazrat Alisher» der edik. Siz turkiy adabiyotimizning Navoiydan keyingi eng ulkan siymosidirsiz. Shu sababli sizni shoir va adib sifatida «Bobur hazratlari» deyishga haqlimiz».

— Minnatdormen, mavlono... Siz Agrada, Sekrida, Dehalpurda ajib ko‘shklar, oromgohlar barpo etdingiz... Xudo umr bersa men... Samarqanddagi Bibixonim madrasasidek ulug‘ bir... madrasaning tarhini sizga... chizdirmoqchi edim... Opa-singillarimizning qadrini boshimizga... ko‘tarsak arzigay...

Mavlono Fazliddin Boburning so‘nggi kuchlarini to‘plab, qiynalib so‘zlayotganini sezdi-yu, uning fikrini o‘zi davom ettirdi:

— Dono so‘zlarni aytdingiz, hazratim! Chindan ham xalqimizda bu odat azaldan mavjud... Samarqandda Bibixonim madrasasidan tashqari Turkan og‘o maqbarasi bor. Hindlarda ham ayol zotiga ehtirom zo‘r ekan, hatto sig‘inadigan xudolari orasida ham ayollar bor... Bizning Hirotu Samarqanddagi eng yaxshi me’morchilik an’analarimizni Hindistonning eng ezgu ajib an’analariga payvand etib, ayol zotini ulug‘lovchi bir madrasa qurish mening ham eng ezgu orzularimdandir!

Bobur mavlono Fazliddinning Xonzoda begimga bo‘lgan yoshlik mehri zamona zayli bilan qanday qurbon bo‘lganini esladi-yu:

— Mavlono, — dedi, — mening egachim Xonzoda begim... insoniylikda tengsizlar!.. Agar siz orzu qilgan... madrasani qurish bizga nasib bo‘lsa... uni «Xonzoda begim madrasasi...» deb atasak arzir edi...

Mavlono Fazliddinning ko‘zlarida yashin kabi bir olov chaqnadi:

— Hazratim, siz hozir mening ko‘zimga muqaddas bir maqsadni ko‘rsatdingiz! Agar bu maqsadni ro‘yobga chiqarishga mening umrim yetmasa, uni farzandlarimizning diliga jo etib ketgaymen. Toki ular hind me’morlari bilan hamkorlikda xalqlarimizning ayol zotiga bo‘lgan ehtiromini ulug‘ bir me’morchilik obidasida ifoda etsinlar!

Boburni ter bosdi. Uning harir oq ko‘ylagi qorayib tanasiga yopishib qolganini ko‘rgan Tohir bezovtalanib o‘rnidan turdi:

— Mulla tog‘a, hazratimni charchatib qo‘ymaylik!.. Tabib «ko‘p hayajonlanmasinlar!» deb tayinlagan edi...

Suhbatning tafti chindan ham baland bo‘layotganini endi sezgan mavlono Fazliddin o‘rnidan ko‘tarildi:

— Hazratim, endi orom oling! Men keyin yana kelurmen!..

Bobur Mavlono Fazliddinga qarab:

— Yana bir o‘tinchim bor,— dedi.— Olamdan ko‘z yumsam... Kobulda o‘zingiz tarhini chizgan bog‘ bor... Tog‘ tepasida... Abadiy oromgohim... o‘sha Guzargohda bo‘lsin... Ortiqcha dab-dabasiz... shoirona bir tarh chizing...

Mavlono Fazliddin o‘pkasi to‘lib gapirolmadi. Tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi-yu, ko‘zidan oppoq soqoliga oqib tushgan yoshni artib eshikdan chiqdi.

Tohir Boburning terdan ho‘l bo‘lgan ichki kiyimlarini almashtirdi. U o‘zini odatdagiday osuda tutib, kundalik xizmatlarini qunt bilan ado etar edi. Bobur chanqasa suv beradigan ham, nafasi qayta boshlasa yelpiydigan ham Tohir edi. U shu yerda bo‘lsa, Bobur sokinroq yotishini mavlono Yusufiy ham bilar, shuning uchun Tohirni tunu kun bemorning oldidan ketkizmas edi.

Bugun kechasi Bobur ichkarida hadeb behalovat bo‘lavergandan keyin Tohir savdarlarni chaqirib, uni to‘shagi bilan hovlidagi usti ochiq marmar supaga chiqartirdi.

Agraning kech kuzi xuddi Andijonning bahor payt-laridek salqin va mayin tuyular edi. Qop-qora osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Isitmasi baland Boburga yulduzlar yana girdobga tushib aylanayotganday va bir-birlariga urilib ketayotganday ko‘rindi. Bobur ko‘zini yumdi:

— Badanimda... qon uyushib qolayotganday... — dedi Tohirga.

Tohir uning yelkalarini, qo‘llarini, keyin oyoqlarini sekin-sekin uqalay boshladi. Bobur bundan sal yengil tortganday bo‘ldi-yu, ko‘zini ochib yana osmonga qaradi.

Yulduzlar endi joy-joyida to‘xtab, sokin nur socha boshladi. Ana Oltin Qoziq. Uning g‘arb tomonidagi Yetti Og‘ayni yulduzlari ufqqa og‘ib tushib ketyapti. Sharqdan esa bir to‘p bo‘lib Hulkar yulduzlar ko‘tarilib kelyapti.

— Bizning Quvada ham Hulkar xuddi mana shunaqa bo‘lib chiqar edi, — dedi Tohir.

Bobur ham bolaligi o‘tgan Andijon osmonini esladi. Mana shu Yetti Og‘ayni yulduzlari o‘sha yerda ham Oltin Qoziqni aylanib o‘tib, g‘arbga botib ketardi. O‘sha yerda ham Yetti Og‘ayni ufqqa bosh qo‘ygan sari Hulkar yulduzlari osmonning baland joylariga chiqib borardi. Bobur o‘smirligida Hulkar yulduzlarini olmosdan yasalgan varrakka o‘xshatar edi. Dumini quvnoq silkitib uchadigan olmos varrak uning xayolini yana musaffo bolalik yillariga olib ketdi. Osmon dunyoning hamma joyida bir ekani, umrining boshlanishida Andijonda ko‘rgan yulduzlari umrining oxirida Agrada ham chaqnab turgani unga so‘nggi bir tasallidek tuyuldi. Bobur osmonga qarab yotganda yana yosh, sog‘lom yigitga aylanib, Andijon chorbog‘ining supasida yotganday bo‘ldi.

Bir lahzalik bu shirin his ketidan yana shafqatsiz bir qaltiroq bosib keldi-yu, yulduzli osmonni girdobiga olib, gir-gir aylantira boshladi...

Tun yarmidan oshganda Tohirning o‘kirib yig‘lagani qorong‘i bog‘ni zir titratdi...

* * *

Mavlono Fazliddin Kobulda Boburga anvoyi rangli marmarlar bilan ziynatlangan serfayz bir maqbara qurishga ulgurdi, lekin Xonzoda begim nomiga madrasa qurish unga nasib bo‘lmadi, uning bu orzusini oradan yuz yillar o‘tgandan so‘ng Boburning chevarasi Shoh Jahon qurdirgan mashhur Toj Mahalda ulug‘ hind me’morlari ro‘yobga chiqargan bo‘lsalar ehtimol.

Tohir «Boburnoma»dan ko‘chirilgan nusxalarni adibning Andijondagi, Toshkent va Samarqanddagi muxlislariga eltib topshirgach, o‘zi Robiya bilan birga Quvaga qaytdi. Ular umrlarining qolgan qismini tug‘ilgan yurtlarida o‘tkazdilar. Biroq o‘g‘illari Safarbek mavlono Fazliddinning farzandlari bilan birga Agrada umrbod qoldilar va o‘sha yerda oila qurib, hind xalqiga qo‘shilib ketdilar.

Bobur tuzgan ulkan davlat o‘z qudrati va madaniy yodgorliklari bilan jahonga tanilib, uch asr umr ko‘rdi-yu, tarixda qoldi. Uning o‘g‘il avlodlari bugungi kunga yetib kelolmadilar — eng oxirgi boburiylar o‘tgan asrlarda ingliz mustamlakachilari davrida mahv etildi.

Faqat Bobur o‘z qo‘li bilan yozgan asarlar haligacha tirik bir qalbning haroratiga to‘lib, odamlarga hamon ma’naviy oziq va zavq beryapti. To‘g‘ri, uning bir umri qorong‘i osmonda olovli iz qoldirib uchgan yulduzdek tez so‘ndi. Lekin o‘lmas asarlari sahifasida salkam besh asrdan beri davom etib kelayotgan ikkinchi umri— bu yulduzning tundan tongga qarab uchganini va o‘z nurini kelajakka yo‘naltirganini aytib turibdi. Bobur qalb o‘tiga yo‘g‘irib yaratgan madaniy meros bugungi sernur avlodlarni bahramand qilgani sari uning ana shu ikkinchi umri ham qorong‘i tunlardan keyingi yorug‘ kunlarda astoydil obod bo‘lyapti.

1969—1999

Islom.uz ma'rifat markazidan olindi.



Yangilangan ( 23.01.2007 y. )
Sahifani yopish
Yüklə 1,64 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   45




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin