Normativ-huquqiy hujjatlar to‘G‘risida-fayllar.org
5-bob. Loyihaga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarga qo‘yiladigan asosiy talablar 83. Loyihaga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallar, qoida tariqasida, axborot-tahliliy materialning hajmiga qarab Misrosoft Word redaktoridan va quyidagi parametrlardan foydalangan holda tayyorlanadi:
sahifaning chap hoshiyasi 1 — 3 sm, o‘ng hoshiyasi 1-2 sm, pastki va yuqori hoshiyasi 1-2 sm;
axborot-tahliliy materialning hajmiga qarab 11 — 14 o‘lchamli shrift;
birinchi qator xatboshisi 0,50 — 1,27 sm;
qatorlar o‘rtasidagi interval (mnojitel) 1 — 1.2.
84. Loyihaning tushuntirish xatida quyidagilar bo‘lishi kerak:
normativ-huquqiy hujjatni tayyorlash uchun asos va uni qabul qilish zarurligini asoslantirish, shu jumladan loyiha tayyorlash topshirilgan normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek yuqori turuvchi organning topshiriqlari (topshiriq mavjud bo‘lganda) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
loyihani ishlab chiquvchining to‘liq nomi;
maqsadlar va vazifalar, shuningdek loyiha bilan belgilanadigan asosiy qoidalar, ularning qisqacha asosi. Bunda loyihaning erishishga yo‘naltirilgan asosiy maqsadlari belgilanadi, loyihaning aniq maqsadlarga erishishga vosita bo‘lishi mumkin bo‘lgan alohida qoidalari qisqacha ko‘rsatiladi;
normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishdan kutilayotgan natijalar. Bunda normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi munosabati bilan huquqiy jihatdan tartibga solish natijasida yuz berishi mumkin bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlar keltiriladi. Kutilayotgan natijalar, miqdoriy ko‘rsatkichlar ko‘rsatilgan holda bayon qilinishi ham mumkin;
loyiha predmetiga taalluqli bo‘lgan xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonunchiligining prinsiplari, qoidalari va ifoda shakllari to‘g‘risidagi axborot (qonunosti hujjatlari uchun — zarur bo‘lgan taqdirda). Tegishli sohada ijobiy xorijiy tajriba mavjud bo‘lgan taqdirda, tushuntirish xatida loyihani tayyorlashda hisobga olingan norma nazarda tutilgan davlat, hujjatning turi, nomi va qisqacha mazmuni ko‘rsatilishi mumkin;
loyiha mazmunining tavsifi, unda loyihaning tuzilishi bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar, paragraflar va moddalarning mazmuni bilan birga qisqacha bayon etiladi (qonunosti hujjatlari uchun — zarur bo‘lgan taqdirda). Zarur bo‘lganda normativ-huquqiy hujjatning eng muhim qismini tashkil etuvchi qoidalarning asosiy mohiyati ochib beriladi;
normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi munosabati bilan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoxud ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zaruriyati mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi axborot;
loyihada foydalaniladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga havolaning har birini asoslash. Bunda unga havola qilinadigan loyiha normasining mazmuni qisqacha ochib beriladi;
agar normativ-huquqiy hujjatning qoidalarini amalga oshirish qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni talab etsa yoki O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetida yo‘qotishlarga olib kelsa, qisqacha moliyaviy-iqtisodiy asos. Agar normativ-huquqiy hujjatning qoidalarini amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan xarajatlarni talab etmasa yoki yo‘qotishlarga olib kelmasa, u holda bu haqda tushuntirish xatida tegishli axborot keltiriladi;
loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik va (yoki) mutaxassislar muhokamasi hamda uning natijalari to‘g‘risidagi axborot, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida o‘tkazilgan muhokama natijalari yuzasidan axborot;
loyihani manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishib olish to‘g‘risidagi axborot. Bunda loyiha kelishilgan (viza qo‘yilgan) manfaatdor vazirliklar va idoralar sanab o‘tiladi;
loyiha bo‘yicha kelishmovchiliklar mazmunining qisqacha bayoni va ular to‘g‘risidagi asoslantirilgan fikr (kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda);
loyihani asoslash uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
85. Taqqoslash jadvali quyidagi uchta grafadan iborat bo‘ladi:
o‘zgartish yoki qo‘shimcha kiritish taklif etilayotgan normativ-huquqiy hujjat tegishli tarkibiy birligining amaldagi tahriri;
loyihada taklif etilayotgan tahrir;
kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning asosi.
Taqqoslash jadvalida tegishli tarkibiy birlikning amaldagi va taklif etilayotgan tahriri grafalari quyidagi tarzda bayon etiladi:
amaldagi tahrir grafalarida o‘zgartirilayotgan so‘zlar (raqamlar) kursiv bilan tagiga chizib ko‘rsatiladi, taklif etilayotgan tahrir grafalarida esa “yarim qora” shrift bilan ajratib ko‘rsatiladi;
taklif etilayotgan tahrir grafasida qo‘shilayotgan so‘zlar (raqamlar) “yarim qora” shrift bilan ajratib ko‘rsatiladi;
amaldagi tahrir grafasida chiqarib tashlanayotgan so‘zlar (raqamlar) va xatboshilar, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan boshqa tarkibiy birliklar “yarim qora kursiv” shrift bilan ajratib ko‘rsatiladi.
Agar loyihada tegishli tarkibiy birlikning yangi tahriri bayon etilsa, faqat o‘zgartirilayotgan, qo‘shilayotgan, chiqarib tashlanayotgan so‘zlar (raqamlar) ajratib ko‘rsatiladi.
Amaldagi va taklif etilayotgan tahrirlarning grafalarida tarkibiy birlikning o‘zgartish kiritilayotgan tarkibiy birlik bilan bog‘liq bo‘lgan va kiritilayotgan tuzatishlarning ko‘rinarli bo‘lishini ta’minlaydigan tegishli qismlari oddiy shriftda keltiriladi.
Qism yoki xatboshi belgisidan ham foydalaniladi, “to‘ldirilmoqda”, “chiqarib tashlanmoqda”, “ko‘chirilmoqda” degan so‘zlar qo‘llaniladi.
86. Kelishmovchiliklar jadvali (normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan loyiha bo‘yicha tayyorlangan kelishmovchiliklar jadvalidan tashqari) quyidagi uchta grafadan iborat bo‘ladi:
normativ-huquqiy hujjat tegishli tarkibiy birligining taklif etilayotgan tahriri;
manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali kelib tushgan fikr-mulohazalar va takliflar;
ko‘rib chiqish natijalari.
Kelishmovchiliklar jadvalining “Taklif etilayotgan tahrir” grafasida fikr-mulohazalar va takliflar taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatning tegishli tarkibiy birligi aks ettiriladi.
Kelishmovchiliklar jadvalining “Manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari” grafasida loyiha bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini taqdim etgan organ hamda tashkilotning taklif va mulohazalari yoki ular asosida bayon etilgan tahrir keltiriladi.
Kelishmovchiliklar jadvalining “Ko‘rib chiqish natijalari” grafasida taqdim etilgan fikr-mulohazalar va takliflarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiquvchi tomonidan ko‘rsatiladi. Agar fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinsa, fikr-mulohazalar va takliflar berilgan tarkibiy birlikning yangi tahriri keltiriladi. Agar fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinmasa, qaysi asoslovchi ma’lumotlar sababli mazkur fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinmagan bo‘lsa, o‘sha ma’lumotlar tegishli tartibda ko‘rsatiladi.
87. Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi loyiha bo‘yicha tayyorlangan kelishmovchiliklar jadvali quyidagi to‘rt grafadan iborat bo‘ladi:
o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilayotgan normativ-huquqiy hujjat tegishli tarkibiy birligining amaldagi tahriri;
loyihada taklif etilayotgan tahrir;
manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari;
ko‘rib chiqish natijalari.
Birinchi ikkita grafa qiyosiy jadval bo‘yicha bayon etiladi.
“Manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari” hamda “Ko‘rib chiqish natijalari” grafalarida loyihani kiritayotgan organ tomonidan ushbu Yagona uslubiyot 86-bandining oltinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
88. Normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish va kelishib olish xronologiyasi haqidagi ma’lumotnomada quyidagilar ko‘rsatiladi:
normativ-huquqiy hujjatning turi;
normativ-huquqiy hujjatning nomi;
normativ-huquqiy hujjatni kiritish uchun asos;
loyihani ishlab chiquvchining nomi;
normativ-huquqiy hujjat kelishib olingan sana, vazirlik va idoraning nomi, uning rahbarining F.I.O. va lavozimi, kelishib olish natijalari to‘g‘risidagi axborotni, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlarga kiritilgan sanani o‘z ichiga olgan jadval.
89. Konsepsiyada quyidagilar belgilanishi kerak:
huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy g‘oyasi, maqsadi va predmeti;
tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning umumiy tavsifi va uning holatiga berilgan baho mazkur sohada amalda bo‘lgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tahlili ilova qilingan holda;
qonun loyihalarini ishlab chiqish zaruriyatining asosi;
qonun loyihalarining asosiy qoidalari;
bo‘lajak qonunning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa oqibatlari prognozi.
90. Huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy g‘oyasi, maqsadi va predmetini aniqlashda konsepsiyada qonun loyihasining mazmuni, u erishishga yo‘naltirilgan asosiy vazifalar va maqsadlar, loyiha tartibga solishi kerak bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar ochib beriladi, shuningdek uning amal qilishi tatbiq etiladigan qo‘llanilish sohasi, huquqiy munosabatlar subyektlarining vakolatlari (huquqlari va majburiyatlari) bayon etiladi.
91. Tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning umumiy tavsifida va uning holatiga berilgan bahoda ushbu sohada amal qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning holati aks ettiriladi, xususan:
tegishli sohada huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
qonunchilikdagi bo‘shliqlar va ziddiyatlar, eskirgan, amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, samarasiz yoxud amalga oshirish mexanizmiga ega bo‘lmagan qoidalarning mavjudligi;
huquqiy jihatdan tartibga solishning mavjud kamchiliklarini bartaraf etishning oqilona va samaraliroq usullari;
xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek xorijiy mamlakatlardagi huquqiy jihatdan tartibga solish tajribasi;
statistika, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslikka oid tadqiqotlarni, shuningdek boshqa ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish natijalari;
bo‘lajak qonunni amalga oshirish uchun qabul qilinishi zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlari ro‘yxati ko‘rsatiladi.
Qonun loyihalarini ishlab chiqish zaruriyati asosida qonunni qabul qilish zarurligidan dalolat beruvchi dalillar bayon qilinadi.
92. Bayon qilinadigan dalillar aniq, asoslangan bo‘lishi va muammoning amaldagi qonunchilik mukammal emasligi bilan sabab-oqibat aloqasini belgilashi kerak. Qonun loyihasi tegishli bo‘lgan qonunchilik tarmog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining hujjat orqali amalga oshirishga qaratilgan qoidalari, shuningdek uning huquqiy tizim uchun ahamiyati ham ko‘rsatiladi.
93. Qonun loyihalarining asosiy qoidalarida bo‘lajak qonunda belgilanadigan qoidalar, imkoniyat bo‘lganda bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar, paragraflar va moddalarning qisqa mazmuni bayon etilgan namunaviy tuzilmasi bayon qilinadi.
94. Bo‘lajak qonunning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa oqibatlari prognozi taxmin qilinayotgan oqibatlar va uni amalga oshirishdan kutilayotgan pirovard natijalari tavsifini o‘z ichiga oladi. Bunda bo‘lajak qonun amalga oshirilishining nafaqat ijobiy, balki ehtimoldagi salbiy oqibatlari ham hisobga olinishi kerak. Bo‘lajak qonunning huquqiy oqibatlarini prognoz qilishda, zarur bo‘lganda, uning ijro etilishini ta’minlaydigan ma’muriy-huquqiy, sud-huquq mexanizmlari ham hisobga olinadi.
95. Ishlab chiquvchi konsepsiyada boshqa zarur axborotni ham ko‘rsatishi mumkin.
Tayyorlangan konsepsiya, agar qonun loyihasini tayyorlash to‘g‘risidagi topshiriqda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ishlab chiquvchining rahbari tomonidan tasdiqlanadi, shundan keyin qonun loyihasining bevosita matni tayyorlanadi.
Zarur bo‘lganda, konsepsiya yuqori turuvchi organlar bilan oldindan kelishib olinishi mumkin.
96. Tayyorlangan qonun loyihasiga quyidagilar ham ilova qilinadi:
xalqaro hujjatlarning va xorijiy mamlakatlar qonunchiligining, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining tegishli qoidalari, tegishli xalqaro tajribani O‘zbekiston Respublikasi sharoitida qo‘llashning maqbulligi to‘g‘risidagi asoslantirilgan takliflar ketma-ketlik tartibida ko‘rsatilgan holdagi tahliliy-qiyosiy jadval;
qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan qabul qilinishi, o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritilishi, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan qonunosti hujjatlarining ro‘yxati. Bunda qonunosti hujjatini qabul qilish, unga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish uchun asoslar va ularning qabul qilinishi, ularga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritilishi uchun mas’ul bo‘lgan organlar qisqacha ko‘rsatiladi.
Qonun loyihasiga boshqa tahliliy va axborot materiallari ham ilova qilinishi mumkin.