Kimyoviy tarkibi. Igir ildizpoyasi tarkibida 5% gacha efir moyi, achchiq akorin glikozidi, oshlovchi moddalar, smola va 25,5% gacha kraxmal bo‘ladi. Igir bargi tarkibida efir moyi, 150 mg % gacha vitamin S va oshlovchi moddalar bor.
XI DF ga ko‘ra butun ildizpoya tarkibida 2 %, qirqilgan va kukun (poroshok) holidagi mahsulotda 1,5% dan kam efir moyi bo‘lmasligi kerak. Efir moyi sariq, quyuq suyuqlik bo‘lib, zichligi 0,9491-0,9547, refraksiya soni 1,4990-1,5065, qutblangan nur tekisligini og‘dirish burchagi +8-+18,70.
Efir moyi tarkibida 1 % pinen, 7 % kamfen, 8,7% kamfora, 3 % borneol, 17 % seskviterpen spirtlari, 10% kalamen, proazulen, akoragermakron, shiobunon, akaron, gvayen, sirka va valerian kislotalar hamda boshqa birikmalar bor.
Ishlatilishi. Igir preparatlari achchiq-xushbo‘y dori sifatida ishtaha ochish va ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilash uchun ishlatiladi.
Oldingi vaqtlarda buyrak, jigar hamda o‘t pufagi kasalliklarini davolashda qo‘llanilgan.
Igir ildizpoyasi parfyumeriyada va oziq-ovqat (likyor tayyorlashda) sanoatida ham ishlatiladi.
Dorivor preparatlari. Qaynatma. Ildizpoya achchiq nastoyka, achchiq rovoch nastoykasi va me’da kasalliklarida hamda ishtaha ochish uchun ishlatiladigan yig‘malar-choylar tarkibiga kiradi.
Igir ildizpoyasining efir moyi buyrak va o‘t yo‘llari tosh kasalligini davolashda hamda uning oldini olishda ishlatiladigan «Olimetin» preparati, ildizpoya kukuni (poroshogi) - me’da va o‘n ikki barmoq ichak yara kasalligida ishlatiladigan «Vikalin» va «Vikair» preparatlari tarkibiga kiradi.
JO‘KA GULI – FLORES TILIAE O‘simlikning nomi. Mahsulot jo‘ka (lipa) daraxtining ikki turidan tayyorlanadi: mayda bargli (yoki yuraksimon) jo‘ka (lipa) – Tilia cordata Mill. (Tilia parvifolia Ehrh.) va yirik bargli jo‘ka (lipa) – Tilia platyphyllos Scop. (Tilia grandifolia Ehrh.); jo‘kadoshlar – Tiliaceae oilasiga kiradi. Mayda bargli jo‘ka (lipa) bo‘yi 25 m ga etadigan daraxt. Bargi tezda to‘kilib ketadigan qo‘shimcha bargchali, uzun bandli, ketma-ket joylashgan, qiyshiq yuraksimon, o‘tkir uchli, arrasimon qirrali bo‘lib, yuqori tomoni tuksiz, pastki tomonidagi tomirlari burchagida to‘p-to‘p joylashgan sariq-qo‘ng‘ir rangli tuklari bo‘ladi. Gullari 5–11 tadan yarim soyabonga to‘plangan. Mevasi – -tuxumsimon-sharsimon, mo‘rt, tuksiz, tekis, 1 urug‘li yong‘oqcha.