3.Taqsim sonlar shaxslar yoki narsalarning taqsimlanish yoxud guruhlanish miqdorini ifodalaydi. Sonning bu turi miqdor sonlarga -tadan qo‘shimchasini qo‘shish orqali yoki bir sonning takror qo‘llanishidan hosil bo‘ladi: ikkitadan, uchtadan, uchta-uchtadan, o‘nta-o‘ntadan kabi.
4.Chama sonlarshaxslar, narsalarning taxminiy, noaniq miqdorini bildiradi. U miqdor sonlarga -tacha, -larcha, -y,-аy qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish yoki ikkita sonning o‘zaro teng juftlashib qo‘llanishidan hosil bo‘ladi: o‘ntacha talaba, yuztacha ishchi, mingtacha ko‘chat, minglab qushlar, besh-o‘nta daftar, bir-ikki og‘iz gap kabi.
5.Jamlovchi sonlarshaxslar, narsalar miqdorini jamlab, umumlashtirib yoki ajratib ko‘rsatadi. Ular miqdor sonlarga -ov, -avlon, -ala qo‘shimchalaridan tegishlisini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi: ikkovi, uchovlon, to‘rtalasi, oltovlon, yettoviga kabi.
6.Kasr sonlar butunning qismini, bo‘lagini ifodalaydi: yarim, chorak, nim chorak, to‘rtdan bir, ikki butun o‘ndan besh kabi.
Tartib sonlar ham miqdor sonlarga -nchi, -inchi qo‘shimchalaridan mosini qo‘shish orqali hosil bo‘lib, narsalarning tartibini, joylashish o‘rnini bildiradi: ikkinchi, to‘rtinchi, o‘n birinchi, yetmish sakkizinchi kabi.
Sonlar tuzilishiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi: 1. Sodda sonlar. 2. Murakkab sonlar.
Sodda sonlar birgina o‘zakdan tashkil topadi: bir, о‘п, yuz, yetmish, to‘qson, ming kabi.
Murakkab sonlar ikki va undan ortiq sonlar birikuvidan hosil bo‘ladi: о‘n bir, bir yuz o‘ttiz olti, ikki ming ikki yuz to‘qson yetti kabi.
O‘zbek tilida son o‘zi birikib kelgan ot bilan bitishuv usuli orqali bog‘lansa, rus tilida ular sifatlar kabi o‘zi birikib kelgan ot bilan rod, son va kelishikda moslashadi. Sonning yana bir muhun xususiyati shundaki, u morfologik yoki sintaktik yo‘l bilan boshqa so‘z turkumlaridan yasalmaydi. Miqdor sonlarga qo‘shimchalar qo‘shish bilan boshqa tur sonlarning hosil bo‘lishi yasalish emas, balki sonning o‘z ichki o‘zgarishlaridir.
Sonlar ham gapda sifatlar kabi, asosan, aniqlovchi va kesim vazifasini bajaradi.