Tanqidiy nutq. YUz bergan hodisalar, shaxslar hatti-harakatlariga e’tirozli munosabatda bo‘luvchi nutq tanqidiy nutq hisoblanadi. Tanqidiy nutq ham kuchli mantiqiy mushohadalarga suyanadi. Notiq ishonchli dalillar asosida nutq manbaini tanqid qiladi.
Tanqidiy nutq madaniyati notiqdan o‘ta hayajonlanib ketmaslikni, haqiqatdan chetlashmaslikni taqoza etadi. Bunday nutqqa tanqid manbai bo‘lgan narsa, shaxs va hodisalarga mensimasdan qarash, kishining shaxsiga tegib ketadigan jumlalar ishlatish, dalilsiz balanparvoz gaplar aytish nutq madaniyatini, umumiy madaniyatni egallamaganlikni ko‘rsatadi.
Tabrik nutqi.To‘ylarda, tantanalarda, yubileylarda, tug‘ilgan kunlarda so‘zlanadigan nutq tabrik nutqidir. Tabrik nutqi nutq atalgan shaxs va hodisalarning yaxshi xususiyatlarini ko‘rsatishga, ularni maqtashga qaratilgan bo‘ladi. SHuning uchun ham bu nutq ko‘tarinki, tantanali ruhda so‘zlanadi. Til boyligidan ham shunga mos foydalaniladi.
Tabrik nutqi xajm jihatidan ixcham, mazmunan boy bo‘lib, tinglovchining vaqtini ko‘p olmaslik lozim. Tabrik nutqiga misol qilib A.Oripovning "Teran qalb", "Insoniy tuyg‘ular kuychisi", "Aningdek inson bo‘l" asarlarini ko‘rsatish mumkin.
Fikrni yozma bayon etish. Bayon. Bayon berilgan matn mazmunini o‘z so‘zlari bilan qayta yozishdir. Bayonda berilgan matn asosida yangi matn yaratiladi. Bunda yozuvchi berilgan matndagi muhim so‘zlarni, so‘z birikmasi, gaplarni o‘z matniga kiritadi.
Saylanma bayon. Berilgan matndan ma’lum mavzuga mos saylab foydalanib yozilgan bayon saylanma bayon deyiladi. Bunday bayonda matn mazmuni to‘liq bayon etib borilmaydi, uning kerakli joylari haqida gapiriladi, xolos. Saylangma bayon uchun hajm jihatidan kattaroq matn to‘planadi. Matn o‘qish jarayonida bayon uchun kerakli materiallar tanlanib, belgilanib boriladi. So‘ng ulardan tartib bilan foydalaniladi.
Konspekt. Konspekt bayonning ko‘rinishlaridan biridir. Konspekt uch xil bo‘ladi: to‘liq konspekt, qisqa konspekt, tezimli konspekt.
Biror asarni konspektlashtirilganda quyidagicha ish ko‘riladi: avval asar sinchiklab o‘qib chiqiladi, mazmun anglab olinadi va ko‘chirma qilish mo‘ljallangan parchalarga belgilar qo‘yib chiqiladi (tagi chiziladi yoki boshqa biror belgi qo‘yiladi). Konspektlash boshlanganda: a) muallifning ismi sharifi (familiyasi, ismi. otasining ismi, taxallusi); b) asarning nomi, bosilgan shahri, yili; v) Asarning mazmuni - konspekt beriladi; g) manbadan olingan parchalarning beti ko‘rsatiladi. Lozim topilganda muallifning ayrim fikrlariga munosabat bildiriladi.