Yozgi marosimlar folkloridan atigi bitta janr saqlanib qolgan. Bu “Choy momo” - shamol to`xtatish marosimi va unga aloqador aytimdir. Bu marosim surunkali davom etgan qattiq shamolni to`xtatish maqsadida o`tkazilgan.
“Choy momo” aslida “Chuy momo” bo`lib, qadimgi turkiy tilda “shamol ona” deganidir. Qadimda shamolni jonli narsa sifatida tasavvur qilishgan. Bu marosimni dastlab ayollar, keyinchalik erkaklar ham o`tkazishgan.
Marosimni o`tkazish tartibiga ko`ra ikki kampir eski chopon va kiyim kiyib, yuzlariga qorakuya surtishib, qo`llarida hassa bilan tubandagi “Choy momo” qo`shig`ini aytib berishadi:
Choy, choy,choy momo,
Uchilib qolsin quv shamol.
To`ka-to`ka beringlar,
To`kilib qolsin bu shamol.
Bosa-bosa beringlar,
Bosilib qolsin quv shamol.
Choy, choy, choy momo
Choy momosi o`libdi,
Bosa-bosa beringlar,
Bosilib qolsin bu shamol.
Ucha-uchaberinglar.
Ular orasida esa bo`yga yetgan besh qiz boshlariga qizil sholcha yopib olgan holda jo`r bo`lib borishadi. Orqadan yetti-sakkiz yoshdagi o`g`il bola katta xurjun solingan eshakni minib olgan bo`ladi. O`qlog`, yumshoq supurgi va keli (o`g`ur) sopi birga qo`shib bog`langan holda o`sha eshakka sudratilib boriladi. “Choy momo”chilar qaysi xonadonga borsalar, o`sha xonadon egalari ularga bug`doy, non,pul sadaqa qiladi. Eshak ustidagi bola bularni xurjunga solaveradi. Nihoyat qishloq yoki mahalla to`la aylanib chiqilgach, belgilangan joyda yig`ilgan undan shamol otaga is chiqariladi. Buning uchun chalpak pishirilib, shamol otaga atalgan o`n ikki dona chalpakni yerga yoki muqaddas sanalguvchi joydagi biror teshikka tiqishadi. Bu bilan shamol yo`li bog`lanarmish, shamol esa tinarmish. Ba’zan yig`ilgan narsalarni sotib, qo`y sotib olingan va u shamol chiqadigan joyga eltib qurbonlik uchun so`-yilgan. Qo`y go`shtidan tayyorlangan sho`rvadan ortib qolganini shamol chiqishi taxmin qilingan teshikka to`kib qo`yilgan. Marosimdagi ramziy narsalardan o`qlog` va keli (o`g`ir) sopi rizq-ro`zini anglatsa, supurgi shamol xudosi qahrini keltiruvchi ziyon-zahmatlarni quvuvchi va supurib tashlovchi ma’nosini ifodalaydi. Umuman, bu marosim matriarxat davrining qoldigi bo`lib, keyinchalik tranformasiyaga uchrab, erkaklar ijrosida ham bajariladigan bo`lgan.
Dostları ilə paylaş: |