3 1-bob. Jahonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro t-www.fayllar.org
Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti, NATO (North Atlantic Treaty Organization-NATO) - xalqaro davlatlararo harbiy-siyosiy tashkilot bo‘lib, u 1949 yilning 4 aprelida Vashingtonda 12 davlat: AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Kanada, Italiya, Portugaliya, Norvegiya, Daniya, Islandiya vakillari tomonidan Shimoliy Atlantika shartnomasi imzolanishi bilan tashkil topgan. Tashkilotga 1952 yili Gretsiya va Turkiya; 1955 yil GFR, 1982 yil Ispaniya, 1999 yil Vengriya, Polsha va Chexiya, 2004 yil Latviya, Litva, Estoniya, Slovakiya, Sloveniya, Bolgariya va Ruminiya qabul qilindi.
NATO harbiy ittifoq hisoblanadi. Uning ichida yagona, markazlashgan organ mavjud emas. Huquqiy jihatdan hech bir davlat o‘zining ko‘rsatmalariga qo‘shilishga boshqa davlatlarni majbur etishga majbur emas. NATO tuzilmasini siyosiy (fuqaroviy) va harbiy qismga bo‘lish mumkin. Shim. Atlantika Kengashi NATO ning oliy siyosiy organi hisoblanadi. U ittifoqqa a’zo mamlakatlar hukumatlari o‘rtasida maslahatlashib olinadigan va ishlarni muvofiqlashtiruvchi asosiy forumdir. Qarorlar konsensus asosida qabul qilinadi va barcha a’zolar uchun bir xilda kuchga ega bo‘ladi. Harbiy masalalar Mudofaani rejalashtirish komiteti (MRK) majlislarida muhokama qilinadi. Yadroviy rejalashtirish guruhi majlislarida NATO siyosatida yadro qurolining ahamiyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha maslahatlashuv bo‘ladi. NATO Bosh kotibi yuqoridagi har uchchala organning raisi hisoblanadi. Xalqaro kotibiyat ham uning tasarrufida bo‘ladi. Harbiy komitet NATOning oliy harbiy organi hisoblanadi. U barcha qatnashchi mamlakatlar Bosh shtablari boshliqlaridan tashkil topadi. Komitet yiliga 2 marta shtab boshliqlari darajasida majlis qiladi, joriy masalalar NATOga a’zo mamlakatlar harbiy missiyalari vakillarining har haftalik uchrashuvlarida muhokama qilinadi. Xalqaro harbiy shtab Harbiy komitetning ijroiya organidir. NATO Praga sammiti (2002 y. noyabr)ning qarorlariga muvofiq Yevropa va Atlantikada Bosh harbiy qo‘mondonliklar o‘rniga NATO Birlashgan qo‘mondonliklari tuzildi. Bular – Yevropada NATO birlashgan kuchlari Bosh qo‘mondonligi o‘rniga operatsiyalar ustidan Birlashgan qo‘mondonlik; Atlantikada NATO birlashgan kuchlari Bosh qo‘mondonligi o‘rniga qayta tuzish bo‘yicha Birlashgan qo‘mondonlik.
“Sovuq urush” tugagandan so‘ng NATOni dunyoda yuzaga kelgan yangi vaziyatga moslashtirish boshlandi. 1991 yilda Shimoliy Atlantika hamkorlik kengashi tuzildi. U Yevroatlantika hamkorlik kengashiga aylantirildi (1997 y.). 1994 yildan NATOning “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturi amalga oshirila boshlandi. Bu dastur Yevroatlantika hududi xavfsizligining asosiy tarkibiy qismiga aylandi va NATOda markaziy o‘rinni egallab kelmoqda.
O‘zbekiston tomonidan NATOning “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturiga qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjat 1994 yil 13 iyulda imzolangan. 1995 yil 26 avgustda O‘zbekiston NATO bilan xavfsizlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. O‘zbekistonning NATO bilan o‘zaro aloqalari har yili ikkala tomondan tasdiqlanadigan Individual hamkorlik dasturi orqali amalga oshiriladi1.
1996 yildan asosiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha har yili ishlab chiqiladigan individual hamkorlik dasturi doirasida harbiy kadrlarni o‘qitish, mudofaa siyosati, terrorizmga qarshi kurashish, ilm va fuqarolik favqulotda rejalashtirish sohasida hamkorlik amalga oshirilib kelinadi. O‘zbekiston NATOning alohida qo‘mitalarining ishlarida ishtirok etadi. 2007 yil may oyida va 2008 yilning fevral va oktabr oylarida NATOning Ilmiy qo‘mitasi vakili K.Uispelerning tashrifi NATO bilan ilmiy hamkorligiga yanada mustahkamlik impulsini qo‘shdi. 2008 yil 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov NATOning bosh kotibi Y.Sxefferning taklifiga binoan Buxarest shahrining NATO/SEAP Sammitida ishtirok etdi. Ushbu uchrashuvda I.Karimov NATOning ishtirokida Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish maqsadida “6+3” muloqot guruhini tashkil etish taklifi bilan chiqdi2.