Floridiyasimonlar ajdodi – Florideopsida Bu ajdod vakillarining hujayra tarkibidagi xromatoforalari parietal tuzilgan, pirenoidsiz. Jinssiz ko‘payish tetrospora vositasida bo‘ladi. Hujayralar orasida poralar bo‘ladi. Karpogon trixoginaga ega. Karpogon urug‘langandan keyin, uning qorin qismidan auksilyar va oblastem hujayralar qo‘shilgandan keyin gonimoblastlar taraqqiy etadi. Gonimoblastlarda karposporangiy yetiladi, shuning uchun ularni karposporofit deb ataladi. Karposporofitni tuzilishi, hosil bo‘lish xususiyatlariga asoslanib bu ajdod - oltita qabilaga bo‘linadi. Biz shulardan uchtasi bilan tanishamiz.
Nemalionnamalar qabilasi - Nemalionales Bu qabilaga kiruvchi suvo‘tlarning eng xarakterli belgisi shundan iboratki, ularda auksilyar hujayra bo‘lmaydi, gonimoblastlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri urug‘langan karpogonning qorin qismidan yoki qiz hujayralardan rivojlanadi. Bu turkum vakillari Janubiy dengizlarda, Qora dengizda o‘sadi.
Ayrim vakillari chuchuk suvlarda masalan, lemanea-(Lemanea) va batraxospermum (Batrachospermum) o‘sadi.
Lemanea (Lemanea) tez oqadigan sovuq suvlarda substratga yopishib o‘sadigan suvo‘ti bo‘lib, tallomi pushti rang, shoxlangan, uzunligi 10-15 sm. Mikroskop ostida qaralganda uning shoxchalarida markaziy o‘zakni ko‘rish mumkin. U rangsiz ipchalarning to‘plamidan hosil bo‘lib, ulardan sershox radial po‘shti rangli yon shoxchalar chiqqan. Oxirgi shoxchalarni uchlari birikib po‘stloq hosil qiladi. Po‘stloqning tashqi hujayralari xromotoforaga boy, ichki hujayralari yirik va rangsiz. Radial joylashgan shoxchalarning hujayralarini po‘stloq iplari o‘rab olgan. Po‘stloqni ustki hujayralaridan to‘p-to‘p bo‘lib, joylashgan anteridiy hosil bo‘ladi. Po‘stloqning ichki hujayralaridan karpogon hosil bo‘ladi, undan karposporalar taraqqiy etadi. Urug‘lanish sodir bo‘lgandan keyin, gonimoblastlar rivojlanadi, unda zanjir shaklida to‘p-to‘p bo‘lib, karposporalar joylashadi.
Tallom po‘stlog‘i shilliqlanib yirtilgandan so‘ng karposporalar suvga chiqadi. Zigota (urug‘langan karpogon qorinchasi) reduksion (meyoz) bo‘linmasdan o‘sib, diploidning o‘sishidan hosil bo‘ladi. U 20 dan ortiq hujayralardan tashkil topgan ip bo‘lib, uni ichki hujayralari reduksion bo‘lgandan so‘ng, gaploidli gameta ip o‘simlik - nemaleon o‘sib chiqadi. Uni asosiy (bazal) qismi diploid fazaga qoladi.