3-mashg‘ulot. Amaliy. Merganlik. Nishonni tanlash. Joydan turib qo‘zg‘almas va paydo bo‘luvchi nishonlarga otish vaqtida mo‘ljal (pritsel) olish moslamasini va mo‘ljal olish nuqtasini aniqlash. Otishga tuzatishlar kiritish
3-mashg‘ulot. Amaliy. Merganlik. Nishonni tanlash. Joydan turib qo‘zg‘almas va paydo bo‘luvchi nishonlarga otish vaqtida mo‘ljal (pritsel) olish moslamasini va mo‘ljal olish nuqtasini aniqlash. Otishga tuzatishlar kiritish. Nishonni tanlash: Jangda qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli hal qilish uchun:
- jang maydonini uzluksiz kuzatish;
- otish uchun ko‘rsatkichlarni tez va to‘g‘ri tayyorlash;
- turli jang sharoitlarida, kunduzgi va kechasi barcha nishonlarga qarata mohirona o‘q uzish;
- guruhli nishonlarni va eng muhim yakka nishonlarni urish uchun qo‘qqisdan jamlangan o‘t ochish;
- otish natijalarini kuzatish va unga to‘g‘ri tuzatmalar kiritish;
- jangda patronlar sarfini kuzatib borish va ularning o‘rnini o‘z vaqtida to‘ldirish choralarini ko‘rish zarur.
Nishongacha bo‘lgan masofa va uning yo‘nalishi o‘zgargan, otishning boshqa shartlari jadval shartlaridan kam farq qilgan hollarda quydagi boshlang‘ich qo‘yiluvchilar tayinlanadi:
Mo‘ljallagich qo‘yiluvchisi – o‘lchangan nishongacha bo‘lgan masofaga muvofiq.
Nishongacha – 0 (yoki RPG – 7, BMP to‘pi va hokazolardan o‘q uzishda markaziy mo‘ljallagich markazi).
Mo‘ljalga olish nuqtasi – nishon markazi.
Dushmanning joylashishi va harakatlarini o‘z vaqtida aniqlash maqsadida joy kuzatiladi. Bundan tashqari, jangda komandirning signallari va ishoralarini hamda o‘zining otish natijalarini kuzatib borish zarur.
Agar komandir alohida ko‘rsatmalar bergan bo‘lsa, askarlar o‘zlariga ko‘rsatilgan o‘t ochish sektorida 1000 m masofagacha kuzatuv olib boradilar.
Kuzatish qurollanmagan ko‘z bilan olib boriladi. Kuzatish jarayonida pana joylarga alohida e’tibor berish lozim. Joyni o‘ngdan chapga, yaqin predmetlardan uzoq predmetlarga qarab ko‘zdan kechirish zarur. Joyni yaxshilab ko‘rikdan o‘tkazish lozim, chunki ahamiyatsiz niqobsizlantiruvchi belgilar dushmanni topishga ko‘maklashadi. Bunday belgilar jumlasiga quyidagilar kiradi: yaltiroq, shovqin, daraxt shoxlari va butalarning chayqalishi, yangi mayda predmetlarning paydo bo‘lishi, joydagi (mahalliy) predmetlar shakli va holatining o‘zgarishi va h.k.z.
Agar durbin bo‘lsa, undan faqat alohida predmetlarni yoki joy uchastkalarini yanada sinchiklab o‘rganish uchun foydalanish kerak. Bunda durbin oynaklarining yaltirashi bilan o‘z o‘rnini fosh qilmaslik choralarini ko‘rish zarur.
Tunda dushmanning joylashgan o‘rni va harakatlarini ovozlarga va yorug‘lik manbalariga qarab aniqlash mumkin. Agar joy zarur yo‘nalishda raketa yoki boshqa yoritish manbasi bilan yoritilsin, mazkur uchastkani tez ko‘rikdan o‘tkazish lozim.
Jang maydonida aniqlangan nishonlar haqida zudlik bilan komandirga ma’lumot berish va ularning joylashishini to‘g‘ri ko‘rsatish zarur. Nishon og‘zaki ma’lumot berish yoki yonib o‘chadigan patronlar bilan o‘q uzish orqali ko‘rsatiladi. Ma’lumot qisqa, aniq va lo‘nda bo‘lishi lozim. Masalan: «To‘g‘rida – keng buta, chapda – pulemyot»; «Mo‘ljal ikki,o‘ngga ikki barmoq, buta tagida – kuzatuvchi».
Nishonni yonib o‘chadigan o‘qlar bilan ko‘rsatiladi nishon yo‘nalishida bir – ikkita qisqa sidirg‘a o‘q uzish lozim.
Avtomatlardan asosan jonli nishonlarga – pulemyotlar va to‘plarining raschyotlariga, o‘qchilar guruhiga yoki turli holatlardan o‘q uzayotgan alohida figuralarga, shuningdek dushmanning avtomabillar, mototsikillar va shu kabilardagi jonli kuchiga qarata o‘q uziladi. Bundan tashqari, avtomatlardan havodagi nishonlarga qarata o‘t ochiladi. Jang maboynida nishonlar harakatsiz, qisqa, muddatga paydo bo‘luvchi va harakatlanuvchi bo‘lishi mumkin.
Avtomatchi jangda odatda guruh yoki vzvod tarkibida o‘q uzadi va komandir ko‘rsatgan nishonlarni yakson qiladi. Shuning uchun ham u barcha komandirlarni diqqat bilan eshitish va bajarilishi lozim. Agar jangda avtomatchiga shikast yetkazish uchun nishon ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u nishonni o‘zi tanlaydi. Birinchi navbatda eng xafli va muhim nishonlarga, masalan dushmanning pulemyot va to‘p raschyotlari, komandir, kuzatuvchilariga zarar yetkazish zarur. Muhimligi jihatidan teng bo‘lgan ikkita nishondan o‘qqa tutish uchun eng yaqini va eng zaifini tanlash kerak. Otish paytida yangi, yanada muhim nishon paydo bo‘lsa, zudlik bilan o‘tni unga yo‘naltirish lozim.
Mo‘ljallagichning qo‘yiluvchisi, mo‘ljalga olish nuqtasini tanlash va yonlama tuzatishlarni aniqlash uchun nishongacha bo‘lgan masofani o‘lchash hamda o‘qning uchish yo‘nalishi va uzoqligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashqi shartlarni e’tiborga olish zarur. harakatlanayotgan nishonga qarata o‘q uzishda, bundan tashqari, nishonning harakat yo‘nalishi va tezligini ham e’tiborga olish kerak.
Mo‘ljallagich, yonlama tuzatish va mo‘jalga olish nuqtasi shunday mo‘ljal bilan tanlanadiki, o‘q uzilganida traektoriya nishonning o‘rtasidan o‘tsin.
300 m gacha masofaga o‘q uzishda mo‘ljallagich yuzlab metrlarga yaxlitlangan nishongacha bo‘lgan masofaga muvofiq o‘rnatiladi. Odatda, nishonning o‘rtasi mo‘ljalga olish nuqtasi deb olinadi. Agar sharoit mo‘ljallagichning qo‘yiluvchisini o‘zgartirishga imkon bermasa, nishongacha bo‘lgan masofaga qarab, to‘g‘ri mo‘ljallab otish uzoqligiga teng mo‘ljal bilan, nishonning pastki qirrasini mo‘ljalga olib o‘q uzish zarur.