3-mavzu. Zoʻrlikni boshidan oʻtqazgan bolalarga psixologik yordam tamoyillari Reja



Yüklə 41,92 Kb.
səhifə1/6
tarix10.06.2022
ölçüsü41,92 Kb.
#116832
  1   2   3   4   5   6
3-mavzu. Zo rlikni boshidan o tqazgan bolalarga psixologik yorda


3-mavzu. Zoʻrlikni boshidan oʻtqazgan bolalarga psixologik yordam tamoyillari
Reja:

  1. Bolalar zoʻrlanishi muammosi.

  2. Zoʻrlik qurboni boʻlgan bolalarga psixologik maslahat berish.

  3. Bolalar bilan guruhiy psixoterapiya.



Tayanch soʻzlar: bolalar zoʻravonligi, zoʻrlanish, guruhiy psixoterapiya, psixologik yordam, oila.
Mavzuning qisqacha mazmuni va dolzarbligi: Ushbu mavzuda bugugi kundagi muhim yoʻnalishlardan biri boʻlgan ijtimoiy reabilitatsiyaning muhim muammolari, oiladagi psixologik zoʻravonlik, ularning asoratlari va ularni reabilitatsiya qilishning oʻziga xos tomonlarini qamrab oladi. Ushbu mavzu sotsial psixologik xizmat tizimida reabilitatsiya masalalari fanining mohiyati hamda pedagogik, ijtimoiy sohalarda psixologik bilimlarni oʻrni va ahamiyatini tushuntirib berishga qaratilgan
Fanning boshqa fanlar bilan oʻzaro bogʻliqligi:
“Falsafa”, “Umumiy psixologiya”, “Etika”, “Psixodiagnostika”, “Odam anatomiyasi”, “Psixofiziologiya”, “Ijtimoiy psixologiya”, “Psixologik xizmat”, “Rivojlanish psixologiyasi”, “Yosh fiziologiyasi”, “Gigiyena”, “Pedagogika” va “Tibbiy fanlar”.

  1. Bolalar zoʻrlanishi muammosi.

Bolalarning oʻzi himoyalanmagan, zaif ijtimoiy qatlam boʻlishlariga qaramay, koʻp hollarda tabiiy ofatlar, harbiy harakatlar hududida qolib ketadilar, jismoniy, emotsional va jinsiy zoʻrlanish qurboniga aylanadilar. BMTning bergan maʼlumotlariga koʻra har yilda 14 yoshgacha boʻlgan bolalarning 2 mln.ga yaqini ota onalar zoʻravonligidan qiynaladilar. Ularning har oʻntadan biri hayotdan koʻz yumadi, ikki mingtasi esa hayotni oʻz joniga qasd qilish bilan yakunlaydi.
Zoʻravonlik bir necha koʻrsatkichlar boʻyicha klassifikasiyalanadi:

  • ochiq va yopiq (kimdir oshkor qiladi, kimdir yashiradi);

  • hozirda ham davom etayotgan yoki oʻtmishda sodir boʻlgan;

  • birlik yoki koʻplikda, uzoq yillar davom etuvchi;

  • sodir etilayotgan joy va muhitga koʻra zoʻravonlik: uyda qarindoshlar tarafidan, maktabda pedagog yoki bolalar tomonidan, koʻchada bolalar yoki notanish kattalar tarafidan boʻlishi mumkin.

Asanova ishlarida taklif etilgan quyidagi zoʻrlik klassifikatsiyasi keng tarqalgan:
Jismoniy zoʻravonlik 18 yoshgacha bshlgan bolalarga nisbatan koʻrsatilgan tasodifiy boʻlmagan jarohatning har qaysisi. Jismoniy zoʻravonlik yuzga urish, itarish, boʻgʻish, yumdalash, kamar yoki arqon bilan kaltaklash, ogʻir predmetlar va pichoqlar bilan jarohatlar yetkazish shaklida namoyon boʻladi.
Jismoniy zoʻravonlik oʻz ichiga bolalarni narkotik, alkogol moddalariga jalb qilishni, zaharlovchi yoki hushsizlantiruvchi tibbiy preparatlar (masalan, vrach tomonidan yozib berilmagan uyqu chaqiruvchilarni, shuningdek choʻktirishga urinishlarni ham qamrab oladi.
Jinsiy zoʻravonlik bolalar (qiz yoki oʻgʻillarni) kattalar yoki boshqa bolalar tomonidan oʻzining jinsiy ehtiyojlarini qondirish, manfaat olish maqsadida ulardan foydalanishidir. Jinsiy zoʻravonlik oʻz ichiga har qanday jinsiy aloqani, jinsiy organlarning tana kontaktini, bolalarni fohishabozlikka, pornobiznesga jalb qilishni, bolaning oldida jinsiy organlarni yalangʻoch holda koʻrsatish va unga sezdirmasdan yechinayotganida kuzatish kabi hollarnmi qamrab oladi.
Bolaning zarurat va qiziqishlariga eʼtiborsizlik ota onalar yoki ayrim sabablarga koʻra ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolaning ovqatga, qiyinishga, uy joyga, taʼlim olishga, tibbiy yordamga boʻlgan majburiy taʼminlanishi kerak boʻlgan zarurat va ehtiyojlarini taʼminlamaslik. Bolani baxtsiz hodisalarga olib keluvchi qarovsiz qoldirishlar yuqoridagilarga misol boʻla oladi.
Psixologik zoʻravonlik doimiy yoki vaqti vaqti bilan bolani haqoratlash, oʻqituvchi, tarbiyachilar, ota-onalar tarafidan koʻrsatiladigan qoʻrqituvlar; uning insoniylik gʻururini kamsitish, ularni u qilmagan ishda ayblash, bolaga muhabbatning yoʻqligini, unga adovatni namoyish etish. Shuningdek, bu zoʻravonlik turiga doimiy yolgʻon va bolaga qoʻyilayotgan talablar uning yoshiga mos emasligi ham kiradi.
Emotsional zoʻravonlik. Ayrim tadqiqotchilar har qanday zoʻravonlik asosida emotsional zoʻravonlik, xoʻrlanganlik yotadi degan fikrdalar.
Odatda jabrlanuvchi bola bir vaqtning oʻzida zoʻravonlikning bir qancha turini boshdan oʻtkazadi. Masalan, zoʻravonlik qurboni boʻlgan kattalar va bolalar koʻpincha jismoniy (kaltaklash) va emotsional (oʻldirish yoki mayib qilish qoʻrqituvlari) zoʻrlashni boshdan kechiradilar.
Bolalar ustidan zoʻravonlik va eʼtiborsizliklar boʻlishiga ijtimoiy, hamda madaniy sharoitlar ham olib keladi:

  1. Jamiyat ongida aniq jismoniy jazo bahosini yoʻqligi.

  2. OAVda zoʻravonlikni namoyish etilishi.

  3. Fuqarolarning shaxsiy hayotiga oilaviy siriga daxlsizlik huquqining konstitusiyada belgilanligi oʻz vaqtida zoʻrlash faktini oʻrnatishni va unga aralashishga yoʻl qoʻymaydi.

  4. Jamiyat tomonidan zoʻrlikni ijtimoiy muammo sifatida yetarlicha tushunilmasligi.

  5. Aholining huquqiy savodxonligini pastligi.

  6. Bolalar oʻz huquqlari bilan yetarlicha tanishmaganliklari.

Tadqiqotlar ota onalarda norozilikni, asabiylashishni va bulardan keyin zoʻrlashni keltirib chiqaruvchi bolalarda mavjud bir qator xususiyatlarni aniqladilar. Zoʻrlik qurboni boʻlish ehtimoli yuqori boʻlgan bolalar quyidagi xususiyatlarga ega:

  • istalmagan bolalar, shuningdek, ota onasi undan oldingi bolani yoʻqotgandan keyin tugʻilgan bolalar;

  • tugʻilganda ogʻirligi kam boʻlgan vaqtidan oldin tugʻilgan (chala) bolalar;

  • tugʻilish oraligʻidagi vaqt katta boʻlmagan koʻp bolali oilalarda yashovchi bolalar;

  • intellekti past, sogʻligʻida buzilishlar (nasliy, doimiy tus olgan, psixik kasalliklar) mavjud boʻlgan, ortirillgan yoki tugʻma nogiron bolalar;

  • hulqida buzilishlar mavjud boʻlgan (asabiy, nafratlanuvchi, giperaktiv, hulqi beqaror, uyqusi buzilgan, enurez) bolalar;

  • shaxsida maʼlum xususiyatlarga ega bolalar (talabchan, odamovi, befarq, qaram);

  • ota-onalar asabiga teguvchi odatlari mavjud bolalar (tirnoq tishlash);

  • ijtimoiy malakasi past bolalar;

  • boshqalardan tashqi qiyofasi bilan ajralib turuvchi yoki ota-onalariga maʼqul boʻlmagan xususiyatli bolalar (masalan, bolaning boshqa jinsda ekanligi);

  • ona uchun homiladaorlik va tugʻish jarayoni ogʻir kechgan, shuningdek koʻp kasal boʻlgan bolalar va hayotning birinchi yili onasidan ajratilgan bolalar.

Bolalarga koʻrsatilayotgan emotsional zoʻravonlik bu bolada emotsional hayotini normal rivojlanishini havfga qoʻyib, unda emotsional zoʻriqish holatini uygʻatuvchi har qanday harakatdir.
Odatda bolaning yutuqlariga ota onalar maqtov, gʻurur va hursandchilik hislari bilan reaksiya qaytaradilar. Biroq baʼzida ota onalar teskari reaksiya ham bildiradilar: befarqlik va asabiylik. Boshida bu bolada aralash hislarni uygʻotadi. Keyinchalik ota onalarning bunday noadekvat reaksiyalariga bir necha bor duch kelgan bola ularga javob reaksiyasini qaytaradi, omadga gʻurur va yutuqqa erishish motivasiyasi tez yoʻqoladi.
Bolaga nisbatan koʻrsatilgan quyidagi harakatlar emotsional zoʻravonlikka kiradi:

  • izolyatsiya, yaʼni bolani normal ijtimoiy muloqotdan ajratib qoʻyish;

  • agar bola maʼlum vaqt ichida darslarini qilmasa yoki oʻrnini yigʻishtirmasa buning uchun maʼlum vaqt televizor yoki aylanishlarni taʼqiqlab qoʻyilishi;

  • haqoratlash;

  • terrorlash (terrorizirovaniye), yaʼni bolani bir necha bor haqoratlash va qoʻrquv hissini shakllantirish;

  • doimiy zoʻriqish, qoʻrqituvlarda ushlash;

  • urish, xoʻrlash;

  • jazolash orqali qoʻrqitish;

  • axloqan aynitish, jamiyat normalariga qarshi va bolaga zarar yetkazuvchi harakatlarga bolani majburlash (oʻgʻrilik qilishga, alkogol yoki narkotik moddalarini isteʼmol qilishga majburlash).

Bolaga emotsional zoʻravonlik oʻtkazilayotganini quyidagilardan taxmin qilish mumkin. Agar ota-onalar doimiy ravishda:

  • bolaga u eplay olmaydigan katta talablar qoʻyilishi ularda oʻz oʻziga past bahoni shakllanishiga va frustratsiyaga olib keladi;

  • bolani xaddan tashqari qattiq jazolash;

  • bolaga nisbatan oʻta tanqidiylik, uni ayblash;

  • jahldor va oʻzini qoʻrqinchli tutadi.

Emotsional zoʻrlikni boladagi bir qancha belgilar orqali taxmin qilish mumkin, agar u:

  • emotsional emas, befarq;

  • gʻamgin, subdepressiv yoki unda deprissiyani namoyon boʻlishi;

  • bamoqlarini soʻrish, monotonno raskachivayetsya (autoyeroticheskiye deystviya);

  • odamovi, oʻychan yoki aksi, agressiv;

  • istalgan kattalarga diqqat va issiqlikni qidirib "yopishib" oladi;

  • yomon uxlaydi, tungi qoʻrquv hurujlarini boshdan oʻtqazadi;

  • oʻyinlarga qiziqishni namoyon qilmaydi.

Jismoniy reaksiyalar ham, shuningdek, emotsional zoʻravonlik qurboni boʻlganligini koʻrsatadi:

  • kunduzgi va tungi enurez;

  • psixosomatik shikoyatlar: bosh ogʻriqlar, qorindagi va yurakdagi ogʻriqlar, oʻzini nohush sezayotganligi haqidagi shikoyatlar va boshqalar;

  • umumiy va jismoniy rivojlanishi sustlashgan bolalar.

Psixologik zoʻravonlik emotsional zoʻravonlik bilan oʻxshash boʻlishiga qaramay alohida ajratiladi (Soonets, 2000). Psixologik zoʻravonlik bu bolaga koʻrsatilayotgan munosabatlardan uning qobiliyatlari rivojlanishining tormozlanishiga olib keluvchi faoliyatlardir.
Masalan, psixologik zoʻravonlikka oilada tez-tez yuz beradigan nizolarni va ota- onalarning bolaga nisbatan oldindan aytib boʻlmaydigan munosabatlarini kiritish mumkin. Qalbdagi ogʻriqlar tufayli bolaning intellektual rivojlanishi tormozlanadi, bilish jarayonlarining rivojlanishi va adapatasion qobiliyatlar havf ostida qoladi. U tez hafa boʻluvchan boʻlib qoladi, oʻz oʻzini hurmat qilish qobiliyati pasayadi. Bola ijtimoiy himoyasiz rivojlanadi, nizoli vaziyatlarga oson tushib qoladi va tengdoshlaridan inkor qilinish ehtimoli yuqori boʻladi.
1980-yilda ingliz psixologi Alisa Miller oʻzining "Sening shaxsiy manfaating uchun" deb nomlangan kitobida "zaharlovchi pedagogika", yaʼni jarohatlangan shaxsni rivojlantiruvchi tarbiyaviy taʼsirlar kompleksini tizimladi:

  • Ota-onalar xoʻjayinlar ularga qaram boʻlgan bolalar.

  • Nima yaxshi nima yomon ekanligini ular aniqlaydilar.

  • Ularning nafratiga bola javobgar. Agar ularning jaxli chiqsa u aybdor.

  • Ota onalar doim himoyalangan boʻlishlari shart.

  • Bolaning oʻz oʻzini tasdiqlashi avtoritar ota onalarga havf uygʻotadi.

  • Bolani sindirish kerak, qanchalik tez boʻlsa shuncha yaxshi.

  • Bularning barchasi hali bola juda kichkinaligida, hech narsani tushunmagan paytida boʻlishi kerak.

Quloq solishga erishish metodlari turlicha: psixologik tuzoq, yolgʻon, ikki yuzlamachilik, manipulyatsiya, qoʻrqituvchi taktika, sevgini inkor qilish, izolyatsiyalash, kamsitish, uyaltirish, umuman bola oilada nima qilsa ham kattalar tomonidan qadrsizlantirilishi va maʼnosiz koʻrsatish ("Seni qoʻling boshqa yoqdan oʻsayotganga oʻxshaydi, yaxshisi hech narsaga tegma!"; "Baribir bundan hech qanday yaxshilik chiqmaydi!").
Ushbu "zaharlovchi pedagogika" qoidalariga asoslanib bolalarda quyidagi destruktiv ustanovkalar shakllanadi:

  • Sevgi bu majburiyat;

  • Ota onalar hurmatga loyiq, chunki ular ota ona;

  • Farzand hurmatga loyiq emas, chunki u farzand;

  • Oʻz-oʻziga bahoning yuqoriligi zarali, past boʻlishi esa odamlarni altruist qiladi;

  • Kuchli muhabbat zararli;

  • Bola xohishlarini qondirish notoʻgʻri. Qattiqqoʻllik, qoʻpollik va sovuqqonlik hayotga yaxshi tayyorgarlikdir;

  • Oʻzingni qanday tutayotganing aslida qanday ekanligingdan muhim;

  • Ota-onalar, agar ularni hafa qilsalar koʻtara olmaydilar;

  • Ota-onalar bemaʼni gaplar gapirmaydilar yoki aybdor boʻlmaydilar;

  • Ota-onalar doim haq ular adashmaydilar.

"Zaharlovchi pedagogika" qoidalari "qalbi soʻngan", keyinchalik esa boshqalarni qalbini jarohatlovchi, ijtimoiy tolerantligi past, rigid qaram shaxsni shakllantiradi. Ota onalar esa bolani mayib qila turib, uning baxti uchun hamma narsa qilayotganlariga ishonadilar.

  • Miller ota-onalar orasidagi motivni quyidagilarga ajratadi:

  • Qachonlardir oʻzlari duchor boʻlgan xoʻrlanishni boshqaga oʻtkazishga boʻlgan ongsiz ehtiyojdir;

  • Bostirilgan hissiyotlarni chiqishiga boʻlgan ehtiyoj;

  • Manipulyatsiya uchun oʻz boshqaruvida tirik obyektga egalik qilish ehtiyoji;

  • Oʻz-oʻzini himoyalash, shuningdek ota onasining pedagogik tamoyillarini oʻz bolasiga oʻtkazish orqali ota-onasini va oʻz bolaligini ideallashtirishga ehtiyoj va boshqalar.

Agar sanab oʻtilgan motivlardan hech boʻlmaganda birortasi boʻlsa ham, bu holda ota-onalar patternini oʻzgartirish ehtimoli yuqori emas.
Biroq, bular bola cheklovlarsiz tarbiyalanishi kerak degani emas. Kattalar tomonidan bolaning hislariga sabrlilik va hurmat koʻrsatilishi, pedagogik taʼsirlarning tabiiyligi, yaʼni pedagogik tamoyillarga asoslanishi kerak.
Jismoniy zoʻravonlik bolaga munosabatning bu turi qasddan uni psixik va jismoniy noqulay holatga qoʻyilishi va unga qasddan tana jarohatlarini yetkazilishi yoki yetkazilish ehtimoli mavjud holatlarning barchasi.
Bola jismoniy jarohat qurboni boʻlganini quyidagi belgilardan aniqlash mumkin:

  • Tushuntirib boʻlmas tarzda paydo boʻlgan qon talashib qolishi;

  • Chandiqlar, boylanganlik izlari, timoq izlari, qoʻl bosimi izlari;

  • Predmet bilan urilgan izlar (kamar, kaltak, arqon);

  • Terini tishlaganlik izi;

  • Boshning bir qancha qismida sochni yoʻqligi;

  • Tushuntirib boʻlmas kuyish izlari (sigaret uchidan tushgan yoki qandaydir shaklga ega kuyish);

  • Qaynoq predmetlar bilan kuydirish (zajigalka, dazmol va boshqalar);

  • Tushuntirib boʻlmas suyak chiqishi, sinishi, jarohatlar;

  • Ichki organlarni zaralanishi (qorin yoki biqinga urish natijasida jigar ezilishi, buyrak, siydik pufagini lat yeyishi);

  • Bolaga alkogol yoki dorini majburan ichirishdan keyingi odatiy boʻlmagan holati;

  • Zoʻravonlik belgilari bilan oʻlgan bola (oʻldirish);

  • Agar bolaning tanasida har xil vaqtga tegishli izlar mavjud boʻlsa takrorlanuvchi jismoniy zoʻravonlik haqida hukm chiqazish mumkin (chandiqlar, dogʻlar, yangi yaralar, qon talashlar va h.k.).

Bolaga jismoniy zoʻravonlik oʻtkazilayotganligini uning hulq-atvoridagi oʻziga xos xususiyatlar ham koʻrsatadi:

  • Bolaga ota-onalarning yaqinlashuvidan qoʻrquv;

  • Passivlik, odamovilik yoki kuchli agressiya;

  • Jismoniy kontaktdan qochish;

  • Qotib qolgan, qoʻrqitilgan koʻz qarashi (yemizilayotgan bolalarda ham kuzatiladi);

  • Xulq-atvordagi tushintirib boʻlmas oʻzgarishlar (avallari quvnoq boʻlgan bola endi doimo gʻamgin, oʻychan, odamovi boʻlib qolgan);

  • Oʻziga zarar yetkazish xodisalari, oʻz-oʻzini yoʻq qiluvchi xulq-atvor (chakish, alkogol, narkotik moddalarini isteʼmol qilish);

  • uydan qochish;

  • ob-havo sharoitlariga mos kiyinmaslik (masalan, yozda tanadagi jarohatlarni berkitish uchun tomoq koʻrinmaydigan, yengi uzun, qalin boʻlgan kiyimlarni kiyish);

  • bolaning maktabdagi omadsizliklari ("2" baho, dars qoldirish, yomon xulq-atvor) haqida ota-onasiga maʼlum qilmasliklarini soʻrab yolvorishi; Bolaga nisbatan jismoniy zoʻravonlik sodir etilganligining oila bilan bogʻliq omillari:

  • ushbu oilada bolalarni yoki aynan shu bolani oldin ham jismoniy jazolashgan;

  • ota-ona bolaga nafratlanib, ayamay munosabatda boʻladi;

  • ota-ona bolani tartibga solishda qattiq qoʻllik metodlaridan foydalanadi (musht bilan urish yoki oyoq bilan tepish, predmetlar bilan kaltaklash);

  • bola jismoniy jarohat olganda vrachga murojaat qilmaslik;

  • ota-onaning bolani jismoniy jazolash bilan qoʻrqituvi ("San bugun mandan kaltak yeysan...") yoki oldingi zoʻravonlik harakatlarini eslatish ("Oldingi safardak kaltak yeysan");

  • Sodir boʻlgan voqeani ota-onalar tushuntirishlariga boladagi jarohatlarning xarakteri toʻgʻri kelmasligi, qarama-qarshi ekanligi.

Bolaga nisbatan sodir etiladigan jinsiy zoʻravonlik oʻz oqibatlariga koʻra eng ogʻir psixologik jarohatlar qatoriga kiradi.
Amerikalik tadqiqotchilar bolalar ustidan zoʻravonlikni 16 yoshgacha (ayrim manbalarda 18gacha) boʻlgan bolalar yoki undan 5 yosh katta boʻlgan insonning har qanday seksual tajribalari sifatida aniqlaydilar. Bolalar ustidan jinsiy zoʻravonlik shuningdek, "oilaviy rollarga qoʻygan jamiyat tabularini toʻliq tushunmay ularni anglab rozilik berish holatida boʻlmagan psixik va fiziologik jihatdan yetilmagan bolalar va oʻsmirlarni seksual haraktlarga jalb qilishni" ham nazarda tutadi.
Mavjud steriotiplarga qaramay, bolalar ustidan zoʻravonlikni barcha holatlarida 75-90% zoʻravonlar bolalarga tanish va 10-25% xollaridagina zoʻravonlik notanish odamlar tomonidan sodir etiladi. 35-45% xodisalarda zoʻravonlik qarindosh, 30-45%ida esa uzoq tanish tomonidan sodir etiladi.
Shu bilan birga faqatgina oila ichida sodir etilgan zoʻravonlik qurbonlarning 2% va oila tashqarisida sodir boʻlganlarning 6%gina zoʻravonlik haqida kerakli joylarga xabar beradilar.
Bola bilan qasddan jinsiy munosabatda boʻlishda jinsiy foydalanish va jinsiy zoʻravonlik ajratiladi.
Boladan jinsiy foydalanish va zoʻrlash aktlariga quyidagilar kiradi:

  • Silash, ushlash, oʻpish, shuningdek bola tanasining intim qismlariga yashirin tegish (masalan, choʻmilish vaqtida);

  • Bolaning jinsiy organlarini koʻrish;

  • Bola yechinayotganda, choʻmilayotganda qarash;

  • Bolaga oʻzining yalangʻoch tanasini yoki jinsiy organlarini namoyish qilish;

  • Noqulay ahvolga soluvchi qarashlar, seksual xarakterdagi gaplar bilan bolaga zulm oʻtkazish.

Odatda jinsiy munosabat qurbonlari 12 yoshdan kichik bolalar boʻlib, asosan 3-7 yoshdagilarda koʻp uchraydi. Kichkina bola nimalar sodir boʻlayotganini tushunmaydi, uni qoʻrqitish, hech kimga aytmasligiga koʻndirish oson. Shuningdek, zoʻrlikni sodir etgan kattalar bu yoshdagi bolalar boʻlib oʻtgan hodisani soʻzlar orqali tasvirlab bera olmasliklariga umid qiladilar. Bola fantaziyalari reallik bilan aralash boʻlgani uchun u nimanidir aytib bersa ham unga ishonmaydilar. Jinsiy zoʻravonlikka odatda 14 yoshgacha boʻlgan qizlarning 20-­30% va oʻgʻil bolalarning 10% duchor boʻlmoqda. Jinsiy zoʻravonlik oʻgʻil bolalarda qizlarga nisbatan 3-4-marta kam uchraydi. Zoʻravon haqida koʻp notoʻgʻri qarashlar mavjud.
Birinchidan, zoʻravon faqat erkak deb hisoblanadi. Biroq, statistikaga koʻra bolalar zoʻravonlarini 2% ini ayollar tashkil etadi. Mutaxassislar fikriga koʻra, ularning miqdori aslida koʻproq, chunki ayollar bolalar bilan birga boʻlishlari odat boʻlgani uchun ayol zoʻravonlar bu voqealarni berkitishlari oson va uni aniqlash qiyin.
Ikkinchidan, zoʻravonlar katta yoshdagi odamlardir. Biroq, bu odamlar 40 yoshdan kichik boʻlganlar boʻlib, ulardan 50% 30 yoshida zoʻravonga aylanadilar.
Uchinchidan, bolaga jinsiy zoʻravonlikni faqatgina psixik kasal inson sodir etadi degan qarash mavjud, biroq ulardan 5% gina psixik buzilish yoki xulq ogʻishlari bilan qiynaladilar halos.
Vaziyat bilan bogʻliq zoʻravonlar va maʼlum xohishlarga ega zoʻravonlar farqlanadi. Birinchi holda zoʻravolik sababi bolani jinsiy xoxlashga yoʻnalganlik boʻlgan deb hisoblab boʻlmaydi. Vaziyatga bogʻliq zoʻravonlar quyidagi tiplarga ajratiladi:

  1. Regressivlar. Ular oʻz qadr-qimmatini past darajada ekanligi bilan, shuningdek impulslarni nazorat qilish qobiliyati pastligi bilan ajralib turadilar. Mana shu sabablarga koʻra oʻz bolalariga yetishish mumkinligi, ular ustidan hukmronlik qilish imkoni ularni zoʻravonlikni sodir etishga undaydi.

  2. Axloqan farqlamaydiganlar. Oʻzining barcha yaqinlariga (kim ularning hukmida va ularga qaram boʻlsa): turmush oʻrtogʻi, qarindoshlari, oʻrtoqlari, qoʻli ostidagilarga shafqatsiz munosabatda boʻladilar. Oxir oqibatda, bu tipdagi zoʻravon jismoniy kuch ishlatib bolani jinsiy aloqaga kirishishga majburlaydi va bola zoʻravonlik qurboniga aylanadi.

  3. Jinsiy farqlamaydiganlar. Bu toifadagilarga jinsiy ehtiyojlarni qondirishda chegara va qoidalar mavjud emas.

  4. Noadekvatlar. Bu tipga sotsiopatlar mansub boʻlib, bu odamlar jamiyatga ijtimoiy qoʻshilmaydilar. Bolalar ular uchun hech qanday qadrga ega emas va oʻzlarini bolalar bilan istagan ishni qilishga haqli deb hisoblaydilar.

  5. Xohlovchilar (bolalarni) — bunday insonlarning aynan jinsiy yoʻnalganligi bolalarga qaratilgan, yaʼni pedofillar. Oʻz ehtiyojlarini qondirish maqsadida hech narsadan toʻxtamaydilar.

Xohlovchi zoʻravonlar quyidagi tiplarga ajratiladi:

  1. Yoʻldan ozdiruvchi (soblazniteli)lar. Ular bola bilan aloqa oʻrnatishni, muloqotda boʻlishni, tinglashni, qanday gaplashishni, ular bilan hamkorlikdagi munosabat oʻrnatishni biladilar. Jinsiy harakatlarga jalb etish sekinlik bilan, bolaga nisbatan eʼtiborli boʻlish, sovgʻalar berish, uni parvarishlash orqali amalga oshiriladi.

  2. Introvertlar. Bu tip yoʻldan ozdiruvchilar kabi bola bilan munosabatga va muloqotga kirisha olmagani sababli jinsiy munosabatda boʻlish imkonini beruvchi uzoq muddatli aloqani oʻrnatish ularga qiyin vazifadir. Shuning uchun jinsiy munosabatga kirishish qisqa muddatda sodir etiladi va jismoniy zoʻravonlik bilan kuzatiladi.

  3. Sadistlar — bu tipdagilar eng kam 2%ni tashqil qiladi. Bunday hollarda jinsiy harakatlar oʻlimgacha boruvchi qiynoq va ogʻriq berish ehtiyoji bilan kuzatiladi.

Bolalar xulqidagi turli xil oʻzgarishlar boshdan oʻtkazilgan jinsiy zoʻravonlikning belgilari hisoblanib, ularning ayrimlarini jarohatdan keyingi sindromlar sifatida koʻrish mumkin.

  1. Jinsiy qiziqishni ortishi:

  • jinsiy mazmundagi oʻyinlarga qiziqishning xaddan tashqari ortishi;

  • bu yoshda jinsiy hayot haqida hayratlanar darajada koʻp bilishi;

  • qarama-qarshi jins vakillariga va kattalarga munosabatda jalb kiluvchi xulq-atvor;

  • boshqa bolalar bilan jinsiy harakatlarni amalga oshirish (kichik maktab yoshidan boshlab);

  • gʻayri tabiiy jinsiy faollik (fohishabozlik).

  1. Muloqot va emotsional holatda oʻzgarishlar:

  • izolyasiya, oʻz olamiga ketib qolish, odamovilik;

  • depressiya, homush kayfiyat;

  • nafratlanish, uyat, ayb, ishonchsizlik, oʻzining buziqligi hissi;

  • parishonxotirlik, chetlashish (maktabgacha yoshdan boshlab);

  • isterik xulq — atvor, oʻz-oʻzini nazorat qilishning yoʻqolishi;

  • tengdoshlari bilan muloqatda qiyinchilik, ular bilan muloqotdan qochish, oʻz yoshidagi oʻrtoqlarining yoʻqligi yoki avvalgi oʻrtoqlari bilan gaplashishdan qochish;

  • opa va ukalaridan begonalashuv;

  • kichik bolalarni va tengdoshlarini terrorlash (terrorizirovaniye);

  • oʻyinchoqlarga nisbatan shafqatsizlik (kichkina bolalarda);

  • kattalarga nisbatan ambivalent hislar (kichik maktab yoshidan boshlab).

G) Bolaning motivatsiyasini oʻzgarishi, ijtimoiy belgilar:

  • oʻzini himoya qila olmaslik, zoʻravonlikka va hoʻrlashlarga qarshilik qilmaslik, koʻnikish;

  • oʻzlashtirish darajasini birdan oʻzgarishi (yaxshi yoki yomon);

  • maktabda dars qoldirish, taʼlim olishdan bosh tortish va ogʻishlar;

  • oilada ota-ona rolini oʻz zimmasiga olish (ovqat tayyorlash, kir yuvish, kichkinalarga qarash va tarbiyalash);

  • uydan qochish darajasida oʻz oilasining urf-odatlarini inkor qilish (oʻsmirlarga xos).

G) Bolada oʻz-oʻzini anglashni oʻzgarishi:

  • oʻz-oʻziga bahoning pasayishi;

  • oʻz joniga qasd qilish hayollari va urinishlar.

D) Nevrotik va psixosomatik belgilarning namoyon boʻlishi:

  • maʼlum bir odam bilan bir xonada yolgʻiz qolishdan qoʻrqish;

  • yechinishdan qoʻrqish (masalan, jismoniy tarbiya yoki suzish mashgʻulotlarida ishtirok etishdan yoki tibbiy koʻrikdan oʻtayotganda ichki kiyimlarni yechishdan bosh tortish);

  • bosh ogʻrigʻi, yurak va oshqozon qismlaridagi ogʻriqlar.

Maktabdagi zoʻravonlik — bu bolalar orasida yoki oʻqituvchilarni oʻquvchilarga yoki juda kam uchrovchi holat-oʻquvchilarni oʻqituvchilarga nisbatan kuch ishlatuvchi zoʻravonlik turi. Maktabdagi zoʻravonlik emotsional va jismoniyga ajratiladi.
Emotsional zoʻravonlik jabrlanuvchida emotsional zoʻriqishni yuzaga keltiradi, uni xoʻrlaydi va oʻz-oʻziga boʻlgan bahosini pasaytiradi. Emotsional zoʻrlik turlari:

  • boshqa bolalar oldida haqoratlash, masxara qilish, laqab qoʻyish, toʻxtovsiz ogohlantirish, bahoning obyektiv emasligi, ustidan kulish va boshqalar;

  • izolyasiya, jabrlanuvchi bilan muloqotdan bosh tortish (bola bilan oʻynashni rad qiladilar, bitta partada oʻtirishni xoxlamaydilar, tugʻilgan kunlarga taklif qilmaydilar);

Jismoniy zoʻrlik ostida oʻquvchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatish natijasida jismoniy jarohat olish ehtimoli mavjud holat tushuniladi.
Jismoniy zoʻrlikka-zarb bilan urish, kaltaklash, tarsaki tushirish, narsalarini olib qoʻyish va buzish kabilar kiradi. Odatda emotsional va jismoniy zoʻrlik birgalikda keladi.
Jabrlanuvchi istalgan bola boʻlishi mumkin, ammo odatda bunga kuchsizroq yoki boshqalardan ajralib turuvchilarni tanlashadi. Bunga quyidagi bolalar tushib qoladi:

  • jismoniy yetishmovchiligi mavjud bolalar — ochki taqadiganlar, qulogʻi past eshituvchilar yoki harakatida buzilishi borlar;

  • hulqi bilan ajralib turuvchi — kamgap yoki impulsiv hulqli bolalar;

  • tashqi koʻrinishi bilan ajralib turuvchi — sepkilli, qulogʻi katta, oyogʻi qiyshiq, bosh shakli, tana ogʻirligi alohida boʻlgan bolalar;

  • ijtimoiy malakalari yetarlicha rivojlanmaganlar;

  • maktab oldida qoʻrquvi mavjudlar;

  • jamoa hayotida tajribasi yoʻqlar (uy bolalari);

  • kasalliklari mavjud bolalar — epilepsiya, tutqanoq, duduqlanish, enurez, enkoprez, nutq buzilishlari — dislaliya, disgrafiya, dileksiya, diskalkuliya va boshkalar.

  • intellekti past va taʼlim olishga qiynaluvchi bolalar.

Zoʻravonlikdan keyingi paydo boʻluvchi buzilishlar ishga yaroqlilik darajasini barcha sohalarini qamrab oladi. Ular shaxsni kelajakda rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi turgʻun shaxsiy oʻzgarishlarga olib keladi. Bolalarga qattiq va beshafqat munosabatning yaqin va kelajak oqibatlari ajratiladi (Sofonova, Simbal, 1993).
Yaqin oqibatlarga quyidagilar kiradi: jismoniy jarohat va zarar yetkazish, shuningdek, miya chayqalishi sindromi uchun xarakterli boʻlgan bosh ogʻrigʻi, qayd qilish, xushdan ketish yosh bolani yelkasidan ushlab qattiq silkitganda rivojlanadi. Yuqorida aytilgan belgilardan tashqari, bu sindromda koʻzga qon quyilishi kuzatiladi. Yaqin oqibatlarga shu qatorda har qanday agressiyaga, ayniqsa jinsiy zoʻravonlikka javoban paydo boʻluvchi oʻtkir psixik buzilishlar ham kiradi. Bular qoʻzgʻaluvchanlik, qayergadir qochishga, berkinishga intilish, yo chuqur tormozlanish, tashqi berfarqlik koʻrinishida namoyon boʻlishi mumkin. Biroq ikki holatda ham bola qoʻrquv, vahima va nafratni oʻtkir qaygʻurish bilan boshdan oʻtkazadi. Katta yoshdagi bolalarda oʻzidan qoniqmaslik hissi bilan bogʻliq ogʻir depressiya rivojlanishi mumkin.
Kelajak oqibatlarga quyidagilar kiradi: jismoniy va psixik rivojlanishdagi buzilishlar, turli somatik kasalliklar, shaxsiy va emotsional buzilishlar.
Jismoniy jazo ogʻir boʻlgan, bola shaxsiga qaratilgan soʻkish "tarbiya metodi" hisoblangan yoki eʼtibor, mehrdan mahrum qilingan bolalar masalan, ota-onasi alkogolik boʻlgan oilalarda yashovchi koʻpchilik bolalarda jismoniy va nerv-psixik rivojlanishida kechiqish belgilari mavjud boʻladi.
Emotsional va jismoniy zoʻrlik sharoitida tarbiyalangan bolalar shaxsining deformatsiyasi kuzatiladi. Doʻstona boʻlmagan, zulmkor sharoit oʻziga-oʻzi boʻlgan bahoning pastligiga olib keladi. Xoʻrlanish, jazolash, qoʻrqitish, jismoniy zoʻrlik obyekti boʻlgan kichkina bola oʻzini istalmagan va sevilmagan his eta boshlaydi, oʻziga nisbatan dushmanlik va nafrat bilan munosabatda boʻladi. Istalmaganlikni sezish unda oʻzining mavjudligidan uyalish va aybdorlik hissini uygʻotadi. Shuning uchun bunday bolalar nimagadir kerak boʻlish uchun ham zoʻrliklarga qarshilik qilmaydi. Shunday qilib, emotsional zoʻrlik qurboni boʻlgan bola u yomonligi, hamma sohada qobiliyatsizligi fikri bilan oʻsadi. Keyinchalik u oʻzlashtirgan xulq patternini oʻz hayotida, oʻz bolalari bilan munosabatda ham qoʻllaydi.
Beshafqat munosabatlarga duch kelgan bolalar boʻy yoki ogʻirligi bilan tengdoshlaridan ortda qoladilar. Ular kechroq yura boshlaydilar va gapiradilar, kam kuladilar, maktabda ham sezilarli ortda qoladilar. Bunday bolalarda koʻpincha "beʼmani odatlar" kuzatiladi: barmoqlarini soʻrish, tirnoq tishlash, qimirlash (tebranish) kabilar.
Ehtiyojlari va qiziqishlari qondirilmagan bolalar tashqi koʻrinishi ham boshqacha boʻladi: koʻzlari ishgan, uyqisragan, rangsiz yuz, taralmagan, yuvilmagan soch, tartibsiz kiyim, pedikulyoz, toshmalar, kiyim va badandagi yoqimsiz hidlar.
Zoʻrlikni boshidan oʻtkazgan bolalarning deyarli barchasi keyingi hayotlariga salbiy taʼsir qiluvchi, shaxsiy, emotsional va xulq-atvor xususiyatlarida oʻz izini qoldiruvchi psixik jarohatni boshdan oʻtkazadilar.
Agar zoʻrlik ogʻriq va jarohatlar bilan kechgan boʻlsa, bola uchun uning oqibatlari jiddiyroq boʻladi. Ayniqsa, jinsiy zoʻrlik shakli bola uchun jarohatliroqdir. Zoʻrlik bolaga yaqin kishisi tomonidan amalga oshirilsa oqibatlari ogʻirroq boʻladi. Agar jinsiy zoʻrlikdan keyin oila aʼzolar bola tarafida boʻlsalar oqibati yengilroq boʻladi.
Zoʻrlikka va beshafqatlikka bolalarning emotsional reaksiyasi quyidagicha boʻlishi mumkin:

  • Zoʻrlikka masʼuliyat hissi: bola reaksiyasi: "Agar men yaxshi boʻlganimda, ota-onam bir- birlariga va menga yomonlik qilmas edilar...".

  • Doimiy zoʻrlik yoki beshafqatlikka aybdorlik hissi.

  • Doimiy qoʻzgʻaluvchanlik: tinch sharoitda ham boladan agressivlikni kutish mumkin.

  • Yoʻqotishni boshdan kechirish: doimiy zoʻrlikni koʻrsatuvchi ota- onalardan uzoqlashgan bolalar yoʻqotishni boshdan oʻtkazadilar. Ular shuningdek yoʻqotilgan yaxshi hayot, ota-onaning ijobiy obrazi yoʻqligiga ham afsuslanadilar.

  • Qarama-qarshilik: bolalar bir vaqtda qarama-qarshi ikki hisga ega boʻlish mumkinligini anglamaydilar. "Bunga qanaqa munosabatda boʻlishni bilmayman" degan bola gapdan qochmoqchi emas, balki koʻpincha ambivalent hislarni boshdan oʻtkazayotgan boʻladi.

  • Tashlanib ketishdan qoʻrqish: zoʻrlik akti tufayli ota-onaning biridan uzoqlashgan bolalar ikkinchisi ham tashlab ketishidan yoki vafot etishidan juda qattiq qoʻrqadilar.

  • Kattalarning haddan tashqari eʼtiboriga ehtiyoj: oʻz muammosiga oʻralashib qolgan ota-onalar bolasi salbiy qilmishlar sodir etganda eʼtibor qaratadilar, shuning uchun bolalar shunday xulqni namoyon qiladi.

  • Tana jarohatlarini olishdan qoʻrqish: zoʻrlik guvohi boʻlgan yoki uni oʻz boshidan oʻtqazgan bolalar zoʻravon ota-onalar ularga yo ziyon, yo biron- bir jarohat yetkazishlaridan xavotirlanadilar.

  • Uyat: kattaroq boʻlgan bolalar koʻpincha zoʻrlikdan keyin uyat koʻrinishidagi sharmandalikni boshdan kechiradilar.

  • Kelajak haqida qaygʻurish: har kunlik hayotga ishonch yoʻqligi bolalarni hayot bundan keyin ham oldindan bilib boʻlmaydigan deb oʻylashlariga majbur qiladi.

Har qanday zoʻrlikka ogʻir reaksiyalardan biri-oʻziga boʻlgan bahoning pasayib ketishi boʻlib, u psixologik buzilishlarni saqlanib qolishi va mustahkamlanishiga olib keladi. Oʻz-oʻziga bahosi past shaxslar aybdorlik va uyat hissini boshdan oʻtkazadilar. Shu bilan birga oʻzlarining mukammal emasligiga, yaʼni "sen hammadan yomonsan" degan fikrga doim ishonadilar.


  1. Yüklə 41,92 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin