Ishning maqsadi va vazifalari. Bitiruv malakaviy ishimizning asosiy maqsadi 4-sinf “O‘qish kitbobi” darsligidagi ko‘chma ma’noli so‘zlar ustida ishlash usullarini ishlab chiqishdan iborat. Buning uchun quyidagi vazifalarni bajarish talab qilinadi:
1.So‘zning o‘z va ko‘chma ma’nosiga doir lingvistik qarashlarni o‘rganish.
2.4- sinf “O‘qish kitobi” darsligidagi ko‘chma ma’noda qo‘llangan so‘zlarni tahlil qilish.
3.Bu so‘zlarni qaysi usulda tushuntirish mumkin va qulayligini ko‘rsatib berish.
Ishning metodologik asoslari va metodlari. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ishga metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ishda qiyosiy tahlil, kuzatish, analitik tahlil kabi metyodlardan foydalanildi.
Ishning limiy yangiligi sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1.Boshlang‘ich sinfda so‘z ma’nosining tushuntirishning samarali usullari aniqlandi.
2.Boshlang‘ich sinf ona tili darsligidagi so‘zlar ma’nosi turli usullar bilan izohlab chiqildi.
3.Darslikdagi ayrim so‘zlarning ma’nodoshlik va uyadoshlik qatorlari ishlab chiqildi.
Tadqiqot obekti. Boshlang‘ich 4-sinf “O‘qish kitobi” darsligida uchraydigan ko‘chma ma’noli so‘zlar ma’nosini tushuntirish tadqiqotning obektini tashkil qiladi.
Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati. Tadqiqotning ilmiy ahamiyati shundaki,boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi fani so‘zning ko‘chma ma’nosini tushuntirishning yangi usullari bilan boyidi.
Ishning amaliy ahamiyati shundaki, undan 4-sinf o‘qish darslarida ko‘chma ma’noda qo‘llangan so‘zlar ustida ishlashda metodik qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin.
I bob. So‘zning ko‘chma ma’nosi va uning hosil bo‘lish usullari
1.1. So‘z va uning ma’nosi
Leksikologiya grekcha: leksikos -so‘z va logos-ta’limot; so‘z haqida talimot demakdir.
Tilshunoslikning leksik birliklarini o‘rganuvchi sohasiga leksikologiya deyiladi. Tildagi so‘zlarning jami leksika (lug‘at sostavi)ni tashkil etadi. Leksika atamasi ayrim shaxs yoki asarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan: H.Olimjon leksikasi, Navoiy romani leksikasi.
Leksikologiyada so‘zning semantik tarkibi, so‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari, lug‘at sostavidagi aktiv va passiv so‘zlar, tarixiy jihatdan o‘zbek tili leksikasi, so‘zlarning ekspressiv-uslubiy xususiyatlari va hokazolar o‘rganiladi. Leksikologiya dastlab ikki turga bo‘linadi:
1.Umumiy leksikologiya-qardosh yoki noqardosh til bo‘lishidan qat’iy nazar, umuman, inson tili so‘z boyligini tekshiradi.
2.Xususiy leksikologiya-aniq bir tilning so‘z boyligini o‘rganadi
Leksikologiyaning bu ikki tarmog‘i o‘zaro bog‘langan holda ish ko‘radi.
Tilning lug‘at sostavi asosan ikki xil yo‘l bilan tekshiriladi. Shunga ko‘ra leksikologiya ikki tarmoqqa ajraladi: 1) sinxronik (hozirgi); 2) diaxronik (tarixiy) leksikologiya. Lug‘at sostavini tekshirishda bu ikki xil usulni qo‘shib olib borish ahamiyatlidir.
Leksikologiyada 3 tarkibiy qism o‘zaro zich bog‘langan bo‘ladi:
1.Leksika-so‘z yoki lug‘at sostavi;
2.Semantika-so‘zning ma’nosi;
3Etimologiya-so‘zning kelib chiqishi.
Masalan: kitob-so‘z. O‘quv quroli, arabcha; ishchi-so‘z, shaxs oti, yasama, ish so‘zidan hosil qilingan.
Hozirgi kunda leksikologiya bo‘limida semasiologiya, etimologiya, onomasiologiya (marosim), antroponimiya, gidronimiya, toponimiya, oronimiya, giponimiya, graduonimiya, partonimiya va boshqalar o‘rganilib kelinmoqda.
O‘zbek tilshunosligida, sal oldinroq frazeologiya, so‘z yasalishi, hatto leksikografiya ham leksikologiya tarkibida o‘rganilib kelinar edi. Hozir ularning har biri tilshunoslikning mustaqil bir sohasi bo‘lib ajralib chiqqan. O‘zbek semasiologiyasini ham yaratish davri allaqachonlar yetib keldi.
Leksikologiya tilshunoslikning fonetika va grammatika bo‘limlari bilan bevosita bog‘langan: tovush bo‘lmasa, so‘z bo‘lmaganidek so‘z bo‘lmasa, grammatikaning ham bo‘lishi mumkin emas. Lug‘at sostavidan nutqda maqsadga muvofiq tarzda foydalanishni nazarda tutsak leksikologiya uslubiyat bilan ham uzviy aloqadadir.