Markaziy Osiyoda arab tilidagi badiiy ijod, As-Saolibiy va uning tazkirasi haqida. X-XII asrlarda badiiy adabiyot ham rivojlandi. Arab, fors-tojik va turkiy tilda badiiy asarlar yaratildi. Bu davr adabiyoti haqida nishopurlik olim, yozuvchi, adabiyotshunos va tilshunos, tarixchi Abu Mansur as-Saolibiyning «Yatimat ad-dahr fi mahosini ahli al-asr» («Asr ahlining fozillari haqida zamonasining durdonasi»)nomli tazkirasi boy ma'lumot bеruvchi muhim manba sanaladi.
Asli Nishopurlik bo’lgan Abu Mansur Abdulmalik ibn Muhammad ibn Ismoil as-Saolibiy (tulki terisidan po’stin tikib sotish bilan shug’ullanganligi uchun shu laqabni olgan) 992-993 yullarda Buxoroga kelib bir necha oy yashagan. Keyinchalik Xorazm, Jurjon, G’znada yashab, 1038-yilda Nishopurda vafot etgan. As-Saolibiy o’z davrining anchayin iste’dodli shoiri hamda til, adabiyot va tarix ilmlariga oid ko’plab ilmiy asarlar muallifidir. Jumladan uning “Latoyif al-maorif”, “Shamsul adab fi iste’mol al-arab”, “Til qonunlari”, “Ijnos al-tajnis” (Tajnisning turlari) kabi jami 50 nomdagi kitobi turli fondlarda saqlanadi.1 As-Saolibiyning eng mashhur asari «Yatimat ad-dahr” tazkirasidir.
Tazkira 995-1000 yillar mobaynida yozib tugatiladi. Asar to’rt qismdan tarkib topgan bo’lib, uning har bir qismi o’n bobga ajratiladi. Asarda jami X-XI asr boshlarida yashab ijod etgan 415 ta arabiynavis shoirlar haqida ma’lumot berilgan Tazkiraning to’rtinchi qismi “Xuroson va Movarounnahr ahlining fozillari haqida” bo’lib, unda 124 ta shoir tilga olinadi. Mazkur qismning dastlabki uch bobi Buxoroning o’zida yashab ijod etgan 47 shoirning hayoti va ijodiga doir qaydlardan iborat. 4-bobi Xorazmda yashab ijod etgan yeti shoir haqida ma’lumоt beradi. Asarda kеltirilgan Movarounnahr va xurosonlik shoirlarning shе'rlari qasida, vasf, hajv, marsiya, masnaviy, g’azal, urjuza janrlariga mansubdir.
X-XII asrlarda fors-tojik tilidagi adabiyot, uning shakllanish omillari: X-XII asrlarda fors-tojik tilidagi adabiyot ham taraqqiy etdi. Ro’dakiy, Daqiqiy, Firdavsiy, Robia, As’adi Tusiy, Faxriddin Gurgoniy, Nosir Xisrav, Umar Xayyom, Am'aq Buxoriy, Rashidaddin Vatvot, Xoqoniy Shеrvoniy, Nizomiy Ganjaviy kabi insoniyat madaniy merosiga munosib hissa qo’shgan ijodkorlar yеtishib chiqdi.
Bu davrda turli adabiy janrlar shakllanib bordi. Lirikada qasida, g’azal, ruboiy, qit'a, marsiya, munozara va boshqa janrlar, turli mavzudagi dostonlar vujudga kеldi. Nasr sohasida Abulmuayyad Balxiy («Shohnoma», «Gеrshaspnoma»), Homididdin Balxiy («Maqomoti Homidiy») kabilarning asarlari, adabiyotshunoslik sohasida Ar-Roduyoniy («Tarjimon-ul-balog’a»), Rashiddin Vatvot («Hadoyiq-us-sеhr»-«Sеhrlar bog’i»), Nizomiy Aruziy Samarqandiy («Chahor maqola») asarlari yuzaga kеldi.