8.4. Urug‘ning tarkibi
O‘simliklarning turiga qarab urug‘ning tarkibi har xil bo‘ladi. Har qanday urug‘ning tarkibi turli moddalardan tarkib topgan. Urug‘ tashqaridan quruq bo‘lib ko‘rinishiga qaramay, uning tarkibida oz miqdorda suv bo‘ladi. Buni bilish uchun probirkaga bug‘doy yoki boshqa o‘simlik urug‘idan solib, uni alanga ustida tutib qizdiring. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, probirka devorida hosil bo‘lgan suv tomchilarini ko‘rish mumkin. Agar urug‘ni qizdirish davom ettirilsa, u tutay boshlaydi, kuygan hid taraladi, urug‘ qorayib, yorilib-yorilib ketadi. Bunda urug‘ning asosiy qismini tashkil etgan organik moddalar kuyadi. Urug‘ asta-sekin kuyib, probirka ostida kul qoladi. Bu kul mineral moddalardan iborat.
Urug‘lar tarkibidagi organik moddalar turli birikmalar shaklida bo‘ladi. Bularga kraxmal, oqsil va moylar kiradi.
Bug‘doy, makkajo‘xori va boshqa donli o‘simliklar urug‘ida kraxmal nihoyatda ko‘p bo‘ladi. Loviya, mosh va no‘xatda oqsil ko‘p uchraydi, Yong‘oq, bodom, o‘rik, shaftoli va yeryong‘oq mag‘izida, kungaboqar pistasi va g‘o‘za chigitida moy ko‘p bo‘ladi. Urug‘lar tarkibidagi oziq moddalar urug‘palla va endospermada saqlanadi.
Bug‘doy urug‘i endospermasining yupqa kesigiga mikroskopda qaralsa, u hujayralardan tashkil topganligini ko‘rish mumkin. Bu hujayralarda kraxmal va ko‘p sonli oqsil donachalari bo‘ladi. Ayrim urug‘lar tarkibida efir moylari (zira, shivitda) va zaharli moddalar (mastak, achchiq bodom, shaftoli va kampirchoponda) saqlanadi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, urug‘lar tarkibida suv, mineral tuzlar, oqsil, kraxmal va moy kabi moddalar bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |