Unumli va unumsiz affikslar. Affikslar so‘z tarkibida ishtiroki darajasiga ko‘ra unumli, kam unum va unumsiz turlarga bo‘linadi. Bunday affikslarning aksariyat qismi so‘z yasovchilarga taalllidir.
Affikslarning shakl va ma’no turlari. Affikslar ham so‘zlar singari shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
1. Omonim affikslar shakli bir xil bo‘lib, ma’no va vazifasiga ko‘ra bog‘lanmaydigan qo‘shimchalardir. Omonim affikslar qo‘shimchalarning vazifasiga ko‘ra turlari doirasida quyidagi ko‘rinishda uchraydi: 1) so‘z yasovchilar doirasida: -ki: tepki-ot yasovchi, kechki-sifat yasovchi; 2) shakl yasovchilar doirasida: -ish: oqish-sifatning daraja shakli, tortish-fe’lning harakat nomi shakli;
3) so‘z o‘zgartuvchilar doirasida: -ng: olmang-egalik qo‘shimchasi, bording-tuslovchi qo‘shimcha; 4) so‘z yasovchi va shakl yasovchilar doirasida: -ma: bo‘g‘ma- (ilon)sifat yasovchi, qatlama -ot yasovchi, ketma – fe’lning bo‘lishsiz shakli; 5) so‘z yasovchi va so‘z o‘zgartuvchilar doirasida:-im: qultum-ot yasovchi, kitobim-egalik qo‘shimchasi. Ba’zan o‘zakdosh so‘zlar ham omonim affiks qabul qilib shakldoshlikka ega bo‘lishi mumkin. Masalan, qatla fe’liga so‘z yasovchi va shakl yasovchi omonim qo‘shimcha –ma qo‘shilishi bilan qatlama (ot) , qatlama (fe’lning bo‘lishsiz shakli) kabi shakldosh so‘zlar hosil bo‘ladi.
2. Sinonim affikslar shaklan har xil umumiy ma’nosi bir xil bo‘lgan qo‘shimchalardir. Masalan: -li\-dor: unumli-unumdor. Affikslar sinonimligi qo‘shimchalarning vazifasiga ko‘ra barcha turlari doirasida uchraydi: a) so‘z yasovchilarda:-siz\-no ma’nodoshligi asosida: o‘rinsiz - noo‘rin, -li/-ser ma’nodoshligi asosida: g‘ayratli - serg‘ayrat; b) shakl yasovchilarda: -ish\ -imtir ma’nodoshligi asosida: oqish-oqimtir, -qar\-kar\-qaz\-kaz ma’nodoshligi asosida: qutqar - qut+qaz, o‘tkaz-o‘tkar, -lar\ ish ma’nodoshligi asosida kelishdi-keldilar; v)so‘z o‘zgartuvchilarda: -ning\-dan ma’nodoshligi asosida: mehmonlar +ning|| +dan kattasi.
3. Antonim affikslar bir-biriga zid ma’noli qo‘shimchalardir. O‘zbek tilida qo‘shimchalarning zid ma’noligi boshqa yondosh hodisalarga nisbatan ancha kam uchraydi. Ular ko‘proq sifat yasalishida ko‘zga tashlanadi. Masalan: kuchli- kuchsiz, mazali – bemaza, g‘ayratli-serg‘ayrat.