Muhokama uchun savollar 1.Grammatik shaxs predikativlikning tarkibiy qismi sifatida.
2.Sintaktik shaxs va fe’llardagi shaxs-son kategoriyasi.
3.Grammatik shaxs va shaxssizlik.
4- masala: Grammatik zamon. Darsning maqsadi: talabalarda grammatik zamon to’g’risida aniq tushuncha hosil qilishga erishish.
IDENTIV O’QUV MAQSADLARI: Grammatik zamonning ta’rifini aytib beradi..
Grammatik zamonning fe’l zamonlaridan farqini tushuntirib beradi.
Grammatik zamonning ifodalanishini ko’rsatib beradi.
Grammatik zamon va mantikiy zamonning mutanosiblik va nomutanosiblik tomonlarini tahlil qiladi.
4- masala bayoni: Har qanday predmet,voqea-hodisa, ish-harakat ma’lum zamonda mavjud bo’ladi, yuz beradi: shuning uchun ana shu predmet, voqea-hodisalarning ifodasi bo’lgan gaplar ham zamon ma’no munosabatiga egadir. Aytilayotgan fikr, gap orqali ifodalanayotgan mazmun yo nutq so’zlanayotgan paytdan oldingi zamonga, nutq so’zlanayotgan paytdagi zamonga, nutq so’zlanayotgan paytdan keyingi zamonga taalluqli bo’ladi. Gap ana shunday grammatik zamon ma’nosi va uni ifodalovchi vositalarga egadir. Shunday qilib, gap orqali ifodalangan voqeaning ma’lum zamonga munosabati va bu munosabatni ifodalovchi shakllar tizimi gapning grammatik zamon kategoriyasi deyiladi.
Grammatik zamon kategoriyasi quyidagi vositalar orqali ifodalanadi:
Fe’lning zamon ko’rsatadigan maxsus shakllari orqali: U keldi. U kelyapti. U kelmoqchi. U kelgan. U kelmoqda. U keladi.
Payt bildiruvchi so’zlar,payt ravishlari orqali: Hozir keladi. Bu voqea 1941 yilda bo’lib o’tadi.
Bog’lamalar orqali: Men 3-kurs talabasi bo’laman. U maktab direktori edi.
Sintaktik qurilmaning o’zi orqali. Gapda fe’l zamonlari, payt bildiruvchi so’zlar va bog’lamalar yo’q bo’lganda ham zamon ma’nosi bo’ladi. Bunda sintaktik konstruktsiyaning o’zi zamon ifodalash xususiyatiga ega bo’ladi. Gapning zamon ifodalovchi boshqa sintaktik shakllariga qiyosan, ya’ni shu gapning paradigmalari uni ana shunday sifatga ega qiladi. Masalan: U- o’qituvchi gapi U – o’qituvchi edi. O’qituvchi bo’ladi. U o’qituvchi bo’lmoqchi gaplariga nisbatan hozirgi zamonni ifodalaydi. Demak, grammatik zamon ma’nosi fe’lning zamon shakllari, payt bildiruvchi so’zlar hamda gap tuzilishi orqali ifodalanadi.
Ayon bo’ladiki, grammatik zamon kategoriyasi fe’lning zamon kategoriyasidan keng tushunchadir. Fe’lning zamon kategoriyasi fe’lning turli zamon shakllarini qamrasa, gapning grammatik zamon kategoriyasi tarkibiga fe’lning turli shakllarini qo’llashga imkon beradigan gapning turli shakllari kiradi. Shunga muvofiq gapning zamon paradigmasi a’zolarining miqdori turlicha bo’ladi. 1. Gapning zamon paradigmasi fe’l zamon paradigmasiga muvofiq keladi. Bu vaqtda gapning uyushtiruvchi bosh bo’lagi fe’l bo’ladi va u gapda o’zining barcha shakllari bilan kela oladi. Men (o’qidim), (o’qiganman), (o’qib edim), (o’qiyotgan edim), (o’qiyapman), (o’qimoqdaman), (o’qiyotirman), (o’qimoqchiman), (o’qiyman) kabi
2.Gap tuzilishidagi ayrim ishtirokchilar fe’lning faqat ayrim shakllari bilan kelishini taqozo qiladi. Bu vaqtda gap faqat bir zamon shaklida keladi: Hozirgina keldi.
3. Ot kesimli gaplarda kesim zamon shakliga ega bo’lmay, zamon ma’nosi gapning tuzilishi orqali ifodalanadi va hozirgi zamonga taalluqli bo’ladi. Men talabaman. Otam-o’qituvchi .
4. Atov gaplarda zamon gapning umumiy mazmuni orqali ifodalanib, hozirgi zamonni bildiradi. Bahor. Hamma yoq ko’m-ko’k.
5. Ba’zan predmet, voqea-hodisa, ish-harakat qaysi zamonda yuz berishi emas, balki shu harakat o’zi muhim bo’ladi. Bunda umumzamon ma’nosi ifodalanadi. Umuman hozirgi zamonga to’g’ri keladi: Po’lat – qattiq metall. Qush ham hayvonot dunyosiga kiradi. Chopsa chopilmaydi, ko’msa ko’milmaydi. Anglashiladiki, morfologik zamon ma’nosi (fe’l zamonlari) bilan gapning sintaktik zamon ma’nolari o’zaro uzviy aloqador bo’lsa-da, ular miqdor jihatidan farq qiladi. Sintaktik zamon morfologik zamonni to’liq qamrab oladi, lekin u bu ma’nolardan boshqa zamon ma’nolariga ham egadir.