Dadamning qadrli sovgʻasi Qoʻshnimiz Xosiyat xolaning qizi Turdibibi bilan juda qalin oʻrtoq edim. U aslida mendan bir yosh katta edi. Lekin doim birga yurardik. Shuning uchun yoshi yettiga toʻlganida unga ergashib men ham maktabga borganman. Avvaliga direktor meni maktab yoshiga yetmagan, deb oʻqishimga ruxsat bermagan. Lekin bir nechta savollariga yaxshi javob qaytarganim, “Ravshan va Zulxumor” dostonidagi Ravshanning dor ostida turib, otasiga aytgan soʻzlarini yoddan aytib berganimdan keyin rozi boʻlgan. Biz sinfda 23 ta oʻquvchi edik. Muharram opayimiz (biz ustozni shunday deb atardik) juda mehribon edi. Hammamizni oʻz bolasiday yaxshi koʻrar, har birimizni qoʻlimizdan ushlab harf yozishga oʻrgatardi. Chiroyli yozsak otkritka bilan mukofotlardi. Boʻsh paytimizda maktabimiz kutubxonasiga olib kirib, bizga eng qiziq, kitoblarni tanlab olib, oʻqib berardilar. Baʼzan oʻzimizga oʻqitardilar. Shunda sinfdoshlarim: “Muhabbat oʻqisin, Muhabbat oʻqisin” deb chugʻurlashardi. Men ertaklarni ham, sheʼrlarni ham dadamdan oʻrgangan ohangda ifodali qilib oʻqib berardim...Mutolaaga mehr qoʻyishimizda kutubxonachimiz Toshtoʻgʻon opaning ham oʻzgacha hissasi boʻlgan. Kutubxonaga yangi kitoblar kelsa, har bir sinfga kirib: “Bugun kitob doʻkonidan bir talay kitoblar olib keldim. Bu haftada kim eng koʻp besh baho olsa, birinchi boʻlib yangi kitobni unga beraman”, derdilar. Biz hammamiz birinchi boʻlishga intilardik.
Kamiga dadam ham qachon bozorga tushsalar, albatta, yangi kitoblar olib kelardilar. “Bukri toychoq”, Zafar Diyorning “Tustovuq va xoʻroz”, N. Nosovning “Bilmasvoyning sarguzashtlari”, Marshakning “Styopa amaki” kitoblari oʻzbek tilida, kattakon oʻlchamda juda ajoyib rasmlar bilan bezatilgan edi. Oʻqigan sari oʻqiging keladigan bu kitoblarning sahifalari hamon koʻz oʻngimda turadi. Keyinchalik bu kitoblarning boshqa nashrlarini ham koʻrdim. Lekin baribir men uchun dadam sovgʻa qilgan oʻsha kitoblar chiroyli koʻrinardi. Balki u kitoblarni uyda – oila davrasida ukalarim bilan birga oʻqiganim, birga muhokama qilganim uchun shundaymikin, hanuzgacha bunday jozibani boshqa hech bir kitobda his qila olmadim.