1.2. Tarixiy shaxslar va ularning faoliyati bilan bog’liq maqolalar tahlili
Dunyoda har qanday xalq bordirki, uning o’z o’tmishi, o’z tarixi va buyuk siymolari bilan bir qatorda o`z tarixida munosib iz qoldirgan taniqli davlat arboblari, shoh va malikalari-yu, xalq qahramonlari mavjudligi barchamizga ma`lum. Bizning Turon zaminimizdagi ana shunday tarixiy shaxslarni o’rganish, tadqiqot etish va ularni xalqimizga tanishtirishga xizmatga qilayotgan izlanishlar mavjud. Biz ana shu tarixchi olimlarimiz qilgan ilmiy tadqiqot ishlarining qanchalik ahamiyatga ega ekanligini “Buxoro mavjlari” jurnali orqali ochib bermoqchimiz.
Tadqiqot jarayonida jurnal sahifalarida O`zbekiston tarixida munosib iz qoldirgan shaxslarga bag`ishlab,“Bars Boykandiy”36, “Milliy ozodlik harakati fidoyisi (Mulla Abdulqahhor)”37, “Miyon Buzruk Solihov(hayoti va ilmiy salohiyati)”38, “Zukko siyosatdon juratli rahbar”39, “Gavharshodbegim”40, “Xonzodabegim” va “Gulbadanbegim”41, “Imom al-Buxoriyning Bag`dodda imtihon qilinishi”42, “Usmonxo`ja Po`latxo`jayev kim edi”43 kabi yigirmadan ortiq davlat va jamiyat arboblari haqida ilmiy maqolalar mavjudligi aniqlandi.
Ushbu maqolalarda ularning hayotiy, ilmiy faoliyati va turli jabhalarda olib borgan ishlari haqida batafsil ma`lumotlar keltiriladi. Jumladan, Samoniylar davlatida buyuk sarkarda bo`lgan va janglarda juda ko`p qahramonlik ko`rsatganligi bois katta mulkdor, noibga aylangan Bars Boykandiy haqida Beshim Mirzaqulov “Bars Boykandiy” sarlavhasi ostid maqolasini misol qilish mumkin. Muallif ushbu tarixiy shaxs haqida quyidagi fikrlarni bildiradi“Uning ismi sharifi turli manbalarda turlicha qayd etiladi. Masalan, Narshaxiyning “Buxoro tarixi“ da Pors Boykandiyning, Ibn Havqal (X asr ) ning “ Kitob surat al-ard “(yerning surati kitobi ) asarida Boris , Ibn al-Asirning (XII-XIII asr ) “Al- Komil fi-t-tarix” (Tarixning to`la jamlanmasi) asarida,Boris al-Kabir (ya`ni katta ulug` Boris) shaklida ko`rsatilgan. Bars Boykandiyning faolyati Somoniylar sulolasi hukumronligi davriga to`g`ri kelib, u 874-907 yillarda Movarounahrga hukumronlik qilgan Ismoil ibn Ahmad as-Samoniyning g`ulomi, sarkardasi va sipohsolari (lashkarboshisi) bo`lgan. U ozod qilingan Turk g`ulomlaridan bo`lib, avvaliga oddiy yollanma askar , otliq jangchi sifatida markazlashgan davlat gvardiyasida xizmat qilgan. 893-yilda Nasr ibn Ahmad Somoniy vafotidan keyin Bag`dod xalifasi Mutazid (872-902) Ismoil ibn Ahmad Somoniyni Movarounahrga noib etib tayinlaydi va shu yilning o`zidayoq Ismoil Somoniy hokimyatni mustahkamlash maqsadida harbiy yurishlari boshlanadi. Jumladan, 899-yilda u xalifalikning Xurosondagi noibi bo`lgan Amir ibn Lays qo`shinini tor-mor keltirgan. Bu yurishlarda uning qo`shinida Bars Boykandiy va Mansur Qorategin boshchilik qilgan.Ibn Havqalning yozishicha, “Ismoil ibn Ahmad Boris al-Kabirga ishonch bildirib, unga bir ishni topshirgan edi. Tabariston, Ray, Kazvin va Daylamni zabt etgan. Ismoil Somoniy Ray, Tabariston va Jurjon viloyatlarida Bars Boykandiyni hokim etib tayinlagach uning mavqei yanada oshib, butun Xurosonda o`z ta`sirini o`tkazadi. Endilikda Bars Boykandiy faqat sarkarda emas, balki siyosiy hokimyat vakili, hukumdor noib sifatida ham faoliyat ko`rsata boshlaydi. Qayd etilgan viloyatlardan kelib tushadigan soliq xiroj mablag`larining o`zi katta miqdorda edi. Ibn al- Asir o’z asarida qayd etishicha, Bars Boykandiyning bu viloyatlarda hokimligi davrida to`plagan boyligi 80 xarvor ya`ni 80 ta eshakka yuk bo`ladigan mol-mulkka teng bo`lgan. Bir xarvor o`rtacha 60-80 kg deb hisoblangan. Bu boyliklar mamlakat xazinasiga tushishi kerak edi.
Shu boisdan Buxoroga jo`natilgan. Ammo, boyliklar Buxoroga yetib bormasdan, u yerda Amir Ismoilning vafot etganligi to`g`risidagi xabar Xurosonga yetib kelgan. Hokimyat va katta boylik Boykandiyning boshini aylantirib qo`ygan. U ushbu boylikni o`z ixtiyoriga qoldirishga qaror qilgan. Boris yaxshi tayyorgarlik va ko`p sonlik, yetarli ta`minot va ot-ulovlar , qurol- aslaha va pul va boshqa narsalarni namoyon qildiki, Hazrat sultonga ham unga teng keladigan bunday qo`shin hech qachon bo`lmagan“, - deb yozadi Ibn Havqal o`z asarida. Shuningdek, muallif yuqoridagi manbalarga qo`shimcha ravishda quyidagi xulosalarga keladi.
Maqolada muallif “Bars Boykandiy o`sha “Xuroson qo`shini” deb nomlangan turkiylardan tashkil topgan lashkari katta kuch- qudratga ega bo`lgan, chunki turk g`ulomlarining oilasi, yaqinlari davlat ta`minotida edi va shu bois ular o`z ishiga sadoqatli edilar” deb ta’kidlaydi44-. Ha, bizgacha yetib kelgan ko`pgina yozma manbalarda shu narsa ma`lumki, Bars, Boris, Baris kabi ismlar turkiy “ Bars ”- “ yo`lbars ” so`zidan yasalgan bo`lib, bunday ismlar o`rta asrlarda turkiylar orasida keng tarqalgan.Zero bu ma`nodor ism yuqorida ma’lumot berilgan sarkardadan boshlab, xalq orasida ko`paygan bo`lsa ajab emas.
Hadis ilmining sultoni Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy (810 – 870 ) to`plagan benazir meros payg`ambirimiz alayhisallomning sahih (ishonchli) hadislari mana qariyb XII asr butun insoniyatni rushtu hidoyat yo`llarigga boshlab kelmoqda. Degan sermazmun fikrlar orqali o`z maqolasini boshlagan U.Uvatov. Vatandoshimiz buyuk hadisshunos olim Imom al-Buxoriyning ilohiy iste’dod sohibi ekanliklarini, u kishining Bag`dodda imtihon qilinishlarini, o`sha davr olimlarining hayrat bilan yozib qoldirgan asarlari orqali yortib bergan. “Shoshning taniqli muhaddislaridan Hoshid ibn Ismoil ibn Iso ash-Shoshiy al-G`azzol ( vafoti 875 ) shunday yozgan: “ Imom al-Buxoriy o`spirinlik chog`ida biz bilan birga Basra mashoyixlarida hadislar eshitardi. Hammamiz ustozlardan eshitganlarimizni darhol yozib borardik, Al-Buxoriy esa hech narsa yozmasdan faqat eshitib o`tirardi. Shu tariqa 16 kun o`tgach, u bizga: nazarimda ko`p hadis yozib yubordilaring, qani menga yozganlaringni ko`rsatinglarchi, - deb qoldi. Biz yozgan hadislarimizni hisoblab ko`rsak o`n besh mingdan ortiq hadis yozib olgan ekanmiz. Shunda al-Buxoriy ularning hammasini yoddan aytib berdiki, hatto ustozlardan yozib olgan hadislarimizdagi yo`l qo`yilgan ba`zi xatolarni uning yoddan aytganlariga qarab tuzatib ham oldik”. Muhammad ibn al-Ashor as- Siljistoniy ismli olim shunday degan: “ Ustoz Sulaymon Habirning (vafoti 839-yil) ilmiy saboqlarida qatnashirdim. Muhammad al-Buxoriy ham bizlar bilan hadislar eshitardi-yu, lekin u sira yozmasdi. Shunda talabalardan birining g`ashi kelib Muhammadga nega sira yozmaydi?- deb so`rab qoluvdi, unga o`z yurti Buxoroga qaytgandan keyin yodidan yozadi,-deb javob qilgandilar.”45 Maqola xulosasi o`rnida shuni aytish mumkinki, hadisshunos olimning bu kabi qiziqarli voqealarga boy tarixini keltirish orqali muallif, tarixchi yoshlarni Imom al-Buxoriyga bo`lgan qiziqishini orttiradi desak mubolag`a bo`lmaydi.
XX asrning 20-30 yillardagi ilg`or o`zbek ziyolilari yorqin avlodining hayoti qattol kommunistik rejimning qatag`on siyosati ostida tuzildi. Bu avlod o`zbek xalqining ilmiy asoslangan tarixini yoritib berish singari katta ilmiy mas’uliyatni o`z zimmasiga olgan edi. Ana shunday qatag`on qurbonlaridan biri bo`lmish tarixchi, tilshunos olim Miyon Buzruk Solihov haqida maqola yozgan professor H.To`rayev bo`lib, olim ushbu qatag`on qurboni haqida quyidagilarni keltirib o’tadilar “Bu safda Miyon Buruk (1891-1938) ham bo`lib, u o`z xalqi tarixini haqqoniy yoritish yo`lida dadil qadami evaziga hayot bilan “tovon” to`ladi. Miyon Buzruk Solihov ilg`or milliy ziyolilarning XX asr 20-30 yillaridagi yorqin namoyondalaridan biri edi. U Toshkentda tug`ildi. O`rta Osiyo Davlat Universiteti (SAGU), Samarqand davlat Universiteti va Buxoro pedagogika Institutlarida faoliyat ko`rsatdi. Uning nomi fanimiz tarixida adabiyotshunos, tarixchi, lingvist, teatrshunos, etnograf sifatida ma`lum. Olim o`tgan asrning 20-yillarida o`zbek xalqi etnik tarixining nazariy masalalari bilan shug`ullandi. Istanbul universiteti talabasi sifatida shu universitetni bitirguncha, ya`ni 1927-yilga qadar Tukiyada O`rta Osiyoning o`rta asrlar tarixiga doir qo`lyozma asarlarni o`rganish bo`yicha qator tadqiqot ishlarini olib bordi. Mashhur Nuri Usmoniy kutubxonasidan Fazlulloh Ro`zbekxonning “Mehmonnoma-i Buxoro” asari qo`lyomasini topishga muvaffaq bo`ldi. Kutubxonada shuningdek, Sharifiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari bilan tanishdi. Universitet kutubxonasida Muhammad Rizo Ogahiyning “Firdavs ul- Iqbol” asari ustida tadqiqot olib bordi. Xolis Afandi xususiy kutubxonasida esa “Tarixi Farg`ona”qo`lyozma asarini yozishga muvaffaq bo`ldi”46. Milliy olimlar ichida mazkur asarlarni birinchi bo`lib, tadqiq qilgan kishi Miyon Buzruk ekanligini alohida takidlash lozim. Vataniga qaytgandan so`ng yuqorida qayd etilgan asarlar asosida o`zbek xalqining etnik hamda ijtimoiy-siyosiy tarixiga doir qator maqolalar e`lon qildi.
Tarixdan bizga ma`lumki nafaqat shohlar balki malikalar ham o`chmas iz qoldirib va mamlakat ishlarida faol ishtirok etganlar.Malikalarning mamlakat madaniy ishlariga faol ishtiroki, ayniqsa temuriylar davriga kelib kuchaydi. Chunki temuriylar davrida saroy ayollariga bo`lgan munosabat avvalgi davrlarga nisbatan tubdan farq qilardi. Shu sababli temuriy malikalar madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, karvonsaroylar va bog` - rog`lar qurishdek savob ishlarga bosh bo`lganlar. Shunday malikalardan biri, Sohibqiron Amir Temurning kenja o`g`li Shohruh Mirzoning xotini, Ulug`bekning onasi- Gavharshodbegim haqida ilmiy maqola yozgan Amriddin Berdimurdov47 quyidagilarni keltiradi: “Sohibqiron Amir Temur yaxshi umidlar bilan to`rtinchi o`g`li Shohruhga XIV asrga Xorazmga hukumronlik qilgan so`fiylar sulolasiga mansub, Chig`atoy ulusining zodagonlaridan biri G`iyosiddin Tarxonning 14 yoshli go`zal qizi Gavharshodbegimni katta to`y tomoshalar bilan olib berdi. Taxminlarga ko`ra 1379 yili tavallud topgan. Mirzo Shohruh taqvodor, xudojo`y, tabiatan yumshoq bo`lganligi sababli davlatni boshqarish ixtiyorini xotini Gavharshodbegimga berib qo`yganligi tarixdan ma`lum. Qat`iyatli malika Gavharshodbegim eriga gapini o`tkaza olardi. Malikaning shaxsiy muhri ham bo`lgan. To`q yashil mohtobdan(nefritdan) bodomsimon shaklda yasalgan shaxsiy muhrining sirtiga suls usulida arabcha “Gavharshodbegim G`iyosiddin Tarxon qizi” deb yozilgan. Bu noyob yodgorlik Sank-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanmoqda. Xazinadagi boylikdan erkin foydalangan, o`zi ham badavlat xazinador Gavharshodbegim bu mulkni xayrli ishlarga, obodonchilikka, ilmu irfon ahllariga homiylik qilishga sarfladi. Gavharshodbegim farmoni bilan Hirotda barpo qilingan osori atiqalarning eng yorqini Injil arig`i yoqasida qad ko`targan Musallo ansamblidir. Hashamatli saroy masjidi, madrasa, maqbara va bir necha ulkan minoralardan iborat mahobatli inshoot me`mor Qavomiddin Sheroziy amaliga oid bo`lib, 20 yil davomida qurilgan. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy hayratu tahsinlarga sazovor Musallo ansamblini, dunyoning to`rt tomonida uning tengi, timsoli yo`qdir deya tariflaydi. Mashhad shahridagi Imom Rizo ziyoratgohi yonida bunyod etilgan ulug`vor masjid, qator hashamatli hujralar ham Gavharshodbegim nomi bilan bog`liqdir. Hirot g`arbi- Ko`hsan qishlog`idagi “Gavharshodbegim gumbazi” deya nom olgan me`morchilik ansambli o`z hashamati bilan aqlni lol etgan.
Xullas, malika Gavharshodbegim boshchiligida Xurosonda bunyod etilgan barcha me`morchilik inshootlari O`rta Sharq me`morchilik maktabida o`ziga xos yangilik deb tan olingani, “Gavharshodbegim me`morchilik maktabi” deya atalgani bejiz emas”48.Yuqoridagi keltirilgan ma`lumotlarga tayanib, Amir Temurning kelin tanlashdagi maxsus amallari nechog`lik ahamiyatga ega ekanligini muallif Gavharshodbegim misolida to`la yoritgan.
Tariximizda o`chmas iz qoldirgan temuriylar saltanati malikalari haqida gap borar ekan, Turg`un Fayziyevning temuriy malikalar rukni ostida Zahriddin Muhammad Boburning opasi Xonzodabegim va Boburning qizi Gulbadanbegim haqida jurnal sahifalaridagi ilmiy maqolalarida ushbu malikalarning hayot yo`li haqida batafsil ma`lumotlar keltiririb o’tiladi. Jumladan, “Xonzodabegim Umar Shayx Mirzoning (1456-1494) qizi, Zahriddin Muhammad Bobur Mirzoning opasi. U 1478-yilda Andijonda tug`ilgan.Uning onasiQutlug`nigor xonim Toshkent xoni Yunusxonnig qizi edi. Ota taxtiga o`tirgan 12 yoshli Zahriddin Muhammad Bobur Mirzoning qismatiga darbadarlik davri boshlanadi. Yosh Bobur Mirzoda bobokaloni Amir Temur taxtini egallash havasi uyg`onib, Samarqandga bir necha harbiy yurishlar qiladi. Nihoyat, 1501-yili Samarqandni qo`lga kiritishga muvaffaq bo`ladi. Ammo ko`p o`tmay Shayboniyxon qo`shin tortib kelib, Samarqandni qamal qiladi. Ana shunday og`ir vaziyatda Shaybonixon Bobur Mirzoga sulh taklif qiladi. Bu voqeani Bobur Mirzoning qizi Gulbadanbegim o`zining “Humoyunnoma ” nomli asarida quyidagicha tasvirlaydi: “ Ana shunday vaqtda Shoxibek (Shayboniyxon) xon “Agar o`z egachingiz Xonzoda begimni menga xotinlikga bersangiz, oramizda sulh tuziladi va hamjihatlik aloqalari o`rnatiladi ”, - deb aytgizib yubordi. Oxir Xonzoda begimni o`sha xonga berib, o`zlarining qaytishlari zarur bo`ladi”. Shunday qilib, Xonzoda begim Shayboniyxon nikohiga kiradi va undan bir o`g`il ko`radi. Ismini Xurrambek deb ataydilar. Shayboniyxon qatlidan so`ng Xonzoda begim ukasi Zahriddin Boburshohning saroyi- Qobulga qaytib keladi. Ko`p o`tmay, o`gli Xurrambek ham vafot etadi. Xonzoda begim aql-idroki va tadbirkorligi natijasi o`laroq, saroy malikalari orasida yuksak e`tiborda ega bo`ladi. U Boburshoh va uning taxt vorisi Humoyun shoh saroyida maslahatchi vasifasini bajargan. 1544-yili Xonzoda begim Qobulhaq degan joyda olamdan o`tadi. Oradan uch oy o`tgach, uning xokini Qobulga keltirib, Boburshoh maqbarasiga dafn qiladilar”49.
Gulbadanbegim haqida esa muallif “Gulbadanbegim Zahriddin Muhammad Boburning Dildor begim ismli xotinidan tug`ilgan uchinchi qizidir. Gulbadanbegim 1523 yili Qobulda tug`ilgan. Uning onasi Dildor begimning haqiqiy ismi- Soliha Sulton begim bo`lib, Zahriddin Muhammad Bobur Mirzoning amakisi Sulton Mahmud Mirzoning qizi edi. Gulbadan begim otasi Bobur podshohning farmoniga ko`ra katta onasi, ya`ni Humoyun Mirzoning onasi - Mohim begim qo`lida tarbiyalanadi. Gulbadan begim 1529 yilgacha Qobulda yashaydi. Bobur Hindistonni qo`lga kiritgach, Mohim begim bilan birga podshoh otasining huzuriga- Agraga boradi. Otasi Bobur vafotidan so`ng, akasi Humoyun podshoh saroyiga yashaydi. 1539 yilda Gulbadan begimni Xizr Xo`jaxonga turmushga chiqaradilar. U bir o`g`il ko`radi, ismini Saodatyor deb ataydilar. 1556 yili Humoyun podshoh vafotidan so`ng saltanat taxtiga uning o`g`li Jaloliddin Akbarshoh (1542-1605) o`tirgach, shohning onasi Hamida bonu bilan Gulbadan begim saroyga- Dehliga qaytib keladilar. Gulbadan begim o`z zamonasining oqila, donishmand ayollaridan edi. U jiyani Jaloliddin Akbar podshohning “Firdavs makon va jannat oshyon Hazrat haqidagi voqealardan nimaiki bilsangiz, yozingiz”,- degan ishorasiga muvofiq, “Humoyunnoma” nomli ajoyib va muhimm tarixiy asarni yozishga kirishadi. “Humoyunnoma” Bobur podshoh bilan Humoyun podshohning hayot tarzi va sarguzashtlarining muxtasar tarixi bo`lib, mantiqan “Boburnoma”ning davomidir. “Akbarnoma” asarining muallifi Abul Fazlning bergan ma`lumotiga qaraganda, 1575 yilda Gulbadan begimKabatullo ziyoratiga jo`nab ketadi va 1582 yilda ko`p qiyinchiliklar bilan ziyoratgohdan qaytib keladi. 1603 yilda 80 yoshida vafot etadi.Akbar podshoh uni katta hurmat va ehtirom bilan dafn etdiradi. Akbar podshohning o`zi Gulbadan begim tobutini o`g`il sifatida ko`tarib, dafn marosimida o`g`illik burchi etimomiga yetkazadi.”50- deb, tarixiy jarayonlarga ushbu malikaning qay darajada bog`liqligini turli manbalar asosida yondoshganligini ko`rishimiz mumkin.
Mang’it hukmdorlarining O’rta Osiyo xususidan O’zbekiston tarixidagi o’rni alohida tadqiqot mavzusidir. Shu o’rinda “Buxoro mavjlari” jurnali sahiflarida
Tarix fanlar doktori, professor Q.Rajabov muallifligi asosida “Muhammad Rahimxon mang`itlar sulolasining asoschisi”, “Muhammad Doniyolbiy otaliq”, “ Amir Shohmurod yoxud amiri ma`sum”, “ Amir Haydar yoxud amiri sayyid”, “Amir Nasrullo Bahodirxon yoxud xoni shaxid”, “Amir Muzaffarxon shaxsiyati yoxud Buxoroning fojiasi”, “Amir Abdulahadxon yoxud ojiz hukumdor”, “So`nggi mang`it hukumdori” nomli maqolalarda ushbu masalani o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.51
Muallif mang`it hukumdorlari haqida to`xtalar ekan, ularning taxtga o`tirishidan oldingi faolyatlari va taxtga o`tirish sabablari bilan bir qatorda olib borgan siyosatlari va shaxsiy fazilatlarining Buxoro amirligidagi roli haqida batavsil yoritadi. Shuningdek Amirlarning mamlakatdagi din ahliga muruvvati masjid madrasalar qurishdagi bunyod korligi va yozgi saroylar qurishdagi tajribalari xususida g`oyat qiziqarli ma`lumotlarni keltiradi. Davlat ishlarida Qo`qon va Xiva xonliklari bilan mojarolarda qattiq qo`llik bilan olib borgan siyosatini etirof etadi.
Jurnal sahifalarida sovet tuzumiga qarshi kurashgan qo’rboshilar va ularning faoliyati bilan bog’liq maqalalar ham o’rin egallagan. Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi qurolli harakatni uyushtirish va shakllantirishga qurolli harakatning yo`lboshchilari- qo`rboshilar muhim rol o`ynaganligi barchamizga ma`lum. Professor Qahramon Rajabov istiqlolchilik harakati sardorlaridan Mulla Abdulqahhor haqida izlanishlar olib borib bu shaxsning qo`rboshilik faoliyatidagi zafarli yurishlarini Amir Olimxon xotiralari misolida tasvirlab o`tadi. “Amir Sayyid Olimxon o`z xotiralarining “Mulla Abdulqahhorning Buxoro atrofidagi to`rt yil mobaynida urushi” deb nomlagan faslida bu haqida quyidagilarni yozgan: “Mulla Abdulqahhor dorussaltana Qobuldan bu bandaning ruxsati bilan Buxoro vauning tumanlari atrofida fidokor mujohidlarga rahbarlik qilib, askarlar orasida tartib intizom o`rnatgach, G`ijduvon tumanini ozod qilish niyatida dushman ustiga bostirib bordi, shu bilan, G`ijduvon tumani dushman qo`lidan qutqazdi va o`z tasarrufiga kirgazdi. Mulla Abdulqahhor bolsheviklardan anchagina harbiy asbob-uskunalardan o`lja olib, Nurota viloyatini o`ziga markaz qilib oldi. U o`z ishlarini saranjom qilganini ko`rib, u yerdan Buxoroning yuqorigi tomoniga yurish qildi. Saripul, Mehtar Qosim ko`prigi boshigacha borilgan asnoda Buxoro jadidlarining Abdulhamid afandi (Abdulhamid Oripov ko`zda tutilmoqda-Q.R.) degan harbiy vaziri, oltmish nafar buxorolik, turk, hindi odamlari hamrohligida o`z oldilariga anchagina qurol- yarog` qo`yib, Mulla Abdulqahhorni kutib olishdi. Abdulhamid afandi shunda Mulla Abdulqahhorga olti ming ingliz funti, ikkita pulemyot hadya qildi. Bolsheviklar jamoati Mulla Abdulqahhorni Mehtar Qosim ko`prigiga yetganidan xabar topib, to`plagan askarlari bilan urushga kirishib, jang boshladi, ikki kechyu-kunduz jang qildi. Mulla Abdulqahhor bolsheviklar ustidan g`alaba qozongach, yana Buxoro shahar tevaragini o`rab oldi, natijada, shaharning olti darvozasini egallaydi. Shu bilan u bolsheviklarni siqib chiqarib, Buxoroni bo`shatadi. U temir yo`l to`tami- Kogonga yurish qilib, shahar ichkarisiga kiradi. To`rt soatdan ko`proq bu yerga turib, keyin shahar ichkarisidan chiqib Bohouddinda boradi. U yerda o`n soat jang qiladi, u yerni ham bolsheviklar qo`lidan xolos qiladi. Abdulqahhor Buxoro vaBohouddindan anchagina o`lja qo`lga kiritadi. U o`z ahvoli kayfiyatlarini yozib menga bildirdi, shu bilan men ularning barcha ahvollaridan xabardor bo`ldim. Abdulqahhorning bu xizmatlari-dan mamnun bo`ldim. Shu bilan unga bir askariy zarli to`n va mauzer to`pponcha hadya yubordim”52– degan malumotlar bilan bir qatorda quyida O`zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, istiqlol uchun kurashgan barcha turkiston qo`rboshilari qatorida Mulla Abdulqahhorning nomi ham qayta tiklandi. U Turkiston tarixidan o`zining munosib o`rnini topdi degan o`z nazariy-ilmiy qarashlarini ham keltirib o`tadi.
Maqola o`z manbaviy ahamiyatiga ega va tarixchilarning Mulla Abdulqahhor shaxsini o`rganishda muhim ma’lumotlar berishi bilan ahamiyatlidir.
Buxoro Xalq Respublikasi rahbari Fayzulla Xo`jayevning mardona siyosatini namoyon etishga bel bog`lagan Q.Rajabov o`zining “Zukko siyosatdon, jur`atli rahbar” nomli maqolasini 2011 yil 30 sentabrda Toshkent shahridagi “Qatag`on qurbonlari xotirasi’’ muzeyida tashkil etilgan “Fayzulla Xo`jayev- yirik davlat arbobi, xalq va mamlakat manfaatlarining tolmas kurashchisi” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumanida qilingan maruza asosida tayyorlab jurnal sahifalarga taqdim etgan53. Unda quyidagilar keltiriladi: “Tarixdan ma`lumki, sovet davrida bolsheviklar partiyasi sobiq ittifoq iqtisodiyotiga rahbarlik qilishda besh yillik rejalaridan unumli foydalangan. Ittifoq xalq xo`jaligining birinchi besh yillik rejasi 1928 yil oktabrda boshlanib, 1932 yil dekabrda tugallangan. Fayzulla Xo`ayev o`sha davr sharoitida bunday nooqilona siyosatni jur`at bilan keskin ravishda tanqid qilgan. U 1927 yil aprel oyida VKP(b)MK kotibi va VKP(b)MK O`rta Osiyo byurosi birinchi kotibi I.A.Zelenskiy nomiga yuborgan xatida shunday deb yozgan edi: “Besh yillik xo`jalik rejasi xayolparastlik bilan tuzilgan. Bu reja na imkonyatlarimiz darajasiga, na bizninng ixtiyorimizdagi vositalarimiz talabi va ko`lamiga mos emas. Shuningdek, bu xo`jalik rejasi bizning haqiqiy imkoniyatlarimiz, tajribamiz, xalq xo`jaligimiz taraqqiyotiga mos bo`lmagan holda tuzilgan. Shuning uchun men Burnashev pozitsiyasini (bizning byudjetimiz haddan tashqari tez o`sishi haqidagi fikrlarini) noto`g`ri va yog`on deb hisoblayman. Bu nuqtai nazar bizning xo`jalik ahvolimizning asosiy masalalarini tushunmaslik va kalondumog`likdan kelib chiqadi”. Shuningdek, O`zbekiston hukumatining o`sha paytdagi boshlig`i tomonidan bildirilgan bunday keskin mulohazalar bolsheviklar va markaz manfaatlariga mos kelmagan. Shuning uchun ham bolsheviklar partiyasining rahbarlari va ularning O`rta Osiyodagi gumashtalari tomonidan Fayzulla Xo`jayevga nisbatan kuchli tazyiq o`tkazilgan, uning fikrlari qattiq tanqid qilingan, degan fikrlarni maqolada keltiradi.”54 Maqola Fayzulla Xo`jayev shaxsiyatini baholashda birlamchi manba bo`lib xizmat qiladi.
Ushbu bobimizni xulosa qilishda shuni aytish joizki tarix o`tilgan yo`l. Bizga shon, dovruq bergan xalqimizning bir aziz parchasi deya ezozlaymiz. Demak, yuqorida keltirilgan shu tarixiy shaxslarimizga ham shu nigoh bilan qarasak to`g`ri bo`ladi desak, mubolag`a bo`lmaydi. Ana shunday tarixiy ildizi qadimda borib taqaladigan yurt farzandi ekanligimizdan doim faxrlanib yashashimiz , ota – bobolarimiz kim ekanligini tarixiy xotiramizga abadiy saqlashimiz kerak.
Dostları ilə paylaş: |