1483-yildan Alisher Navoiy oʻzining buyuk “Xamsa” asarini yozishga kirishdi va uni uch yilda tugalladi. Besh dostonni oʻz ichiga olgan bu ulkan badiiy qomus 50 ming misradan ortiq boʻlib, Navoiyning butun sheʼriy merosining deyarli yarmini tashkil qiladi. “Xamsa” — Alisher Navoiy ijodining qalbidir.
Fors tilidagi birinchi “Xamsa” buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) tomonidan yaratildi. Shoir hech bir oʻrinda oʻzining “Xamsa” yozganini qayd etmaydi. Uning vafotidan 100 yil oʻtib, Hindistonda tugʻilib-oʻsgan forsiyzabon turk oʻgʻloni Xusrav Dehlaviy Nizomiy “Xamsa”siga birinchi boʻlib tatabbu yozadi va “xamsachilik” anʼanasini boshlab beradi. Dehlaviyning “Xamsa”si Nizomiyga ajoyib sharh va undagi mazmunlarning yangicha talqini sifatida oʻzining ham, salafining ham shuhratini olamga yoydi. XIV–XV asrlardagi mintaqa maʼnaviyati “Xamsa” anʼanasi taʼsirida rivojlandi. Shoirlarning salohiyati va iqtidori hech boʻlmaganda “Xamsa”ning bir dostoniga munosib javob yoza olish bilan oʻlchanadigan boʻldi. Bu — jahon maʼnaviyati tarixida betakror hodisadir. Turkiy adabiyotda Qutb va Haydar Xorazmiylar boshlab bergan “xamsachilik” anʼanasi oʻz kamolini Alisher Navoiy ijodida topdi.
Islom aqidalariga koʻra, bir kecha-kunduzda oʻqiladigan besh vaqt namoz “al-Xamsatu” deyiladi, dinimizning besh ustuni (rukni): tavhid (imon), namoz, roʻza, zakot, haj ham oʻziga xos “Xamsa” (beshlik)ni tashkil etadi. Demak, Nizomiy dostonlarining “Xamsa” turkumi sifatida talqin etilishi, unga Amir Xusrav va Navoiy javoblari bejiz emas. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus toʻxtalib, “Xamsa”ning har bir dostoni yozilishini kunning maʼlum vaqtlarida oʻqiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlari bilan qiyos etadi hamda “Xamsa”ni buyuk togʻ choʻqqisiga koʻtarilish mobaynida besh oʻrinda toʻxtab, nafasni rostlash uchun bino etilgan besh oromgohga oʻxshatadi.
“Xamsa”ni yaratishga 1483-yilda kirishgan Navoiy birinchi doston — “Hayrat ul-abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”)ni oʻsha yilning oʻzida yozib bitirdi. 1484-yilda “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor” (“Yetti sayyor”) hamda 1485-yilda “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”) dostonini poyoniga yetkazdi. Shoir oʻz “Xamsa”sidagi dostonlarda oʻsha davr uchun muhim sanalgan muammolarni qoʻydi, mutafakkir sifatida ilgʻor qarashlarni ilgari surdi, oʻzbek (turkiy) tilining qudratini olamga namoyish etdi.
Navoiyning turkiycha “Xamsa” yaratgani XV asrda Xuroson eli uchun favqulodda shodumonlik va saodat sifatida qabul qilindi. Davrning ikki qutbi — maʼnaviyat piri Jomiy va buyuk sulton Husayn Boyqaroning hayrati va yuksak eʼtirofi ushbu haqiqatga dalildir.
Navoiy shu yillar orasida ikkinchi devoni — “Navodir un-nihoya” (“Behad nodirliklar”)ni tuzishga kirishdi. Mutafakkir adib tarixiy haqiqatga ham muayyan izchillikda oʻz munosabatini bildirib oʻtishni lozim topdi va “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymogʻi”) asarini yozib tugatdi.