1-rasm. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining maqsadi6 Pensiya jamg’armasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
tizimli asosda pensiyalar tayinlash va ularni qayta hisoblashning doimiy tahlilini o’tkazish va monitoringini olib borish, fuqarolarning pensiya ta’minotiga yo’naltiriladigan mablag’lardan qat’iy maqsadli foydalanilishini ta’minlash;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini tashkil etish, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to’lovlari va boshqa to’lovlarni tayinlash, pensiyalar va boshqa to’lovlar miqdorlarining qayta hisoblab chiqilishini ta’minlash;
pensiyalar va boshqa to’lovlarni to’liq hajmda moliyalashtirish va to’lanishini tashkil etish, ular bo’yicha hisob va hisobotni yuritish;
mehnatda mayib bo’lganlik yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga to’langan mablag’larni da’volar bo’yicha aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan belgilangan tartibda undirib olishni tashkil etish;
tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatini tashkil etish.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 19 fevraldagi «O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risida Nizomni tasdiqlash haqida»gi 30-son Qaror qabul qilindi. “O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi to’g’risida”gi Nizom tasdiqlandi. Mazkur Nizom O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to’lovlarini va boshqa to’lovlarni tayinlashni, moliyalashtirishni, hisobga olishni va ularning to’lanishi monitoringini olib borishni, ushbu maqsadlarga yo’naltiriladigan maqsadli moliyaviy resurslarni jamlashni, shuningdek tibbiy-mehnat ekspertizasi xizmatlari faoliyatini tashkil etishni amalga oshirish bo’yicha asosiy vazifalari, funktsiyalari va vakolatlarini belgilaydi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 7 sentyabrdagi “2007-2010 yillarda yolg’iz keksalar, pensioner va nogironlarni aniq ijtimoiy muhofaza qilish va ularga ijtimoiy xizmat ko’rsatishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlar Dasturi to’g’risida”gi 459-sonli Karoriga asosan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro’yxatlarga muvofiq fuqarolarning ayrim toifalari imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega bo’ldilar:
yoshidan qat’i nazar pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning 1-sonli ro’yxati (kon sanoatidagi etakchi kasb egalari, bevosita erosti va ochiq kon ishlarida to’liq ish kuni davomida band bo’lgan xodimlar, uchuvchilar va uchuvchisinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlarning xizmat muddati – erkaklarda 20 yil, ayollarda 15 yil bo’lganda);
umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko’rsatkichlarning 2-sonli ro’yxati (erosti ishlarida, mehnat sharoiti o’ta zararli va o’ta og’ir ishlarda to’liq ish kuni davomida band bo’lgan xodimlar, tsirklar va kontsert tashkilotlari artistlarining ayrim toifalari ijodiy ishdagi staji kami 20 yil bo’lgan taqdirda);
umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, vazifalar va ko’rsatkichlarning 3-sonli ro’yxati (urush nogironlari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, qishloq xo’jaligi xodimlarining ayrim toifalari, aviatsiya muhandis texniklari tarkibining xodimlari, shahar yo’lovchilar tashish transporti haydovchilari, besh va undan ortiq farzand tuqqan hamda ularni sakkiz yoshgacha tarbiyalagan ayollar, ekologiya falokati mintaqasida ishlagan fuqarolar, ijtimoiy ta’minot tizimining qariyalar, nogironlar va yolg’iz fuqarolarga xizmat ko’rsatishda bevosita band bo’lgan xodimlar).
Mamlakatda pensiya tizimini isloh qilish, uning huquqiy asoslarini respublikamizdagi demografik sharoitga moslashtirish muhim. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi hamda uning hududiy boshqarmalari va bo’limlarining fuqarolarni pensiya ta’minotini amalga oshirish bilan bog’liq huquq va majburiyatlarini takomillashtirish talab etiladi. Ushbu yo’nalishdagi tadbirlar mamlakatimizda mehnatni rag’batlantirish, ish haqini ko’paytirish va aholi daromadlari o’sishini ta’minlash eng muhim ustuvor yo’nalishlar sifatida belgilangan. Mamlakatimizda fuqarolarga davlat pensiyasini to’lash tartibini takomillashtirish yo’llarini ishlab chiqish dolzarb masala sanaladi.
O’zbekiston Prezidentining 2017 yil 13 martdagi "Pensiya va nafaqalarni to’lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida"gi 2826-son qaroriga muvofiq, endilikda Xalq banki butun respublika bo’yicha pensiya va nafaqalarni to’lash bo’yicha yagona vakolatli bankka aylandi.