Reja: 1.Maxsus maktabgacha yoshdagi bolalarni maxsus muassasalarga saralash
2. Maxsus maktabgacha yoshdagi bolalarning tarbiyalanish yoshiga qarab guruxlash
3. Defektolog mashg‘ulotlariga saralash
Maktabgacha yoshdagi bolalarni maxsus muassasalarga saralashga quyidagilarga e’tibor beriladi: maxsus bog‘chaga qabul qilinadigan bolalar maktabgacha tarbiya yoshidagi aqli zaif bo‘lishi: ijtimoiy va maishiy jihatdan bolalar jamoasiga oson kirishib ketadigan: tengdoshlar jamoasida xavfsiz zarur elementlar, bilimga ega bo‘lishlari, unga qaratilib so‘zlangan nutqni tushunishi va o‘zining nutqi bo‘lishi, shuningdek, somatik jihatdan sog‘lom bo‘lishlari kerak. Ma’lumki, bolaning psixik rivojlanishida asosiy rolni yashash sharoiti o‘ynaydi. Unga bog‘liq bolaning rivojlanishida bolalar jamoasi katta ahamiyatga ega. Jamoada, tengdoshlari bilan munosabat orqali bolaning bilim doirasi kengayadi, uning xarakteri va xulqi shakllanadi. Ammo, bolalar jamoasining ta’siri bola psixik jamoada bo‘lsagina ta’sir qiladi.
Bizga ma’lumki, agar aqli zaif bola normal rivojlanayotgan tengdoshlari jamoasiga tuchib qolsa, unda o‘ziga ishonmaslik paydo bo‘ladi, atrofdagilarga befarq bo‘lib qoladi . Uning xarakteri va xulqida salbiy sifatlar paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, pedagogik tomondan maktabgacha tarbiya yoshidagi aqli zaif bola nuqsoniga befarq qarash bu nuqsonlarning chuqurlashishiga olib keladi. Maxsus bog‘chaga qabul qilinadigan bolalar maktabgacha tarbiya yoshida, ya’ni 2 yoshdan kichik emas – 6 yoshdan katta bo‘lishlari kerak emas. Ma’lumki, aqli zaif bola rivojlanishida normal bola rivojlanishidagi bosqichlarni bosib o‘tadi. Bola o‘sa borishi bilan uning psixik funksiyalarida sifat o‘zgarishlari yuz beradi. Shuning uchun yasli yoshidagi aqli zaif bola – bog‘cha yoshidagi aqli zaif boladan, bog‘cha yoshidagi aqli zaif bola – maktab yoshidagi aqli zaif boladan farq qiladi. Shu sababli qabul qilingan yosh davrlari aqli zaif bolalar uchun ham tegishli hisoblanadi. Aqli zaif bolaning hayoti – go‘daklik, yasli, bog‘cha, maktab davrlariga bo‘linadi. Maxsus bog‘chaga qabul qilinadigan bolalar ijtimoiy-maishiy adaptasiyaga ega bo‘lishlari kerak. Maxsus muassasaga qabul qilingan bola aqli zaif katta bolalar jamoasining a’zosi bo‘lib qoladi. Jamoadagi hayot undan maishiy mustaqillikni, o‘z istak-xohishlarini, harakatlarini boshqalarga moslashtirishni talab qiladi. Albatta, aqli zaif bola uchun bu talablar murakkab hisoblanadi. Chunki aqli zaiflik bola rivojlanishidagi barcha tomonlarga, uning shaxsiga ta’sir qiladi. Bularning hammasi o‘z navbatida maishiy malakalarning shakllanishiga to‘sqinlik qiladi.
Maxsus bog‘chalarga aqli zaif bolalar ko‘pincha oilalardan kelishadi. Oilada bolani doimo «baxtsiz», «kasal» deb hisoblashardi, shuning uchun u ota-onasining alohida g‘amxo‘rlik ob’ekti bo‘lib qoladi. Unga kattalar tomonidan talablar qo‘yilmasligi aqli zaif bolani xudbin qilib qo‘yishi mumkin.
Maxsus bog‘chaga qabul qilinadigan bolalarga qo‘yiladigan talablarni 2 guruhga – maishiy va sosial (ijtimoiy) guruhlarga bo‘lish mumkin. Maishiy talablarga quyidagilar kiradi:
1. Maxsus bog‘chaga qabul qilinadigan aqli zaif bolada motorika saqlangan bo‘lishi lozim, ya’ni jismoniy rivojlanishida nuqsonlar bo‘lishiga qaramay, aqli zaif bola mustaqil ravishda predmetni olishi va ushlashi, u bilan sodda manipulyasiyalar qilishni bilishi, yaxshi yurishi, o‘tirishi, yozishi, turishi, chaynashi, yutishni bilishi kerak.
2. Maxsus bog‘chaga qabul qilinadigan bolalarda maishiy faoliyat shakllangan bo‘lishi lozim. Maxsus bolalar bog‘chalarida guruhni komplektlash Maxsus maktabgacha tarbiya muassasalarida aqli zaif bolalarni guruhlarga komplektlash turli xil yo‘llarda olib boriladi.
Xalq ta’limi vazirligiga qarashli maxsus bolalar bog‘chalariga aqli zaiflikning engil ko‘rinishi bo‘lgan debil darajadagi boolalarni qabul qilish 2 asoslangan holda olib boriladi:
1. Yoshiga qarab;
2. Maxsus bog‘chada olgan bilim va tarbiyasiga asoslangan holda.
Bir yil dastur bo‘yicha o‘qitilgandan so‘ng guruhlar nomlanadi.
1. Birinchi yil o‘qitilayotgan guruh.
2. Ikkinchi yil o‘qitilayotgan guruh.
3. Uchinchi yil o‘qitilayotgan guruh. Har bir gruppaga faqat bir xil yoshdagi bolalar qabul qilinadi. Har bir guruhda 10-12 ta aqli zaif bola bo‘ladi.
Defektolog mashg‘ulot o‘tayotgan guruh guruhchalarga bo‘linadi. 1-guruhcha kuchli. 2-guruhcha kuchsiz hisoblanib, 1 ta guruhchada defektolog mashg‘ulot o‘tayotganda, 2-guruhcha bilan tarbiyachi tarbiyaviy ishlarni olib boradi, so‘ng guruhchalar almashtirilib defektolog 2-guruhcha bilan mashg‘ulotni davom ettiradi. 2 ta guruhchaga bo‘lib o‘qitishning asosiy maqsadi – aqli zaif bolalarni ta’limga muvaffaqiyatli tayyorlashdir. Shunday qilib, qoida bo‘yicha birinchi guruhchada dastur bo‘yicha yaxshi o‘zlashtiradigan bolalar, ikkinchi guruhchada esa bo‘shroq o‘zlashtiruvchi bolalar bo‘ladi. Guruhchalarni tashkil qilishga bir oy vaqt ketadi (sentyabr oyi). Bu vaqtda defektolog har bir bolani mukammal o‘rganadi va qaysi guruhchaga borishini aniqlaydi.