Denov davlat universiteti tarix kafedrasi


Mavzu: Buyuk geografik kashfiyotlar va mustamlakalarning paydo bо‘lishi



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə45/77
tarix10.06.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#116809
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   77
Denov davlat universiteti tarix kafedrasi

Mavzu: Buyuk geografik kashfiyotlar va mustamlakalarning paydo bо‘lishi
Reja:
1.Buyuk geografik kashfiyotlarning sabablari va boshlanishi.
2.Hindistonga dengiz yо‘lining ochilishi.
3.Kolumbning Amerikani kashf qilishi.
4.Dunyo aylana birinchi sayohat.
5.Dunyo aylana ikkinchi sayohat.
6.Yevropaliklarning mustamlakachilik istilolari.
7.XVI asrning ikkinchi yarmi va XVII asrning birinchi yarmidagi geografik kashfiyotlar.
8.Geografik kashfiyotlarning oqibatlari.
Tayanch iboralar:
Kashfiyot; Levant savdo yo’li; monopoliya; infant; admiral; mil’; ‘’Ziravor orollar’’; ‘’Olovli yer’’; ‘’Tinch okean’’; galeon; konkista; mustamlaka; kapitaniy; Tenochtitlan; idal’go; Yangi Grenada; eksluatatsiya; Oltin qirg’oq; indeeslar; vitse-qirol; astrolyabiya; lotsman; Ost-Indiya kompaniyasi; narx-navo inqilobi.
Yevropada savdo XVIII-XV asrlarda ikki yо‘l bilan olib borilardi. Birinchisi, О‘rta Yer havzasidagi Ispaniya, Italiya va janubiy Fransiyani – Vizantiya orqali Sharq mamlakatlari bilan bog‘lab turadigan Levant yо‘li edi. Ikkinchisi Yevropaning shimoli va Boltiq dengizi orqali – Novgorod, Bryugge, London, Lyubek shaharlari yо‘li edi.
Sharqdan keladigan ziravorlar qand, zargarlik, attorlik mollari, sharq matolari, G‘arbiy Yevropadagi kо‘pgina feodallar sinfining iste’moliga kо‘proq kirib bora boshladi. Janubiy Italiya, janubiy Fransiya, janubiy Ispaniyaning shaharlarining savdogarlari Sharq bilan savdo qilish natijasida boyib keta boshladilar.
Biroq XV asrning II-yarmiga kelib, О‘rta Yer dengizi orqali bо‘ladigan Levant savdo yо‘li qattiq inqirozga uchraydi. Chunki Sharqdan keladigan mollar arablar, vizantiyaliklar, italiyaliklar qо‘lidan о‘tib kelganligi tufayli narxi oshib ketgan edi. Yana bir sabab, g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy Yevropa mamlakatlari savdogarlari uzoqroq Sharq bozorlariga borishlari qiyin edi. Yana bir sabab, Yaqin Sharqning turklar tomonidan istilo qilinishi ham Levant savdo yо‘lini qiyinlashtirdi, chunki turklarning talonchiligi, dengiz qaroqchiligi, savdo kemalaridan, karvon va bozorlardan juda kо‘p xilma xil soliqlar olinishi tufayli О‘rta Yer dengizi bilan bо‘ladigan savdo ham xavfli, ham kam foyda keltiradigan bо‘lib qoldi va keyinchalik bu savdo ahyon-ahyonda bо‘lib turardi.
Yevropaliklar tomonidan Osiyoga О‘rta Yer dengizi orqali о‘zlashtirilgan savdo yо‘llari, quruqlikdan о‘tuvchi karvon yо‘llari, shu jumladan, Buyuk ipak yо‘li 1453 yili Konstantinopolni zabt etgan turklar tomonidan yopib qо‘yildi. Natijada Yevropa Sharqdan keladigan tovarlardan ajralib qoldi. Matolar, qand, bо‘yoqlar, murch, gullar va ziravorlar Yevropa bozorlariga deyarli kelmay qо‘ydi. Ayniqsa, murchning yetishmasligi kundalik turmushga qattiq ta’sir qilar edi. Zero, XVI asrda murch oldi-sottida pulning о‘rnini bosishi, kelinlar uchun beriladigan sep sifatida qо‘llanilishi mumkin edi. Bu hol yevropalik savdogarlarni Hindistonga, “Ziravor orollari”ga va yevropaliklarga deyarli ma’lum bо‘lmagan, ammo afsonaviy deb qaralayotgan Yaponiya va Xitoyga yangi yо‘llarni izlashga majbur qildi.
Qanday omillar XV asr oxiridan boshlab buyuk geografik kashfiyotlarning amalga oshirilishiga sabab bо‘lgan edi?
Birinchidan, XV asr oxiri XVI asr boshlariga kelganda Yevropada tovar ishlab chiqarish yuqori sur’atlarda о‘sa boshladi. Bu esa xomashyoga bо‘lgan talabni oshirib yubordi. Yevropaning о‘zida xomashyo kam bо‘lganligi uchun uni faqat boshqa о‘lkalardan olib kelish zaruratga aylandi.
Ikkinchidan, yangi davr hukmron tabaqalarining boylikka, pulga bо‘lgan ehtiyojini yanada orttirib yubordi. Endi ularning ongini о‘zga yurtlarning oltin kumushlarini va boshqa qimmatbaho boyliklarini egallab olish ishtiyoqi chulg‘ab oldi.
Uchinchidan, quruqlikdan va О‘rta Yer dengizidan о‘tadigan savdo yо‘llari, shu jumladan, Buyuk Ipak yо‘li ham xavfli bо‘lib qoldi. Bu yо‘llar ustidan nazorat Yevropa mamlakatlarining asosiy raqibi Usmonli turklar saltanati qо‘liga о‘tib ketdi.
Turklar Kichik Osiyo va Suriya orqali boradigan savdo yо‘llarini bosib oldilar, ular shu qadar katta boj olardilarki, bu mamlakatdan tovar olib о‘tish foydasiz bо‘lib qola boshladi.
Turklar istilosi Yevropadan Osiyoga boriladigan yangi yо‘llar qidirib topishni tezlashtirdi. Hindistonga olib boradigan, hali turklar bosib olmagan birdan bir yо‘l-Misr orqali va Qizil dengiz orqali boradigan yо‘l qolgan edi, xolos.
Ammo bu yо‘lni arablar monopoliya (monopoliya, yunon.mono-va; poleo-sotaman;- iqtisodiyotning bir sohasida tanho hukmronlik) qilib olgan edilar. Levant savdo yо‘lida hukmron bо‘lgan Venetsiyaliklar ham Sharqqa borganda Aleksandryagacha borib, u yerda ularni arab savdogarlari о‘z ziravorlari bilan kutib olardilar.
G‘arbiy Yevropa savdogarlari endi arablarga va turklarga duch kelmasdan Hindistonga borish yо‘lini qidira boshladilar.
Shuningdek Yevropaliklar uchun afsonaviy bо‘lgan Hindistonni qidirib topishni boshqa bir sababi ham bor edi.
Yevropada tovar xо‘jaligining rivojlanishi qimmatbaho metallarni kо‘proq talab qila boshlaydi. Ammo G‘arbiy Yevropada qimmatbaho metallar qazib olish ishlari sust edi.
Yevropa Sharqning qimmatbaho mollari evaziga о‘zining qishloq xо‘jalik va о‘rmon xо‘jalik mahsulotlarini mis, qalay qisman movut berardi. Yevropaning bu mollari Sharqdan sotib olinadigan mollarni qiymatini qoplay olmas edi. Shuning uchun Sharqqa yetmay qolgan summani muayyan miqdorini qimmatbaho metallar bilan tо‘lashga majbur bо‘lardilar, natijada oltin va kumush Yevropaga kirmay, balki undan Sharq mamlakatlariga chiqib ketar edi. Shu tarzda Yevropada “oltin muammosi” kelib chiqdi.
XV asrda Yevropaliklar oltin qidirib topish uchun noma’lum uzoq mamlakatlarga safarga chiqishga tayyorlana boshladilar.
Hindiston Yepropaliklarga eng jozibali mamlakat bо‘lib kо‘rindi. Ular biz Hindistonga yetib olsak bо‘lgani, keyin uning boyliklari bizga daryoday oqib kelaveradi deb о‘ylardilar. Lekin Hindiston va Xitoy bilan bо‘lgan savdoni arablar о‘z qо‘llariga kiritib olib, ular Sharq tovarlarini arzon bahoda olib о‘z narxidan 8-10 baravar ortiq baho bilan italyan savdogarlariga sotardilar.
Hindistonga boradigan yangi dengiz yо‘lini qidirib topish bilan birga Yevropaliklar zо‘r berib oltin qidirish payiga tushdilar. Portugaliyaliklar oltinni Afrika qirg‘oqlaridan, Hindiston va Uzoq Sharqdan qidirar edilar.
Ispaniya va Portugaliyaliklar buyuk geografik kashfiyotlarning yо‘lchi yulduzlari bо‘ldilar. Portugaliya arablar hukmronligidan xalos bо‘lganidan sо‘ng, XIV-XV asrlarda Shimoliy Afrikada arablar bilan urushlarni davom ettirib, dengiz floti tuzdilar. О‘rta Yer dengizidan Shimoliy va Boltiq dengizigacha boradigan muhim savdo yо‘li Portugaliya qirg‘oqlari yaqinidan о‘tardi.
Shu sababli Portugaliya portlariga turli mamlakatlardan kemalar kelib turar edi. Dengiz kemalarida xizmat qilish va baliq ovlash portugallarning asosiy mashg‘uloti edi. Keyinchalik ulardan dovyurak va tajribali dengizchilar yetishib chiqdi.
Portugaliyada dengiz sayohatlariga hukumatning о‘zi homiylik qilardi. Infant (yosh, gо‘dak.- Ispaniya va Portugaliyada 1910 yilgacha barcha shahzoda va malikalarga berilgan unvon) Genrix Dengizchi (1418-1460 yillar) u dengiz sayohatlariga homiylik qildi.
Natijada XV asrning 20-30 yillarida portugaliyaliklar Madeyro, Kanar, va Azar orollarini ochishdi. Afrikaning g‘arbiy qirg‘oqlari bо‘ylab janubga siljigan dengizchilar Boxador burnini chetlab о‘tib, 1434-yili Gvineya qirg‘oqlarigacha, Yashil Burun orollarigacha (1445 yil), 1462 yili Sera-Leonega, 1471-yilda Gvineyaga yetib borib u yerda Oltin Qirg‘oq (hoz. Gana Respublikasi) deb atalgan joyda kuchli harbiy faktoriya qurdilar.
Portugallar bu joylarda mahalliy aholidan rangdor lattalar, shisha marjonlar, kichkina oynachalar kabi mayda-chuyda buyumlarga oltin aralashgan qum va fil suyaklarini almashtirib olardilar. Keyinchalik boshlangan qul savdosining markazi ham xuddi shu yerda bо‘lgan. Xaritalarda saqlanib qolgan Qullar qirg‘og‘i, Oltin qirg‘oq, Fil suyagi qirg‘og‘i kabi rasmiy nomlar bejiz paydo bо‘lmagan. Portugaliyaliklar janub tomonga siljishni davom ettirib, 1486 yilda Bartolomea Dias (1450-1500) ekspeditsiyasi Janubiy Afrika qirg‘oqlarini aylanib Hind okeaniga chiqdi. Afrika qit’asining eng janubiy nuqtasini, portugallar Hindistonga boradigan yо‘lni yaqin orada ochilishini umid qilib Yaxshi Umid burni deb atadilar. Bartolomea Dias Afrikaning g‘arbiy va janubiy qirg‘oqlarini о‘rganib chiqib, Atlantika okeanidan Hind okeanigacha bо‘lgan dengiz yо‘lini aniqlagan.
Portugaliya qiroli Monoel (1495-1521) Hindistonga boradigan dengiz yо‘lini topish uchun Vasko da Gama boshchiligidagi 4 ta “Nau” deb atalgan (о‘zida 120-150 tonna suv sig‘dira oladigan), Vasko da Gama akasi Paulu boshchiligidagi “San-Gabriel”, “San-Rafael” va “Berriu” oziq ovqat tashishga mо‘ljallangan kemalari bilan 1497 yil yozida Lissabondan chiqib, 1498 yil bahorida Hindistonning‘ g‘arbiy qir­g‘oqlariga borib yetdi va Kalikut shahriga kelib tushadi.
1498 yil may oyida arab dengizchisi Ahmad ibn Majid (1421-1500 yillarda yashagan) kо‘magida 10 oylik sayohatdan sо‘ng Kalikut shahriga kelib tushgan Vasko da Gamani hind rojasi qabul qiladi. 1499 yilning avgustida sayyohlar kemalarga oltin va hind ziravorlarini ortib qaytib keladilar. Ikki yil (1497-1499) davom etgan den­giz sayohati vaqtida kemaning 168 a’zosidan 55 kishi tirik qaytib keldi, ekipaj a’zolarining 2/3 qismidan ajraldi, lekin ekspeditsiyani uyushtirishga sarflangan mablag‘dan 60 marta ortiq foyda olindi. Chunki bu paytda 1 kg zira narxi Hindistonda 2,6 gramm kumush bо‘lsa, Antverpenda 38,5 gramm kumush bо‘lgan, yoki 1 kg qalampirmunchoq narxi Hindistonda 3,5 gramm kumush bо‘lsa, Antverpenda 47,0 gramm kumush bо‘lgan.
Vasko da Gamaning kashfiyoti Portugaliyada g‘oyat katta ta’sirga ega bо‘ldi. Bu kashfiyot tufayli Portugaliya qiro­li Monoelga (1495—1521) «Baxtiyor» laqabi berildi va «Hindiston hokimi» degan unvon oldi.
Portugaliyaning atoqli shoirlaridan biri Luis Kamoyens Vasko da Gamaning sayohatiga atab 1572-yilda «Luziana» dostonini yozdi.
1998 yilda Vaska da Gamaning Hindistonga qilgan birinchi sayohatining 500 yilligi Yevropada keng nishonlandi. Shu yili Lissabondagi Teju daryosining quyilish joyida 10 oy ichida Yevropadagi eng uzun 17185 metrli kо‘prik qurilib, sayyoh nomi bilan ataldi. Shuningdek Braziliyaning Rio de-Janeyro shahri futbol klubi va Hindistonning Goa shtatidagi shaharga ham Vasko da Gama nomi berilgan.
Hindistonning g‘arbiy va qisman sharqiy qirg‘oq bо‘ylarini, shuningdek, Malakkani portugaliyalik boshqa admirallar (admiral.arab.dengiz hukmdori,hokimi; harbiy dengiz floti qо‘mondonlariga beriladigan unvon) Fransishku d Almeyda ( u 1505-1508 yillarda Portugaliya qirolining Hindistondagi birinchi nobi bо‘lgan) va Affoneu d Albukerk (1509—1515) batamom bosib oladilar. Goa shahri Portugaliya qiroli noiblarining poytaxti bо‘lib qoldi.
Qizil dengizning Hind okeaniga tutashadigan joyida qurilgan Adan shahri va Fors qо‘ltig‘idagi Ormuza shahrining bosib olinishi Portugaliyaning Hindistondagi hukmronligi uchun g‘oyat katta ahamiyatga ega bо‘ldi.
Bu bilan portugaliyaliklar Hindistondan Qizil dengiz orqali Aleksandriyaga о‘tadigan va Hindistondan Mesopotamiya orqali Suriyaga о‘tadigan eski savdo yо‘llarini tamomila bekitib qо‘ygan edilar. XVI asrning 20- yillarida portugliyaliklar Zond arxipelagining katta qismini bosib oldilar va shu tariqa Portugaliyaning kat­ta bir mustamlakasi vujudga keldi va portugallar ziravorlar savdosini qо‘lga kiritib, Genuya, Aleksandriya, Venetsiya о‘rnini Lissabon egallab, italyanlarning savdo monopoliyasiga zarba berdilar.
Portugaliyaliklar Hindistonga Afrikaning g‘arbiy qirg‘oqlari bо‘ylab siljib borayotgan bir paytda, qо‘shni Ispaniyada xuddi о‘sha Hindistonga borish yо‘lining boshqa bir varianti chiqib qoldi.
Olimlarning Yer shar shaklida bо‘lishi haqidagi taxminlari XV asrda dengiz sayyohlarining qiziqishini oshirdi. Italiya (Florensiya)lik olim, astranom Paolo Toskanelli (1397-1482) bu g‘oyadan kelib chiqib dunyo xaritasini tuzdi.
Unda Osiyo qirg‘oqlari Atlantika okeanining g‘arbiy sohillarida belgilangan edi. Olim Yevropa qirg‘oqlaridan g‘arbga qarab suzib Hindistonga borish mumkin deb hisoblaydi. U yerning ekvator bо‘ylab uzunligini notо‘g‘ri tasavvur qilib, 12 ming km xatolikka yо‘l qо‘yadi. Keyinchalik buni buyuk kashfiyotga olib kelgan buyuk xato deb atashdi.
Ispaniya qiroli Ferdinand va qirolicha Izabellaga о‘zining Toskanelli tasdiqlagan Hindistonga g‘arbiy dengiz yо‘lini ochish loyihasini topshirgan Xristofor Kolumb (1451-1506 yillarda yashagan) u Italiyaning Genuya shahrida tо‘quvchi oilasida tug‘ilgan. Xristofor 15 yoshigacha ma’lumot olgan edi. Keyin oilaviy sharoiti tufayli dengizchilikka yollanib, kemalarda matrosdan to kapitangacha bо‘lgan lavozimlarda xizmat qildi.
U 1492 yilda Ispaniya hukumatiga Hindistonga g‘arb tomondan boradigan sayohat loyihasini taklif qildi. Ispaniya qirolligi rahbarlari Ferdinand va Izabella esa Portugallarga noma’lum bо‘lgan Osiyoga eltuvchi yangi yо‘l topish g‘oyasini qо‘llab quvvatlashdi. Nihoyat 1492 yil 17 aprelda Ispaniyaning qirollik oilasi Kolumb bilan shartnoma tuzdi va ekspeditsiyaga pul ajratdi. Shartnomaga binoan X.Kolumb yangi ochilgan yerlarning vitse-qiroli qilib tayinlashi, admiral unvonini meros qilib olishi, yangi ochilgan yerlardan olinadigan foydaning 1/10 qismini, yangi yerlar bilan qilinadigan savdodan tushadigan daromadning esa 1/8 qismini egallashi lozim edi.
1492 yil 3 avgustda Kolumb о‘zining 90 kishilik va 3 ta kemada “Ninya”, “Pinta”, “Santa-Mariya”da Palosdan Atlantika okeaniga jо‘nab ketdi.
1492 yil 12 oktabrda dengiz safariga chiqilgandan keyin 70 kun о‘tgach Kolumb Karib dengizida Markaziy Amerikaga yaqin bir joyda Bagama orollaridan birini topdi. Kolumb qirg‘oqqa Ispaniya bayrog‘ini tikib, orolni qirol mulki deb e’lon qildi. Ekspeditsiya a’zolari bu yerdan oltin izlab janub tomon yо‘l oldilar va Kuba va Gaiti orollarini kashf qildilar.
Gaiti qirg‘oqlarida о‘zining eng katta kemasidan ayrilgan Kolumb dengizchilarning bir qismini yangi qurilgan Navidad portida qoldirib, о‘zi Ispaniyaga qaytdi. Keyingi yillarda Kolumb g‘arbga yana uch marta sayohat qildi.
Uning birinchi ekspeditsiyalari natijalari Yevropada katta siyosiy shov-shuvlarga sabab bо‘lgan. Kolumbning ikkinchi ekspeditsiyasi 1493-1496 yillarda tashkil etilib, unda 2,5 mingdan ortiq ekipaj bilan 17 ta kema ishtirok etgan.
Admiral unvoni va yangi ochilgan yerlarning vitse qiroli sifatida sayyoh 1493 yilning noyabr oyida Dominika, Gvadelupa va 20 dan ortiq Antil orollarini kashf etib, Puerto-Rikogacha yetib borgan. Kolumb 1494 yilning baxorida oltin topish ilinjida Gaiti orolining ichki qismlarini о‘rgangan va о‘sha yili yozda Kubaning janubiy qirg‘oqlari, Xuventud va Yamayka orollarini kashf etgan. 1496 yilning yozida Kolumb yangi ochilgan orollar tо‘g‘risida juda boy ma’lumotlar bilan yana Ispaniyaga qaytgan.
Kolumbning 1498-1500 yillarda amalga oshirilgan uchinchi ekspeditsiyasi 6 ta kemadan iborat bо‘lib, ulardan uchtasini bevosita sayyohning о‘zi boshqarib brogan. 1498 yilning iyul oyi oxirida ekspeditsiya Trinidad oroli yonidan о‘tib Pariya qо‘ltig‘iga kirib borgan va Oreniko daryosining quyilish joyi hamda Pariya yarimorolini kashf etgan. Janubiy Amerika qirg‘oqlari yaqinidagi yana boshqa orollarni ham kashf etgach, Gaiti oroliga qaytib kelishgan.
1500 yilda esa Kolumb Hindistonga borish yо‘lini topa olmaganlikda ayblanib, hibsga olindi va Ispaniyaga jо‘natildi. Ammo kashf etgan yerlarining oltinga boyligi kabi holatlarni hisobga olgan ispan hukumati keyinchalik uni ozod qilgan.
Hindistonga boradigan dengiz yо‘lini toppish uchun yana ispan hukumatidan ruxsat olgan Kolumb 1502-1504 yillar davomida 4 ta kemada о‘zining tо‘rtinchi ekspeditsiyasini amalga oshirdi. 1502 yilning yozida Martinika oroli va Gonduras qо‘ltiqlarini kashf etdi. Xuddi shu yerda birinchi bо‘lib qadimgi mayya sivilizatsiyasi vakillariga duch kelgan. 1502 yilning avgustidan 1503 yilning may oyiga qadar Markaziy Amerikadagi Karib dengizini 2000 kmdan ortiq masofadagi qirg‘oqlarini tekshirib chiqqan. Karib dengizidagi Manserat orolini ham Kolumb kashf etdi. G‘arbga о‘tish yо‘lini topmagach, sayyoh shimol tomonga suzdi. Ammo 1503 yilning iyun oyida Yamayka orolini yaqinida xalokatga uchragan. Yordam esa faqat bir yildan sо‘nggina yetib kelib, Kolumb 1504 yilning noyabr oyida og‘ir kasal xolida Ispaniyaga qaytgan.
U Karib dengizida kо‘plab orollarni kashf etdi. Lekin unga omad kulib boqmadi, u о‘zi izlagan Hindistonning oltin boyliklarini topa olmadi, Kolumbning yangi «G‘arbiy Hindistoni» haqiqiy «Sharqiy Hindiston»dan kambag‘alroq bо‘lib chiqdi.
Tez orada Kolumb saroyning g‘azabiga yо‘liqdi. U 1506 yilda qashshoqlikda Valyadolid shahrida vafot etadi. Buyuk dengiz sayohatchisining vafot etganligi haqidagi xabar ham 27 yildan keyin matbuotda e’lon qilindi.
Kolumb о‘zi kashf qilgan joylarni Hindiston, u yerlar aholisini (hindular)”indeyeslar” deb atadi. Shu sababdan, Amerikaning kо‘plab tillarida gaplashadigan, turli nomdagi xalqlari va qabilalarini adabiyotlarda “indeyetslar” deb atash rasm bо‘lib ketdi.
Kolumbdan keyin g‘arbda bо‘lgan italyan, florensiyalik Amerigo Vespuchchi (1452—1512) Kolumb kashf qilgan yerlarni “yangi qit’a” ekanligini dо‘sti nemis kartografi Valdzemyullerga yozib qoldirgan, xuddi shu olimning taklifi bilan yangi qit’a Amerika deb atala boshlandi.
1499-yil 20 mayda Amerigo Vespuchchi 4 kemada Kadis shahri yaqinidagi Puerto de-Santa Mariya portidan yangi sayohatga jо‘naydi. Ekspeditsiya 24 kunlik suzishdan keyin Surinam qirg‘oqlariga yetib borib, 3° shimoliy kenglik boylab uni о‘rganib chiqdi. Vespuchchi Markaybo qо‘ltig‘ini о‘rganayotib, suvda yog‘och ustunlar ustiga qurilgan qishloqlarni uchratdi va bu joyni Kichik Venetsiya, ya’ni Venesuela deb atadi.
Shundan sо‘ng sayyoh Pariya burnidan 200 mil (arab. 2,25 dan 3 km.gacha bо‘lgan masofa) g‘arbga suzib, Vest-Indiya orollariga kirib, 1500-yilda Kadisga qaytdi. 1500 yil oxirida Portugaliya qiroli Monoel I ni taklifiga kо‘ra shu davlatga kelib Lissabon qirg‘oqlaridan ekspeditsiya uyushtirib, 1504 yil iyungacha ekspeditsiya davom etdi. U о‘z sayohatlarida ekspeditsiya boshlig‘i bо‘lib emas, balki kо‘proq kosmograf, kartograf va kema boshqaruvchisi bо‘lib xizmat qilgan.
1505 yildan u yana Ispaniyaga qaytib, 1508 yil Hindistonga tashkil etilgan sayohatlarda bosh kema boshqaruvchisi etib tayinlangan. U 1512 yil 22 fevralda 58 yoshida Sevilyada vafot etgan.
XVI asrning boshida Sen-De shahrida bir nechta yosh olimni о‘z ichiga olgan geografik tо‘garak tuzildi. Ulardan biri Martin Valdzemyuller bо‘lib, u 1507 yilda Amerigo Vespuchchining lotincha tarjimadagi ikkita xati bilan birgalikda chop etilgan uncha katta bо‘lmagan «Kosmografiyaga kirish» asarini yozdi. Valdzemyullerning kitobida «Amerika» nomi birinchi bor uchraydi. Qadimda odamlar yashaydigan yerni uch qismga: ayollar nomidan olingan Yevropa, Osiyo va Afrikaga bо‘linganini eslatib, Valdzemyuller shunday yozadi: «Lekin endilikda dunyoning bu qismlari ham keng о‘rganildi va Yerning tо‘rtinchi — Amerigo Vespuchchi qismi ham kashf qilindi. Dunyoning ushbu qismi Amerigo yoki Amerika deb atalishi uchun ta’qiq bо‘lishi mumkin bо‘lgan asoslarni kо‘rmayapman».
Valdzemyuller va XVI asr boshlaridagi boshqa qator geograflari nazarida ham Kolumb va Vespuchchi dunyoning turli burchaklaridan turib, yangi yerlarni ochayotgan edilar. Faqat Kolumb Osiyoni kengroq о‘rganadi, uning zamondoshlari nazarida kashf etilayotgan yangi yerlar Eski Dunyoning sharqiy yarimorollari va orollari — tropik Sharqiy Osiyoning qismlari edi. Bu tadqiqotlardan farqli о‘laroq, Amerigo Vespuchchi qadimgi odamlarga noma’lum bо‘lgan olamning tо‘rtinchi qismi, Af­rika kabi ekvatorning ikki tomonida yoyilgan Yangi Dunyoni, lekin undan Atlantika okeani bilan ajralib turgan materik — qit’ani kashf etdi. Mir Yan Reysning 1508 yildagi Dunyo xaritasida “Amerika” nomi belgilanmagan. О‘sha vaqtda ochilgan materik Muqaddas But Yeri yoki yangi dunyo deb nomlanar edi. Ammo Valdzemyuller kitobi bir necha bor chop etilib, G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida keng ommaga tarqalgach, tez orada yangi qit’aga “Amerika” sо‘zi ommalashdi va xaritalarda “Amerika” paydo bо‘ldi. Qit’aning qadimgi rasmlaridan biri “Amerika” yozuvi bilan 1511 yilda Iogann Shener globusida tasvirlangan.
1515 yili yangi yerlarni Amerika deb atagan birinchi globus Germaniyada paydo bо‘ldi. Keyinchalik bu nom 1520 yilda chop etilgan umumgeografik xaritada, shuningdek, 1522 va 1530 yillarda nashr qilingan xaritalarda ham aks etgan.
XVI asrning ikkinchi yarmidan boshlab bosib chiqarilgan geografik xaritalarda kartograflar “Amerika” nomini Markaziy va Shimoliy Amerikaga nisbatan ham ishlata boshlashgan. Bir sо‘z bilan aytganda Kolumbning izlanishlari izsiz ketmadi. Garchi о‘zi umrining oxirigacha buni bilmagan bо‘lsada, uning nomi tarix zarvaraqlarida baribir Amerikani kashf etgan buyuk shaxs sifatida muhrlanib qoldi. Shuningdek, u Amerikaga qadam bosgan 12 oktabr sanasi bugunga qadar Amerika va Yevropada Kolumbning kuni, Bagamada kashf etilgan kun, Ispaniyada esa Milliy bayram- ispan millati kuni sifatida nishonlanadi.
Xristofor Kolumbning nomi Kolumbiya davlatiga, Amerika Qо‘shma Shtatlari federal okrugi va daryo, Kanadadagi provinsiya, Shri-Lanka poytaxti, shuningdek turli mamlakatlardagi kо‘plab daryo, tog‘ tizmalari, kо‘llar, sharsharalar, shaharlar, parklar va kо‘priklar uning nomi bilan ataldi. Shimoliy va Janubiy Amerikadagi kо‘plab shaharlarda sayyohning haykallari mavjud. Shuningdek, Ispaniyaning Barselona shahridagi markaziy xiyobonlaridan biriga, Germaniyaning Bremer-Xavin shahrida buyuk dengizchi sayyohning haykallari о‘rnatilgan.
Kolumb kashfiyoti Portugaliya bilan Ispaniya о‘rtasida yangi yerlar uchun raqobat chiqishiga sabab bо‘ldi. Nizoni oldini olish uchun har ikkala davlat 1494 yilda Tordessilyas shahrida о‘zaro shartnoma tuzdi. Bu kelishuvga muvofiq, Yashil Burun orollaridan g‘arbga tomon 2053 km narida qutbdan-qutbga qarab chegara chizig‘i tortildi. Bu chiziqning g‘arb tomonidagi yangi ochilgan hamma yerlar ispanlarga, sharq tomondagi yerlar portugallarga qaraydigan bо‘ldi.
Ammo bu chegara chizig‘i butun yer sharini kesib о‘tmaganligi, faqatgina g‘arbiy yarim shardan о‘tganligi tufayli ispanlar bilan portugaliyaliklar Molukka orollarida duch kelib qoldilar va о‘rtada yana nizo chiqdi.
Shundan keyin 1529 yilda Saragosda yangi shartnoma imzolanib, unga muvofiq Sharqiy yarim sharda Molukka orollaridan sharq tomonda 17 0 da yangi chegara chizig‘i tortildi. Mustamlaka dunyosini birinchi marta taqsimlash ana shu tarzda rо‘y bergan edi.
Ispanlar 1519-1522 yillarda G‘arb tomondan Osiyoga borish uchun xatarli dengiz sayohatlaridan biriga chiqdilar. Bunga portugaliyalik tajribali dengizchi Fernando Magellan (1470-1521 yillarda yashagan) boshchilik qildi. U о‘zining 5 ta kemadan iborat “Trinadad”, “San-Antonio”, “Konsepsion”, “Viktoriya”, “Sant-Yago” kabi 105-154 tonna yuk sig‘imli kichik kemalarda ikki yilga yetadigan oziq ovqatlarni g‘amlab 1519 yilning 20 sentabrda 253 kishilik ekipajdan iborat bо‘lgan ekspeditsiya San-Lukar portidan chiqib, о‘sha paytda “Ziravor orollar” deb atalgan Molukka orollarini qidirib topish maqsadida janubi-g‘arb tomonga yо‘l oldi. Magellan sayohati 1519-1522 yillarda bо‘lib о‘tda va u tarixda birinchi marta dunyo aylana sayohat bо‘ldi.
Ekspeditsiya a’zolari juda og‘ir sinovlarni boshdan kechirdilar, 60 kunlik tinimsiz yomg‘irlardan sо‘ng kemalar 1519 yil 13 dekabrda Braziliyaning Rio-de-Janeyro kо‘rfaziga yetib keldi.
Yana bir oylik sayohatdan keyin hozirgi Urugvayning poytaxti Montevideo joylashgan yerda tо‘xtadi. Qishlovga tо‘xtagan ekspeditsiyada birinchi marta isyon kо‘tarildi, bunga sabab, Magellanning oziq ovqat miqdorini kamaytirishi bо‘lgan edi. Magellan ekspeditsiyasi yurishda davom etib, 1520 yil 21 oktabrda janubiy kenglikning 52 gradusida keyinchalik Magellan nomiga qoyilgan qо‘ltiqqa kirdi. 1521 yilning 6 martda ular Tinch okeani shimolidagi Marian arxipelagi orollaridan biriga tushdilar. 10 kundan sо‘ng kemalar yaqinlashgan arxipelag Ispaniya shahzodasi, bо‘lajak qirol Filipp sharafiga Filippin deb ataldi.
Sebu orollari aholisini Ispaniya qirollari vassaliga aylantirish uchun olib borilgan urushda 1521 yil 27 aprelda Magellan Lapu-Lapu qabilasi sardori tomonidan о‘ldirildi. Ekspeditsiyaning qolgan a’zolari d Elkano boshchiligida suzishni davom ettirdilar va Molukko orollariga yetib keldilar. U yerdan ziravorlar va shirinliklarni yuklab oldilar.
Yer shari boylab aylana sayohatga chiqqan Magellan ekspeditsiyasining 5 ta kemasidan faqatgina bittasi “Viktoriya” 1522 yilning 6 sentabrida bor yо‘g‘i 18 nafar ekipaj a’zosi bilan Ispaniyaning Sevilya shahriga qaytib keldi. Ammo endi Yer yumoloq ekanligi va uni aylanib suzib о‘tib, dastlabki portga qaytib kelish mumkin ekanligi amalda isbotlandi. Bundan tashqari, kema kundalik daftaridan ma’lum bо‘ldiki, doimiy g‘arbga qarab suzgan dengizchilar uch yilda 1 kunni “tejab qoldilar”, bu esa Yerning о‘z о‘qi atrofida aylanishini ham isbotladi.
Dunyo aylana birinchi sayohat Yerning shar shaklida ekanligini uzil kesil isbot qilib berdi va juda kо‘p yerlar; Magellan qо‘ltig‘i, Olovli yer, Tinch okeani, Filippin oroli ochildi.
Magellan sayohati Yerning sharsimon ekanligini isbot qilib berdi. Buning natijasida yevropaliklar Ulug‘ yoki Tinch okean tо‘g‘risida aniq aniq ma’lumotlarga ega bо‘ldilar, ammo bungacha ularda allaqanday sirli bir “Janubiy dengiz” haqidagi noaniq tasavvur bor edi xolos.
1577-1580 yillarda ingliz qaroqchisi Frensis Dreyk (1540-1596 yillarda yashagan) boshchiligida dunyo aylana ikkinchi sayohat amalga oshirildi.
Frensis Dreyk 1540 yilda Devonshir grafligining Tavistok yeridagi kambag‘al qishloq ruhoniysi Edmund Dreyk oilasida tug‘ildi. Dreyklar oilasida 12 ta bola bо‘lib Frensis ularning eng kattasi edi.
Dreyk 1567 yilda Yelizaveta I ning roziligi bilan о‘sha davrlarda mashhur bо‘lgan Meksika sohillarini talon taroj qilgan Jon Hokkinsning harbiy dengiz floti qо‘shilmasiga tegishli kemaga kapitanlik qildi. Inglizlarning omadi kelmadi. Qо‘rqinchli bо‘rondan sо‘ng ular San-Xuanda sokinlikda turishganda ispan harbiy dengiz kemalari ularga hujum qiladi. 6 ta kemadan faqat bittasi pistirmani yorib chiqdi va qiyin kechgan suzishlardan keyin о‘z vataniga yetib keldi. Bu Dreykning kemasi edi.
1572 yilda esa mustaqil ravishda ekspeditsiya tashkil qildi va Panama boyiga hujum qildi.
1577 yilning 13 dekabrida “Pelikan”, “Yelizaveta”, “Dengiz oltini”, “Oqqush” nomli harbiy kemalar Plimutdan suzib ketdi. Qirolicha Dreykka ehtirom sifatida shirinliklar, qо‘lda tikilgan dengiz bosh kiyimi va “Seni Hamisha xudo qо‘llasin va asrasin” deb tilla yozuvlari tushirilgan yashil shoyi sharfni sovg‘a sifatida yubordi. Yanvarning 2 yarmida kemalar Marokko port shahridagi Mogadarga yetib keldi. Qaroqchilar qamab qoyilgan kishilarni olib turli xil mollarga ega bо‘lgan karvonga almashtirishdi. La-plata etagida ispan bandargohlarinini talon-taroj qilib 1578 yilning 3 yanvarida flotiliya San-Xuan kо‘rfazida langar tashladi va u yerda Dreyk qо‘zg‘olonchilarni jazoladi.
Bu bandargohda uni qandaydir achchiq qismat kutib turardi. Negaki Dreykka ham birdan boshlangan qо‘zg‘olonni bostirishga, ham buning natijasida kapitan Dautini qatl etishga tо‘g‘ri keldi. О‘shanda fursatdan foydalanib “Pelikan” kemasining nomini “Oltin bug‘u” bilan almashtirdi. Shu yili yaroqsiz holga kelib qolgan 2 ta kemani tashlab Oltin bug‘u, Yelizaveta va Dengiz oltini Magellan bо‘g‘oziga kirdi. Bо‘g‘ozdan chiqqan kemalar kuchli bо‘ronga duch keldi. Dengiz oltini kemasi parokanda bо‘ldi. Yelizaveta kemasi yana qaytib Magellan bо‘g‘oziga uloqtirib tashlandi va undan о‘tib kema Angliyaga qaytdi. Dreyk kapitanlik qilgan Oltin bug‘u kemasi esa uzoqqa janub tomonga irg‘itib tashlangan edi. Shunda sayyoh о‘zi uchun kutilmaganda Olovli yerni, janubiy materikning turtib chiqqan joyi oddiy tepalik emas balki ortida ochiq dengiz yoyilib yotgan arxipelag ekanini tushundi. Olovli yer va Antarktida о‘rtasidagi bо‘g‘oz uning birinchi kashfiyotchisi sharafiga Dreyk nomi bilan ataldi. Pо‘rtana tinchishi bilanoq Dreyk shimolga qarab yо‘l oldi va 5 dekabrda Valparaiso bandargohiga bostirib kirdi. Limanda turgan 37 ming dukat mablag‘iga teng keladigan vino va oltin quymalari bilan yuklangan kemani qо‘lga kiritdi, qaroqchilar Qirg‘oqqa chiqib 25 ming peso mablag‘iga tegishli tilla qum yuklarini olib shaharni talon-taroj qildi. Bundan tashqari kemadan ispanlarni sirli xaritalarini topishdi va Dreyk endi ikkilanmay suzishda davom etdi.
Amerika qirg‘oqlari bо‘ylab suzgan Dreyk Ispaniyaning kо‘plab shahar va qishloqlarini taladi. Panama suvlarida u misli kо‘rilmagan qimmatbaho narsalar yuklangan “Karafuego” kemasini quvib yetdi. Meksikaning Akapulko bandargohida jasur sayyoh ziravorlar va Xitoy shoyisi ortilgan kemani qо‘lga oldi. Sо‘ngra u Tinch okeanini kesib о‘tib Marian orollariga chiqdi. Selibas hududida kemasini ta’mirlagan Dreyk Yaxshi umid burni tomon yо‘l oldi va 1580 yilning 26 sentabrida Magellandan keyin 2 chi bо‘lib yer shari boylab suzish sayohatini amalga oshirdi. U Plimut oroli sohillarida langar tashladi.
Ushbu safar Dreykka eng kо‘p daromad keltirgan safar bо‘ldi. Qirolicha Yelizaveta uning kemasiga tashrif buyurib dengizchiga ritsarlik unvonini topshirdi.
Ispan qiroli Filip II qaroqchi Dreykni jazolashni u keltirilgan zararlarni qoplashini va kechirim sо‘rashini talab qildi.
1585-1586 yillarda Dreyk yana g‘arbiy Hindistondagi ispanlarning mustamlakalariga qarshi yо‘naltirilgan shuningdek avvalgidek yana katta о‘lja bilan qaytgan inglizlarning qurollangan flotiga qо‘mondonlik qilgan. Uning ixtiyorida 2300 ta matrosi va dengizchisi bо‘lgan 21 ta kema mavjud edi.
Frensisning faol harakatlari tufayli “Yengilmas armada” kemasining dengizga chiqishi bir yilga kechiktirildi. 1587 yilning 19 aprelida uncha katta bо‘lmagan 13 ta kema eskadradasiga qо‘mondonlik qilgan Dreyk suzishga tayyorlanayotgan “Armada” kemalari turgan Kadis bandargohiga kirdi. U yerda turgan 60 ta kemadan 30 tasini yо‘q qildi. Qolganlarini esa о‘zi bilan olib ketdi, shular ichida ulkan 1200 tonna suv sig‘imiga ega bо‘lgan galeon (galeon. ispan va portugallarning yelkanli harbiy kemasi bо‘lib, kema hajmi 1550 tonna, 100 tagacha qurol-aslaha va 500 tagacha askari bor kema) ham bor edi.
Dreykning 1589 yilda Lissabonga amalga oshirgan ekspeditsiyasi muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. Shaharni olishga muvaffaq bо‘lolmay 16 ming askardan faqat 6 mingtasi tirik qoldi. Dreykning Amerika qirg‘oqlariga amalga oshirgan oxirgi suzish safari ham omadsiz bо‘ldi. U 1596 yilning 28 yanvarida vafot etdi.
Magellan о‘zining 1chi dunyo sayohatini amalga oshirgandan keyin, ispanlar 1510-yildan boshlab, konkista (zabt etish, bosib olish) siyosatini zо‘rlik, ayyorlik va aldamchilik vositalarini ishga solib Yangi dunyoning eng boy bо‘lgan yerlarini mustamlaka (rivojlangan mamlakatlar tomonidan ekspluatatsiya qilinuvchi mamlakat) bosib oldilar.
Shunday qilib, Yevropaliklar bosib olingan mustamlakalarni о‘z mustamlakalariga aylantirdilar. Mustaqilligini yо‘qotib istilochilar zulmiga ezilgan hududlar mustamlakalar deb atala boshlandi.
Portugallar Hind okeaniga har yili о‘nlab harbiy kemalarni yuborib turgan. Portugallar Hindistonda, Arabistonda, Sharqiy Afrika dengiz sohillarida bir necha port shaharlarni bosib oldilar.
Portugallar arab va hind savdogarlarining mollarini talar, kemalarini dengizga chо‘ktirib yuborar, asir olingan kema a’zolarini esa о‘ldirar yoki qul qilib sotardilar. Ular о‘qotar tо‘plar, qurol-aslahalari hamda kemalarining ustunligidan foydalanib arablarni asta-sekin Hind okeanidan siqib chiqardilar va Hindistonga boradigan dengiz yо‘lini tо‘liq egallab oldilar. Aslida Hindistonga yо‘l olgan Pedru Alvarish Kabral (1467-1520 yillarda yashagan portugaliyalik dengiz sayohatchisi) ekspeditsiyasi 1500 yili tо‘satdan Braziliya qirg‘og‘iga tushib, bu hududni Portugaliya qirolining mulki deb e’lon qildi va Braziliyani kashf etdi.
Mamlakatni muttasil о‘zlashtirish esa 1530 yili boshlandi. Qirg‘oq rayonlari 13 ta kapitaniy (por. XVI-XIX asrlarda Braziliya va Portugaliyaning mustamlakalari- Madeyra, Azor orollari, Kabo-Verdeda ma’muriy-hududiy birlik) ga bо‘linib, feodal yer egaligi joriy etildi.
Bu yerda XVI asrning ikkinchi yarimida qul savdosi keng rivojlandi. Braziliyada 1583 yili 25 ming portugal aholisi qо‘l ostida yuz minglab qul negrlar ishlar edilar. Ular minglab qullarni ekspluatatsiya qilardilar.
Buyuk geografik kashfiyotlar ayni paytda Yevropa davlatlarining mustamlakachilik siyosati uchun ham yо‘l ochdi. Ispaniya bayrog‘i himoyasi ostida yangi ochilgan yerlar Ispaniya qiroli mulki deb e’lon qilindi. Shu tariqa Yevropa davlatlarining mustamlakachilik siyosati boshlandi. Mustamlakachilar XVI asr о‘rtalaridan boshlab endi Afrikada yashovchi aholini qullarga aylantirib, Amerikaga olib kela boshlaganlar. Tekin ishchi kuchiga ega bо‘lgan mustamlakachilar 1510 yildan boshlab konkista (bosib olish) siyosatini yurita boshladilar. Bu jarayon XVII asrning о‘rtalarigacha davom etdi. Konkistadorlar 1510 yili Panamada dastlabki istehkomlarni qura boshladilar. Nunes Balbao 1516 yili Panama yerlarini sharqqa kesib о‘tib Tinch okeani sohiliga chiqdi. Qit’adagi dastlabki shahar Panamaga ham 1519 yili Ispanlar asos soldilar.
1517-1518 yillari Yukatan yarim oroli qirg‘oqlariga hindularni qul qilish uchun kelgan Ernan de Kordloba (1485-1547 yillarda yashagan ispan konkistadori) va Xuan Grixalva (1489-1527 yillarda yashagan ispan konkistadori) otryadlari Kolumbgacha bо‘lgan sivilizatsiyalarning eng qadimgisi- mayyalar shaharlariga duch keldilar. Saroylarda ispanlar taqinchoqlar, haykalchalar, oltin va misdan yasalgan idishlar, janglar tasviri tushirilgan oltin laganlar topishdi.
Umrlarida ot kо‘rmagan mayyalar kо‘ziga ot ustidagi ispan suvoriylari qо‘rqinchli, bahaybat mahluq bо‘lib kо‘rinar edi. Ularni, ayniqsa о‘tochar qurollar dahshatga solardi. XVI asrning dastlabki 50 yilida mayyalar soni 4,5 mlndan 1 mlngacha kamaydi.
XV asr oxirlaridan Shimoliy Amerikada oqtanlilar, ya’ni yevropaliklar (asosan, Ispaniya, Fransiya, Gollandiya va Angliyadan) kelishi bilan mustamlaka davri boshlandi. XVIII asr boshlarida esa qit’aga kо‘plab negrlar keltirish bilan Shimoliy Amerikaning etnik qiyofasi tubdan о‘zgara boshlaydi. XV asrda jami 15-20 mln hindular yashagan bо‘lsa, hozir Shimoliy Amerikada yashovchi tub aholining soni 1,5 milliondan ortiq.
XVI asr birinchi yarimida Kolumbiya, Ekvador, Peru va Boliviya, keyinchalik esa Chili va Argentina hududlari zabt etildi.
Mayya davlatini zabt etish uchun 1519 yili о‘zining 16 ta otliq va 400 kishilik bо‘linmasi bilan Fernando Kortes (1519-1521yillarda yurish qilgan) Meksika qirg‘oqlariga kelib tushib, asteklar poytaxti Tenochtitlan (uni ispanlar Mexiko deb atashardi) ga kelib tushib, hiyla bilan asteklar boshlig‘i Montesumani asir oladi, Montesuma о‘z xazinasidan 19 mln sо‘mlik oltinni ispanlarga berishga majbur bо‘ladi.
Boshqa bir ispan konkistadori idal’gosi (zodagon, dvoryan) Fransisko Pissaro 250 kishidan iborat bо‘linmasi bilan 1532-1535yillarda Peruga yurish qiladi. U ham inklar podshosi Ataxualpani aldash yо‘li bilan asir oladi va Ataxualpa 150 mln sо‘mlik oltin berib qutiladi.
1524 yili hozirgi Kolumbiya hududini zabt etish boshlandi. Konkistador Ximenes Kesada (1509-1579 yillarda yashagan ispan konkistadori) Magdalena daryosining yuqori oqimida chibcha-muiska qabilasining yerlariga duch keldi. Bu qabilalarda yerlarni omoch bilan haydash, kulolchilik va tо‘qimachilik, mis, oltin va kumushga ishlov berish ancha taraqqiy qilgan edi. Ayniqsa chibchalar mohir zargarlar bо‘lib, idishlarga oltin, kumush va qimmatbaho toshlardan bezak berishardi. Ximenes Kesada 1536 yili Santa-Fe de Bogota shahriga asos soldi.
Ispanlar 1536 yilda Chilini, 1538 yilda Yangi Grenadani (keyinchalik Kolumbiya deb atalgan), 1549 yilda Argentinani bosib oldilar.
Ular mahalliy aholini krepostnoyga va bir qismini qullarga aylantirdilar, lekin indeyetslar og‘ir mehnatga bardosh berolmay, qirilib ketdilar.
Shundan keyin ispan mustamlakachilari Amerikaga Afrikadan negr-qullarni olib kelib,konlarda va plantatsiyalarda ishlashga va ekspluatatsiya (boshqalar mehnatini о‘ziniki qilib olishi) ga majbur etdilar.
XVI-XVII asrlarda geografik kashfiyotlar davom ettirildi. XVI asrning II-yarmida ispanlar noma’lum janubiy qit’ani qidirib topish maqsadida Tinch okeani bir necha marta ekspeditsiyalar yubordilar.
1503 yildan 1660 yilgacha Amerikadagi ispan mustamlakalaridan Ispaniyaga 300 tonna oltin va 25 tonna kumush tashib ketildi.
Bosib olingan mustamlakalarni boshqarish uchun 2 ta vitse-qirollik ( vitse-о‘rinbosar, qirol hokimiyati vakili) tashkil etildi.
Birinchisi; Yangi Ispaniya vitse-qirolligi unga Meksika, Markaziy Amerika, Venetsuela va Karib dengizi orollarini о‘z ichiga olgan.

Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   41   42   43   44   45   46   47   48   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin