Dafn etish jarayoni. Qadimgi dunyo tarixidan ma’lumki, odamzod yaratilganidan buyon o’z qarindoshlarini ko’mishda maxsus marosimlar, ma’lum tayyorgarlik udumlariga amal qilib keladi. Masalan, Qadimgi Misrda fir’avnlar jasadi qizil mineral bo’yoq bilan qoplanar, yoniga kundalik ehtiyoj buyumlari, zeb-ziynatlar kabi turli-tuman asbob anjomlar qo’yilar edi. Bu ham o’z navbatida o’z jamoa a’zolarini dafn etayotgan jamoaning oxirat mavjud ekanligi haqida muayyan tasavvurga ega bo’lganligidan dalolat beradi.
Ov qilish. Shu paytga qadar olib borilgan arxeologik izlanishlar davomida yer yuzining turli joylaridagi g’orlarda ibtidoiy odam tomonidan chizilgan rasmlar topilgan. G’orlardagi suratlarning ko’pchiligida ov qilish jarayoni, odam va hayvonlarning tasvirlari, hayvon terisini kiygan odamlar, yarim odam va yarim hayvon qiyofasidagi mavjudotlar tasvirlangan. Demak, ibtidoiy odam o’zi va hayvonlar o’rtasidagi tabiiy va g’ayritabiiy aloqalar mavjudligi haqida tasavvurga ega bo’lgan va ayni paytda marhum ajdodlarining ruhlari sehrli usullar bilan hayvonlar hulqiga ta’sir etish imkoniyatiga ega deb bilgan. Bu tasavvurlar tiriklar bilan marhumlar o’rtasidagi vositachilar: sehrgarlar va shamanlar faoliyatining shakllanishiga turtki bo’lgan bo’ldi. Ibtidoiy odam hayoti haqidagi tasavvurlarga ko’ra, uning hayotida kelib chiqqan diniy tasavvurlar quyidagi ibtidoiy din shakllarida namoyon bo’lgan.