BUDDIZM
Buddizm – dunyodagi eng yirik dinlar ichida qadimiylaridan biri hisoblanib, mil. av. VI-V asrlarda Hindistonda vujudga kelgan. Bu dinga e’tiqod qiluvchilar, asosan, Janubiy, Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari: Shri Lanka, Hindiston, Nepal, Butan, Xitoy, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Mongoliya, Koreya, Vьetnam, Yaponiya, Kombodja, Birma, Tailand, Laosda va qisman Yevropa va Amerika qit’alarida, Rossiya Federatsiyasining Tuva, Buryatiya, Kalmikiya respublikalarida istiqomat qiladilar.
Hozirgi kunda e’tiqod qiluvchilar soni jihatidan buddizm xristianlik, islom va hinduizmdan so’ng to’rtinchi o’rinni egallaydi. Buddistlarning soni taxminan 700 mln. atrofida bo’lib, ulardan 1 mln. ga yaqini rohiblardir.
Buddizm bundan 2500 yildan avvalroq Hindistonda diniy-falsafiy ta’limot sifatida vujudga kelib, unda ko’plab diniy manbalar va diniy yo’nalishlar mavjud.
Buddizm turli milliy va diniy an’analar bilan kelishuvchanligi sababli ko’p millatlar tomonidan keng qabul qilindi. Buddizm hayotning barcha sohalari: diniy, madaniy, siyosiy va iqtisodiy qatlamlariga kirib bordi.
Buddizmni din yoki falsafa, ideologiya yoki madaniyat qoidalari to’plami yoxud hayot tarzi deb baholash mumkin.
Ayni kunda bu dinga e’tiqod qilib kelayotgan Sharq mamlakatlaridagi buddizm ta’limotini o’rganish u yerdagi siyosiy-iqtisodiy, ma’naviy madaniyatni tushunishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bu davlatlarda ushbu dinga e’tiqod qiluvchilar nazarida buddizmning qoida va an’analari markaziy hukumat qonunlaridan ko’ra ustunroqdir, tabiiyki, buning zamirida uning potentsial kuchi yotadi.
Dostları ilə paylaş: |