3. Donishmandlik – bu buddizmning asosiy maqsadi bo’lib, narsalar tabiatini to’g’ri tushunishdan iborat.
Yuqorida ko’rsatilgan uch amaliyot bosqichini o’tagan inson oxir-oqibat oliy saodatga, ya’ni nirvana holatiga erishadi. Nirvana so’zining lug’aviy ma’nosi – «o’chish, so’nish». Unda hayotning har qanday ko’rinishiga intilish yo’qoladi.
Tarqalishi. Ushbu ta’limotningyoyilishida buddist jamoalarning (sangxa) roli katta bo’lgan. Ular yilning ob-havosi yaxshi bo’lgan to’qqiz oyida shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib, aholini bu dinga da’vat qilib yurganlar. Faqatgina musson yomg’irlari tinmay quygan uch oydagina o’z ibodatxonalarida muqim bo’lib meditatsiya bilan shug’ullanganlar.
Mil. av. 273-232 yillarda hukmronlik qilgan imperator Ashoka davrida buddizm keng hududlarga jadal tarqaldi. U buddist monaxlarga (rohiblar), ularning Hindiston bilan chegaradosh davlatlarga qilgan missionerlik harakatlariga xayrixohlik bildirardi. Buddist missionerlari o’z printsiplarida mahkam turib, yumshoqlik va kelishuvchanlik bilan harakat qildilar.
Buddizm jamoalari begona din, madaniyat va urf-odatlar ustun bo’lgan sharoitlarda asrlar mobaynida o’zlarini saqlab qolish, fursat kelganda, ularga o’z ta’sirlarini o’tkazish qobiliyatiga egadirlar. Ularning bu xususiyatlari Hindistonda musulmon hukmdorlari davrida, Shri Lankada portugallar, gollandlar va inglizlar mustamlakasi davrida, Xitoy va Yaponiya konfutsiychilari davrida mazkur hududlarga buddizmning yoyilishida yaqqol namoyon bo’ladi.
Buddizm milodning I asrida Xitoy, IV asrda – Koreya, VI asrda – Yaponiya, VII asrda – Tibet, XIII-XVI asrlarda – Mongoliya, XVII-XVIII asrlarda – Buryatiya va Tuva, XIX-XX asrlarda esa Amerika va Yevropa qit’alariga kirib borgan.
Buddizm boshqa xudolarga sig’inishni taqiqlamaydi. Budda, ularga ibodat qilish insonga vaqtincha tasalli berishi mumkin, biroq ular nirvana holatiga olib bormaydi, deb ta’lim bergan. Shu sababli, buddizm ta’limoti turli joylarda yoyilishi bilan ular ibodat qilib kelgan ilohiyatlari yoki ulug’langan shaxslari timsollari ibodatxonalarni egallagan.
Masalan, Hindistonning buddizmga mansub ilohiyatlari dunyoni yaratuvchi Braxma, chaqmoq va momoqaldiroq xudosi Indra, hunarmandchilar homiysi Xatimanu, Tibetda qahramon Baser timsoli, Mongoliyada Chingizxon kabi milliy qahramonlar buddizm ilohiyatlari timsoliga aylandi. Biroq, bu ilohiyotlar nirvana holatiga olib bormaydi. Faqatgina Budda nirvanaga boshlay oladi va shu yo’sinda insonni azoblardan xalos etadi.
Manbalari. Buddizm ta’limoti bir qator kitoblar shakliga keltirilgan to’plamlarda bayon qilingan. Ulardan eng asosiysi Tripitaka (yoki Tipitaka – «uch savat» ma’nosini anglatadi). U uch qismdan iborat bo’lganligi uchun shunday nom bilan atalgan. Bu manbaning qo’lyozma nusxasi Shri Lankada saqlanib qolgan. U milodning boshlarida kitob shakliga keltirilgan. Ular – Budda targ’ibotining haqiqiy bayoni hisoblangan sutra matnlari – Sutra-pitaka, rohiblik axloqi, xonaqohlar nizomlariga bag’ishlangan vinaya matnlari – Vinaya-pitaka, buddizmning falsafiy va psixologik muammolarini bayon qilib berishga bag’ishlangan abxidxarma matnlari – Abxidxarma-pitakadan iborat. Keyinchalik shakllangan sanskrit, xitoy, tibet, kxmer va yapon tillaridagi buddizmga oid adabiyotlar ancha keng tarqalgan, ammo ularning ilk buddizm tarixi uchun ahamiyati ozroq. Budda hayotiga tegishli rivoyatlarning asosiysi Tripitakada jamlangan.
Dostları ilə paylaş: |