Tashxisi. O‘latning har qanday klinik shakllari epidemiologik va klinik ma’lumotlarga asoslangan holda aniqlanadi. Qon tahlilining o‘zgarishi, ya’ni leykositoz, neytrofilyoz va ECHTning oshganligi xarakterlidir. Tashxis albatta laboratoriya tekshiruvlari bilan tasdiqlanishi lozim. Bunda bubon moddasi (punktat), yaralar, qon, balg‘am, o‘likdan olingan a’zolar parchasi tekshiriladi. Material karantin infeksiyalar uchun belgilangan qoidalarga asosan o‘raladi va laboratoriyaga yetkaziladi. Laboratoriyada bakterioskopiya qilinadi va shu asosda 1 soat ichida dastlabki xulosaga kelinadi. O‘latni aniqlashda unga qarshi muassasalarning ish rejimi haqidagi ko‘rsatmalarga binoan ishlaydigan maxsus laboratoriyalarda o‘tkaziladigan bakteriologik tekshiruv hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Tekshiruv materiallari o‘sish stimulatorlari (qon, natriy sulfit) qo‘shilgan agarga ekiladi. Yakuniy natija 48 soatdan keyin olinadi. Biologik sinama o‘tkazish uchun dengiz cho‘chqalari yoki oq sichqonlarning teri ostiga, terisiga yoki qorin pardasi ichiga infeksiya yuqtiriladi. Ijobiy natijalar bo‘lganda hayvonlar 3—9 kundan keyin o‘ladi. O‘lgan hayvonlarning ichki a’zolarida gemorragiyalar, ko‘plab qon quyilishlar, surtmada esa — ko‘p miqdordagi o‘lat bakteriyalari topiladi. Serologik usullardan PGAR va neytrallanish reaksiyasi qo‘l- lanadi. Davolash. O‘lat bilan kasallanganlar qat’iy izolatsiya qilinishi va albatta statsionarga yotqizilishi shart. O‘latni davolashda antibiotiklar asosiy ahamiyat kasb etadi. Antibiotiklar bilan davolash tashxis tasdiqlanishini kutmasdan boshlanadi. Ancha vaqtlargacha o‘latni davolashda asosiy antibiotik sifatida streptomitsin qo‘llanib kelindi, u katta miqdorlarda (bubonli shaklida — sutkasiga 3 g, o‘pkaga xos shaklida — 5 g) normal tana haroratining 5—7-kunlarigacha tayinlandi. Ammo streptomitsinning katta miqdorlari toksik ta’sirga egaligi uchun (buyrak, eshitish nervi va hokazolarning zararlanishi) bugungi kunda JSSTning ekspertlar Qo‘mitasi tavsiyasiga asosan, o‘latni davolashda tetrasiklin asosiy antibiotik hisoblanadi. U o‘latning bubonli va o‘pkaga xos shaklida ham samaralidir. Tetrasiklin dastlabki 48 soatda katta miqdorlarda (kasallik og‘irligiga qarab sutkasiga 4—6 g dan) tayinlanadi, so‘ngra miqdori sutkasiga 2—3 g gacha kamaytiriladi. Kasallikning og‘ir shakllarida dastlabki 24 soatda tetrasiklin preparatlari venaga yuborilishi mumkin. Levomitsetin sutkasiga 1 kg tana vazniga 50—75 mg tayinlanadi. Etiotrop davo 7—10 kun mobaynida davom etishi zarur. Anti- bakterial davolash bilan bir qatorda, dezintoksikatsiya (patogenetik davo) o‘tkaziladi. Bunda 5% li glukoza, natriy xloridning izotonik hamda Ringer eritmasi, gemodez va reopoliglukin parenteral yo‘l bilan (venaga tomchilab) yuboriladi. Kuchli rivojlangan intok- sikatsiya va gemodinamika kuchli buzilganda glukokortikosteroidlar (prednizolon 100—150 mg gacha sutkada), yurak-tomir preparatlari (korglikon, strofantin, kamfora, kofein, mezaton, adrenalin) tayinlanadi. Katta miqdorda askorbinat kislota, B guruh vitaminlari, vikasol, antigistamin preparatlar buyuriladi. Bubonlar beixtiyor yorilganda nekrotik va yiringli moddalar yaxshi ajralib chiqishi uchun furasilin yoki natriy xloridning gipertonik eritmalariga shimdirilgan salfetkalar yordamida bog‘- lamlar qo‘yiladi. Bemorlar to‘liq klinik sog‘aygandan va uch martalik ijobiy bo‘lmagan bakteriologik tekshiruvlardan so‘ng shifoxonadan chiqa- rilishi mumkin. Shundan keyin 3 oy davomida tibbiy kuzatuvda bo‘ladilar.