Patogenezi va patologik anatomiyasi. Infeksiya darvozasi ko‘pin- cha hazm a’zolari hisoblanadi, laboratoriya sharoitida zararlangan teridan yuqish hollari ham ma’lum. Qo‘zg‘atuvchilar asosan ingichka ichakning pastki qismlaridan kiradi, so‘ngra limfa oqimi bilan regionar (mezenteral) limfatik tugunlarga tushadi. Bu yerda infeksion granulyomali yallig‘lanish o‘zgarishlari rivojlanadi. So‘ngra qo‘zg‘atuvchilar qonga tushib, butun organizm bo‘ylab tarqaladi. Ular jigar, taloq, limfatik tugunlar, nerv sistemasi, miokard va skelet mushaklarida to‘planadi. Bu a’zolarda parazitlar sistalar shaklida to‘planib organizmda uzoq yillar davomida saqlanishi mumkin. Nerv sistemasi va mushaklarda nekroz o‘choqlari hosil bo‘lib, keyinchalik ular kalsifikatsiyalanadi. Parazitlarning hayot faoliyati, antigenlar va allergenlar ajratishi natijasida organizmda allergik holat yuzaga keladi. Bunga javoban hosil bo‘lgan antitelolar turli immun reaksiyalar orqali aniqlanadi. Organizmning himoya kuchlari pasayganda kasallik qayta zo‘rayadi. Homilaga kasallik yuqqanda bola tashlash kuzatiladi yoki homila- dorlikning birinchi oylaridayoq embrion o‘lishi mumkin, ko‘p hollarda esa bola nuqsonlar bilan tug‘iladi. Kasallik homiladorlikning oxirgi oylarida yuqqanda bola toksoplazmoz kasalligi belgilari bilan tug‘iladi. Patomorfologik jihatdan orttirilgan toksoplazmozda limfatik tugunlarda giperplaziya, retikular va plazmatik hujayralardan granulemalar hosil bo‘ladi. Jarayonning tarqalgan shakllarida anemiya belgilari, seroz pardalarga qon quyilishi, yurak bo‘shliqlari kengayishi, jigar va taloqda nekrotik o‘choqlar hamda bosh miyaning qonga to‘lishi kuzatiladi. Tug‘ma toksoplazmozda bosh miya yarim sharlarining rivojlanmay qolganligi ma’lum bo‘ladi. Ko‘pincha meningoensefalit belgilari va ko‘z to‘r pardasining nekrozga uch- rashi aniqlanadi. Klinikasi. Kasallik laboratoriya sharoitida yuqqanda yashirin davr 2 haftaga yaqin davom etadi. Tabiiy kasallik yuqtirishda u birlamchi surunkali kasallik shaklida rivojlanadi. Tug‘ma va orttirilgan toksoplazmoz farq qilinadi. Kasallik kechishiga qarab o‘tkir, surunkali va latent bo‘lishi mumkin.